Mas'uliyatni yanada chuqurroq his etaylik!
Bugungi kunda jahon afkor ommasini qattiq tashvishga solayotgan koronavirus pandemiyasi bizning ham sabr-bardoshimizni, irodamizni va birligimizni sinovdan o‘tkazayotir. Xalqimiz muhtaram Prezidentimiz atrofida jipslashib, ko‘rsatilgan yo‘l-yo‘riqlarni, talab va takliflarni astoyidil ado etib, bu ko‘zga ko‘rinmas balo-yu azimdan xalos bo‘lishga bel bog‘lagan.
Mana, qariyb bir oydan ziyodroq vaqt mobaynida karantin sharoiti davom etmoqda. Quvonarli tomoni shundaki, shunday sharoitda biror-bir sohada ishlar taqataq to‘xtab qolgani yo‘q. Jumladan, ta'lim sohasida ham. Hozirgacha farzandlarimizning ta'limni uylarida davom ettirishlarini ta'minlash maqsadida yuz nafardan ziyod tajribali, fidoyi pedagoglar ishtirokida uch tilda olib borilayotgan televizion darslar faoliyatimizning izchil va uzluksizligini ta'minlayotir.
Bizning Shayxontohur tumanidagi 180-A sonli umumta'lim tarmoq maktabida qirq nafarga yaqin o‘qituvchi to‘rt yuz ellik nafar o‘quvchiga ta'lim berib kelmoqda. Maktabimiz pedagogik jamoasi karantin davrida masofadan turib ta'lim berishni yo‘lga qo‘yib olgan. Har bir fandan har qaysi sinf o‘quvchilariga o‘qituvchilar masofaviy tarzda dars o‘tish bilan mashg‘ul. Ochig‘ini aytganda, o‘qituvchining sinf xonalarida, o‘quvchilar bilan yuzma-yuz turib dars o‘tishidan ko‘ra masofadan turib dars berishlari ko‘proq mehnat, mahoratni talab etadi, bir qadar ko‘proq vaqt sarflashlarini taqozo qiladi. Biroq shunday murakkabliklarga qaramay pedagoglarimiz o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni talab darajasida ado etmoqdalar.
Shu o‘rinda men bugungi shart-sharoit bilan bog‘liq ayrim mulohazalarimni ham aytib o‘tmoqchiman. Muhtaram Prezidentimiz o‘zining murojatida, yoshlarga, o‘quvchilarga otalarcha g‘amxo‘rlik bilan ularni o‘qish, fanlarni o‘zlashtirishni bir zum ham susaytirmaslikka, g‘ayrat bilan bilim va mahoratlarini izchil oshirib borishga da'vat etdilar. Qiyin bir sharoitda barchamizga ruhiy madad berib, birlikka chorladilar. Vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar esa o‘zining samarasini berayotganini barchamiz ko‘rib-kuzatib turibmiz. Bu sinov o‘zining tashvishlari bilan bir qatorda katta imkoniyatlar eshigini ham ochdi: biz o‘zimizning kimligimizni, nimalarga qodirligimizni, sabr-bardoshimizni yana bir bor anglab, kelajakka teran nigoh bilan qarash imkoniga ega bo‘ldik. Bugun dunyo o‘zgarayapti, tabiat tozarayapti, inson ongida mehr-shafqat, o‘zaro birdamlik tuyg‘ulari mustahkam qaror topayapti.
Muhtaram Prezidentimiz o‘zining murojatlaridan birida davlatimiz Madhiyasi matnidagi “Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon” degan satrga urg‘u berib o‘tdilar. Darhaqiqat, g‘ayrati jo‘sh urgan xalqgina har qanday balo-yu ofatlarni yengib o‘tishga qodir bo‘ladi. Davlatimiz rahbari bizni g‘ayrat ko‘rsatishga, qiyinchiliklarni sabr-bardosh bilan yengib o‘tishda shijoatkor bo‘lishga chorlamoqda. Bu chaqiriqlarga, qolaversa, bugun bizdan talab etilayotgan qoidalarga og‘ishmay amal qilsak, maqsadga erishishimiz tayin. O‘quvchilarimiz bilan masofaviy dars jarayonida biz ularga uyda o‘tirishlari zarurligini va buning sabablarini ham batafsil tushuntiramiz.
Dono xalqimizda: “Sabr tagi sariq oltin”, “Sabr qilgan yetar murodga” degan teran hikmatlar bugungi kunda har birimizning kundalik a'molimizga aylanmog‘i zarur. O‘z tarixida ne bir qiyinchiliklarni boshidan kechirib, shon-sharaf bilan tag‘in taraqqiyotning oydin yo‘llariga chiqqan xalqimiz bu safar ham yorug‘ yuz bilan o‘zining birligi, g‘ayrati, shijoatini namoyon etishiga shak-shubha yo‘q. Kelajagimiz bugungi yosh avlodning bilimi, salohiyatiga ko‘p jihatdan bog‘liq ekanini nazarda tutsak, biz o‘qituvchilar ayni paytda zimmmamizdagi mas'uliyatni yanada chuqurroq his etib, bor imkoniyatlarimizni ishga solishimiz kerak.
Dilorom TO‘XTAYEVA, Shayxontohur tumanidagi 180-A-sonli umumta'lim tarmoq maktab direktori