Markaz xodimlarining ish hajmi yanada oshdi. Lekin maosh-chi?
Prezidentimiz ilgari surgan besh muhim tashabbusning 3-4-yo‘nalishlari bo‘yicha viloyat axborot-resurs markazida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Markaz xodimlarining faoliyati juda mas’uliyattalab bo‘lib, yoshlarni kutubxonaga, kitobxonlikka jalb etish, mutolaa madaniyatini shakllantirish, ularning qiziqishlarini o‘rgangan holda madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish muhim ahamiyatga ega. Tuman axborot-resurs markazlari tarqatib yuborilgandan so‘ng tumanlardagi barcha umumiy o‘rta ta’limi maktablaridan so‘ralgan ma’lumotlarni olish juda ham qiyin bo‘lib qoldi. Markaz xodimlarining ish hajmi yanada oshdi. Lekin maosh masalasi-chi? Aytish kerakki, maqolada keltirilganidek, boshqa tashkilot xodimlarining oylik maoshi bir necha marta oshirilgan. Biroq markaz xodimlarining yillik maoshi oshirilgani yo‘q. Biz o‘zgalarga hasad qilmaymiz, ammo bozordagi narx-navoga e’tibor qaratsak, ko‘plab oilalarning moddiy ahvoli ayon bo‘ladi.
Prezidentimizning 2019-yil 30-sentabrdagi “Xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Respublika bolalar kutubxonasi tomonidan hududiy bolalar kutubxonalarining yangi strukturasi ishlab chiqilib, unga takliflar so‘raldi. Yangi struktura bo‘yicha axborot-resurs markazi strukturasidan tubdan farq qilib, shtatlar soni kamaytirib yuborilgan. Ammo bu bo‘yicha bildirilgan takliflar inobatga olingani sezilmayapti. Bugun yoshlarning 30 foizini kitobxonlikka jalb etish vazifa qilib belgilangan bir vaqtda qamrovni yanada oshirish uchun kutubxonachilar sonini oshirish o‘rniga negadir bolalar kutubxonasi shtatlarida qisqartirish taklif etilmoqda.
Hamid TO‘RAQULOV, Surxondaryo viloyat bolalar kutubxonasi direktori