Maktabga bir kelmaydigan ota-onalar bor
O‘quvchilarni darsga qiziqtirish, faolligini oshirish maqsadida rag‘batlantirib boramiz. Bu, albatta, yaxshi samara beradi. Ota-ona bilan hamkorlikni kuchaytirish esa o‘quvchining nafaqat yaxshi bilim olishi, balki tarbiyasi, yurish-turishi, axloqini yaxshilashda katta o‘rin tutadi.
Sinfda 30 o‘quvchi bo‘lsa, ularda shuncha xil qobiliyat, fikrlash va xarakter bor. Qaysi fandan bo‘lmasin, bilim darajasini baholashda bolaning mantiqiy tafakkurini hisobga olamiz. Masalan, o‘qish fanini olaylik, sinfdagi barcha bola o‘qiy oladi, lekin kitobda berilgan mavzular yuzasidan har birining fikrlashi, topshiriqlarni bajarishi har xil. Shunga yarasha o‘quvchi baholanadi. Ota-ona esa buni hisobga olmaydi, farzandim kitobni o‘qiy olsa ham, past baho qo‘yadi, deb o‘qituvchidan norozi bo‘ladi. Ayrim ota-onalar maktab rahbariga ham o‘qituvchi to‘g‘risida noo‘rin fikrlar bildirib, chora ko‘rishni talab qiladi. O‘qituvchi o‘quvchini o‘zlashtirish darajasiga ko‘ra baholagani uchun aybdor. Bu holat o‘qituvchi obro‘sini tushirishga ta’sir qilmay qolmaydi.
Endi biz hozirgi ta’lim jarayonidan ota-onani xabardor qilishimiz, hamkorlikni kuchaytirishimiz, ularni maktabga jalb qilishimiz kerak. Bu borada o‘z farzandlaridan foydalanishimiz mumkin.
Agar har hafta o‘quvchining qay darajada faolligini aniqlab, kundalik reyting daftarlariga yozib borsak hamda ota-onalarning javob yozishlarini yo‘lga qo‘ysak, yaxshi natijaga erishamiz. Masalan:
1. “Haftaning eng chiroyli yozgan o‘quvchisi”.
2. “Chiroyli yozuv bo‘yicha I o‘rin sohibi”.
3. “Matematika bilimdoni”.
4. “Eng tartibli o‘quvchi”.
5. “Eng orasta o‘quvchi”.... kabi.
Ota-ona fikrlarni o‘qishi va munosabat bildirishi kerak. Bu orqali eng mas’uliyatli ota-onalarni aniqlab, buning uchun farzandini rag‘batlantiramiz.
O‘quvchilarning o‘zlari ota-onalarini maktabga bog‘lab qo‘yadilar. Ota-onalarning haftada bir marta maktabga kelib, darslarni kuzatishini yo‘lga qo‘yish orqali “Eng mas’uliyatli ota-ona” aniqlanadi. Yig‘ilishda esa g‘olib o‘quvchilar, ota-onalar e’lon qilinib, rag‘batlantiriladi.
Bunday amaliy ishlar orqali o‘quvchilar mas’uliyati ortadi, ota-onalar farzandi uchun vaqt ajratadi. Sababsiz maktabga kelib, o‘qituvchini aybdor qilishlari kamayadi. Muhimi, tarbiyada ota-onalar bilan hamkorlik mustahkamlanadi.
Farida QURBONOVA, Zomin tumanidagi 1-IDUMning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi