O‘zbek tilini o‘rganish shart!
Ta’lim rus tilida olib boriladigan sinflarga o‘zbek tili fanidan dars beraman. Bunday sinflardagi o‘quvchilarning ma’lum qismi rus, qozoq, koreys, qirg‘iz millatiga mansub bo‘lsa-da, aksariyati o‘zbek bolalar. Darslarimning birida o‘zbek millatiga mansub bir o‘quvchim savol berib qoldi:
— Ustoz, o‘zbek tilini o‘rganish shartmi?
Men javob berdim:
— Ha, albatta, o‘rganish shart. Chunki o‘zbek tili davlat tilidir. U bizga ota-bobolarimizdan meros bo‘lib qolgan. Milliyligimiz timsoli, boyligimiz. U bizga har kuni, har daqiqada kerak.
— Unchalik deb o‘ylamayman, ustoz. Chunki biz uyda faqat ruscha gaplashamiz. Mening davolovchi “vrachim” ham o‘zbek, “nu” ruscha gapiradi. Magazinda, kassada, hatto, “trenerim” ham umuman o‘zbekcha gapirmaydi. Men “tolko” o‘zbek tili darsida o‘zbekcha gaplashaman. Menga o‘zbek tili unchalik kerak emas.
O‘quvchining bu gapi meni qattiq ta’sirlantirdi. “O‘zbek tilini o‘rganish shartmi?”. Uning bunday o‘yga borishi bejiz emas. Agar o‘zbeklar Rossiyada yashasa rus tilini o‘rganishga majbur bo‘ladi. Chunki o‘zbek tili bilan Rossiyada hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Ammo O‘zbekistonda o‘zbek tilini bilmay turib yashashning iloji bor. Har qanday hujjatning avval rus tilida, keyin o‘zbek tilidagi bayoni chiqadi. Rus va o‘zbeklar aralash ishlaydigan tashkilotlarda, asosan, rus tilida gaplashiladi. Majlis va yig‘ilishlar ham rus tilida olib boriladi. Sobiq ittifoqning bir necha yillar davomida olib borgan “dohiyona siyosati” tufayli tilimizdagi ruscha atamalar ona tilimizning rivojlanishiga aks ta’sir ko‘rsatdi.
Turkiyaga borgan odam bir oyda turk tilini o‘rganib oladi. Chunki turklar boshqa tilda umuman gaplashmaydi. Ular o‘z ona tilini juda qattiq hurmat qiladilar. Bu bilan boshqa tillarni o‘rganmaslik kerak, degan fikrdan yiroqman. Ko‘p til bilish, boshqa millat kishisi bilan bemalol gaplasha olish juda yaxshi, albatta. Millatidan qat’i nazar, O‘zbekistonda tug‘ilib, shu yurtni Vatani deb biladigan rusiyzabon insonlar bor. Ular bilan til, millat haqidagi masalalarda tortishish shart emas. Biz birinchi o‘rinda o‘z tilimizni o‘zimiz hurmat qilishimiz va, albatta, o‘zga tilda gaplashuvchilar uchun imkoniyat yaratishimiz kerak.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Oliy Majlisiga Murojaatnomasida “Ona tili bo‘yicha bilimini baholashning milliy test tizimini yaratish lozim. Yoshlar istalgan vaqtda imtihon topshirib, tegishli guvohnoma olsa, o‘qishga kirayotgan paytda ona tili bo‘yicha qayta sinovdan o‘tishga hech qanday ehtiyoj qolmaydi” deb aytdilar. Bu esa yoshlarimiz uchun tilimizni chuqurroq o‘rganishga bo‘lgan yana bir imkoniyat va oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun mufaffaqiyat kaliti bo‘lib xizmat qiladi.
Bundan ona tili va adabiyot hamda o‘zbek tili fani o‘qituvchilarining ko‘ngli tog‘dek ko‘tarildi. Tilni o‘rganishda nafaqat grammatika, balki hayotda u tildan foydalanish uchun ko‘nikmalar hosil qilish ham juda muhim.
Shahnoza SHARIPOVA, Yashnobod tumanidagi 152-maktab o‘qituvchisi