“Milliy tiklanish”ning milliy mish-mishlari
“Milliy tiklanish” gazetasining 2020-yil 29-yanvar sonida jurnalist Ravshan Mahmudovning “Vazir xabardor emasga o‘xshaydi...” sarlavhali maqolasi e’lon qilingan. Unda ta’lim nashrlari o‘qituvchilar maqolasini go‘yoki moddiy manfaat evaziga chop etayotgani, nashr obunasiga undayotgani iddao qilinib, “Tahririyatlarning talabi esa o‘zgarmayapti: marhamat, gazeta va jurnalga obuna bo‘ling yoki pulini to‘lang...”, “Ayni paytda ko‘plab ustozlarga Xalq ta’limi vazirligining “Ma’rifat” gazetasi yoki ta’limga oid boshqa ilmiy-metodik jurnallar tomonidan shunday talab qo‘yilayotgani aytilmoqda”, “Demak, maqolaning mazmun-mohiyatiga qaramay, ma’lum bir miqdorda pul sarflash yoki obuna bo‘lish kerak”, “Endi esa bitta maqola uchun kattagina miqdordagi so‘mni “qurbon” qilishga to‘g‘ri kelyapti”, “Bir so‘z bilan aytganda, endi o‘qituvchi va OAV o‘rtasida chinakam bozor munosabatlari o‘rnatilayotgan emish”, degan jumlalar keltirilgan. Ammo bu “mish-mish”larning hech biri aniq fakt va dalillar bilan asoslanmagan.
Gazetamiz mushtariylari, mualliflari yaxshi biladi: “Ma’rifat” gazetasida hech qachon hech bir maqola uchun hech qanday to‘lov talab etilmaydi. Jamoada yillar davomida o‘rnatilgan sog‘lom muhit tufayli turli tamagirlik va korrupsiya holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi.Ayrim hududlarda tahririyatimiz nomidan ish ko‘rib, o‘qituvchilarning maqolasini muayyan summa evaziga chiqartirib berishni va’da qilgan “hojatbarorlar” borligi haqida bir necha marotaba eshitdik. Biroq nashrimizning “Telegram” tarmog‘idagi “Ma’rifat” mushtariylari” guruhida ham bunday vositachilarning nayrangiga uchmasliklarini so‘rab guruh a’zolariga maqola chop ettirish bepul ekanini bot-bot takrorlab kelamiz. Aksincha, nashrimizda e’lon qilingan har bir maqola uchun qalam haqi to‘lanishini, gazetamizning “Faslning eng yaxshi ijodkori” tanlovida g‘olib deb topilgan mualliflarga eng kam ish haqining 1 barobaridan 3 barobarigacha miqdorda bir martalik mukofot puli berilishini eslatib turamiz.
“Milliy tiklanish”ning mish-mishlari e’lon qilingan maqola bilan tanishgach, bu haqda fikr bildirgan mushtariylarning mulohazalari bilan tanishing:
Azizabonu BEKMIRZAYEVA, Uchqo‘rg‘on tumanidagi 44-maktab o‘qituvchisi:
— “Ma’rifat”ga maqola yuborgan edim, hech qanday muammosiz nashr etildi. Keyin o‘z xohishim bilan obuna bo‘ldim.
Erkin MIRZAYEV:
— “Milliy tiklanish” gazetasida chop qilgan maqola muallifidan izoh talab qilamiz. Birovlarning toza sha’niga aytilgan haqsiz gaplarini asoslab bersin.
Gulchehra AShUROVA, Termiz shahridagi 13-maktab direktorining o‘rinbosari:
— Odatda hayotda kimdir amalga oshirgan yaxshiliklari evaziga haqqini to‘lashni so‘raydi yoki manfaat kutadi (kamdan-kam hollarda beg‘araz yordam beriladi). Ammo hayotda yaxshiliklar evaziga haq so‘ramaydiganlar ham topiladi. U, ayniqsa, ustozlarni rag‘batlantiradi, obro‘yini oshiradi, izzat-ikrom ko‘rsatadi, o‘qituvchilar taqdiriga befarq bo‘lmaydi, dardiga darmon bo‘ladi, ularning zahmatli, ammo sharafli yo‘lini muntazam tanishtirib, yoritib boradi, kasbiy tajriba orttirishiga, o‘qituvchilarning turli tanlovlar, tadbirlar, musobaqalarda hamisha g‘olib bo‘lishiga hissa qo‘shadi. Bunday rag‘batlar o‘qituvchilarga o‘z kasbiga mas’uliyat bilan yondashib, yanada shijoat bilan ishlashiga beqiyos kuch bag‘ishlaydi. Ulug‘ maqsadlarga undaydi. Ijodkorlik, bunyodkorlikka da’vat etadi. Uning maqsadi foyda olish emas, foyda keltirish. U qilgan yaxshiliklari uchun haq talab qilmaydi! Balki haqqini o‘zi to‘laydi! Bu ezgu amallar karvonining sarboni — bizning “Ma’rifat”dir!
Ravshanjon ABDULLAYEV:
— Mening ham 3 marta maqolam “Ma’rifat”da chiqdi. Biror marta pul so‘ralmadi, obuna bo‘ling ham deyishmagan. Faqat bir talab — maqola dolzarb va qiziqarli mavzularda bo‘lishi so‘ralgan, xolos.
Hafiza ShAMSIYEVA, Shofirkon tumanidagi 1-maktabning tarix fani o‘qituvchisi:
— “Ma’rifat” — o‘z nomi bilan ilmni, ziyoni targ‘ib qiluvchi nashr. Haqiqiy fidoyi ustoz o‘z bilim va malakasi, siyosiy, ijtimoiy dunyoqarashini o‘stirishi uchun, albatta, imkoniyatidan kelib chiqib obuna bo‘lishi kerak. Lekin maqola uchun tama qilinganini hech qaysi gazetada eshitmaganman. O‘qituvchi yuborgan material foydali, dolzarb bo‘lsa, u gazeta muxbirlari nazaridan chetda qolmaydi.
Shahnoza ShARIPOVA:
— Hamkasblarim orasida gazetalarda “Maqola chiqarishning oson yo‘li — pul-ku” degan gaplarni eshitganman. Lekin “Ma’rifat”chilardan aslo bunday gap eshitmadim. Ular faqat “Maqolangiz dolzarb bo‘lsa, chiqaramiz” deb aytishgan.
Shahnoza BERDIQULOVA, Oqqo‘rg‘on tumanidagi 38-maktab o‘qituvchisi:
— Majburiy obuna tugatilgani kimlargadir yaxshi mavzu bo‘ldi. O‘sha maqola muallifi aniq dalil, isbot qilib bera olarmikan?! “Ma’rifat” mushtariylari” guruhi tashkil qilingandan beri maqola chiqarish bepulligi haqida bong uriladi. Bu gap “Ma’rifat”ga obuna bo‘lmagan, zamondan qolib ketgan, o‘z ustida ishlamagan, o‘z haq-huquqini tanimaydigan o‘qituvchidan chiqqan. Bo‘lishi mumkin deya olmayman, aniq shunday!
Lobar YOQUBOVA, Romitan tumanidagi 20-maktab o‘qituvchisi:
— Men ham hamkasblarimga obuna bo‘lishlarini aytganman. Gazetani hech kimga yalinmay o‘z qo‘lingga olish juda maroqli bo‘larkan. O‘tgan yili bir emas, uchta maqolam chiqdi. Ustozlar “Ma’rifat”ga yaqin bo‘lishni tamagirlikka yo‘ymaylik. Menga havas qilib ikki hamkasbim ham obuna bo‘ldi. Zavq bilan gazetani kuzatamiz, sohamizga oid maqolalarni birga muhokama qilamiz.
Ziyoda MAMAJONOVA, Kosonsoy tumanidagi 28-maktab o‘qituvchisi:
— “Ma’rifat” mehrga o‘xshaydi. U tekin va beminnatligi uchun ham ko‘p holda qadriga yetavermaymiz. Agar gazeta pulga ishlaganida men o‘quvchiligimda qanday qilib maqola chiqara olgan ekanman? Yoki o‘tgan yilning so‘nggi oylarida Toshkentga borib, tahririyatga kirganimda kichik maqolam chiqqan gazetani berishdi. Hech qanday obuna bo‘lganim haqida ma’lumotim ham yo‘q edi. Mevali daraxtga tosh otiladi.
Ozoda DUShAMOVA:
— Men maqolamni gazeta xodimlarining telegramdagi shaxsiy sahifasiga jo‘natdim. Lekin hech qanday tamagirlik qilishmadi, obuna bo‘lganmisiz deb ham so‘rashmadi. Men ushbu guruhdaligimdan xursandman. Aziz ustozlar, bizlar 4000 ga yaqin bo‘lib qoldik. Biz birgalikda albatta bunday ig‘volarga qarshi kurashamiz.
Shohsanam QO‘YJONOVA, Xatirchi tumanidagi 5-maktabning informatika fani o‘qituvchisi:
— Masalaning mohiyati va ildiziga yetmasdan, shunchaki yuzaki xulosalar asosida, hech qanday surishtiruvsiz maqola berish aslida o‘sha tahririyatning xatosi. Nahotki shunday nufuzli va o‘qituvchilar uchun eng asosiy manbalardan biri bo‘lgan gazetamiz haqida bunday noma’qul gaplar aytilsa. Axir bunday emasligi, gazeta mutasaddilari bizga doim beminnat, hech bir g‘arazsiz yordam berib kelishi ko‘pchilikka ma’lum.
DILOROMXON:
— “Ma’rifat” gazetasi — ayni davrda matonat bilan faoliyat ko‘rsatayotgan eng ishonchli matbuot namunasi.
Mohidil XUShVAQOVA:
— Men 2015 yili tahririyatga borganimda hatto 2 yil avval chiqqan maqolalarim uchun qalam haqi berishgan. Tahririyatdagilar vijdonan ishlashadi. Halol, pok, insofli, iymonli, samimiy insonlar ularning bari. Biz “Ma’rifat”dagilardan minnatdormiz.
Dilnoza NARZULLAYeVA, Vobkent tumanidagi 21-maktab o‘qituvchisi:
— Ma’rifatli insonlarning qalbini vayron qiladigan noxush xabarni o‘qib, to‘g‘risi, juda xafa bo‘ldim. Men tahririyat xodimlarining qanchalik vijdonli, iymonli ekanlarini bilaturib, bunday tuhmatga uchraganliklariga aslo chiday olmayapman. Gazetaga 5 yildan beri maqola yozaman, 30 dan ortiq maqolam e’lon qilingan. Ayrim qo‘lidan hech vaqo kelmaydiganlar yaxshilarning nomini bulg‘amasin!!!
Dildor NURMUHAMMEDOVA, Termiz tumanidagi 9-maktab o‘qituvchisi:
— Men oddiy o‘qituvchi sifatida ushbu maqolaning tag mazmunini tushunmasman. Ammo bir narsaga hayron bo‘ldim: jiddiy masalani o‘rtaga tashlayotgan gazeta, nahotki, uzunquloq gaplarga asoslanib, “.... ekan, ....emish” kabi to‘qimalarni yoritadi. Bu holat go‘yo “debdi, debdi”ni ko‘rsatyapti. Ular tilga olayotgan masalalarini dalillab aytishini ta’lim nashrlarining mushtariyi sifatida bilishga haqqimiz bor! O‘qituvchilarning qo‘shimcha mehnatini to‘laqonli baholash mezoni (823-qaror) hali joriy etilmay turib, yo‘q qilishga urinish emasmi bu?! Chekka hududlarda ishlab yurgan menga o‘xshagan ustozlarning orzulari ta’lim nashrlari orqali ushalyapti-ku! Bu maqola orqali nashrlarda yoritiladigan bizning ham ishlarimizga panja ortidan qarashmoqchimi? Xo‘p, “dedi-dedi”sining tagida o‘zlaricha talqin qilayotgan “haqiqat”i bordir. Afsuski, o‘z manfaati uchun ko‘zbo‘yamachilik qilayotganlar kasriga har doim vijdonan ishlayotgan fidoyilar qolishi kishining dilini ranjitadi. “Ma’rifat” va ta’lim nashrlari o‘qituvchilar uchun beminnat xizmat qilayotganini ko‘rib, ko‘rmaslikka olish, qadriga yetmaslik — bu nonko‘rlik! Ammo ishonaman, ularning tanqidiy fikrlari asossiz ekanligi tez fursatda namoyon bo‘ladi.
Feruzaxon PARPIYEVA, Farg‘ona tumanidagi 59-maktab o‘qituvchisi:
— Bu maqola bizga shunchalik yomon ta’sir qildiki, tahririyatda ishlovchilar, ayniqsa, bosh muharrirga juda og‘ir botgan bo‘lsa kerak. Husan Karvonlining agar shunday gap bo‘lgan bo‘lsa, xabar berishimizni so‘raganlarining o‘zi ijodkor uchun og‘irligini yurakdan his qilyapman. Guruhda yozilgan barcha raddiyanamo fikrlarni yig‘ib, gazetaning birinchi sahifasida berib, ulardan javob talab qilish kerak!
Nurxon BEKNIYOZOV, Davlat test markazi Navoiy viloyati bo‘limi boshlig‘i:
— Ravshan Mahmudovning mazkur maqolasini o‘qib, tilim ham, aqlim ham lol qoldi. Nahotki nufuzli gazetaga tuhmat qilishdan, pok odamlarga tosh otishdan qo‘rqmasa?! Islomda tuhmat — eng katta gunohdir. Buning jazosi esa muqarrar. Maqola muallifi o‘z gazetasining sharhlovchisi ekan. U o‘zi nimani sharhlashi kerak? Mahalladagi ayrim bekorchilarning biriga o‘n qo‘shib aytayotgan gaplariga yana o‘n qo‘shib uni o‘sha o‘sha mish-mishchilar safiga qo‘shib qo‘ydi. “Qandingni ur” mish-mishchi. Senga jazo muqarrar.
Iroda IShONXONOVA:
— Nega aynan “Ma’rifat” nomi keltirilgan? Masalan, men o‘z maqolalarimni hech qanday to‘lovlarsiz chiqartirdim, o‘z ixtiyorim bilan obuna bo‘ldim.
Muattar JO‘RAXOLOVA, Paxtachi tumanidagi 45-maktab o‘qituvchisi:
— Mening ushbu gazetada 10 dan ortiq maqola va xabarlarim chiqqan. Lekin hech biri uchun hech kimga 1 so‘m ham bermaganman. Gazetada tanish-bilishim yo‘q. Yozganlarimni jo‘natganman, ma’qul bo‘lganlarini chiqarishgan. Gazeta xodimlari ayrim maqolalarimni qayta ishlab berishimni iltimos qilgan. Bundan xursandman. Chunki o‘z xatolarimni bilib, keyingi maqolalarimda shu xatolarga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilaman. Men “Ma’rifat”dan ham, xodimlaridan ham minnatdorman. “Ma’rifat”ning yutuqlari bizning yutug‘imiz, unga otilgan tosh esa bizga ham otilgan hisoblanadi. Biz “Ma’rifat”ni qo‘llab-quvvatlaymiz u esa bizni.
Ravshanbek EGAMBERDIYEV:
— Shaxsning maydalashishi — jamiyatning inqirozi. “Ma’rifat” haqida bunday fikr bildirish — muallifning ma’naviy inqirozi. To‘g‘ri, shunday gazetalar ham bordir, lekin ularning qatoriga “Ma’rifat”ni qo‘shish — katta xato.