“Xonimlar” maktabiga ehtiyoj bor
Yurtimizda faqat qizlar ta’lim-tarbiya oladigan, ularga xos ish uslubi yoki madaniy-maishiy sohalar o‘rgatiladigan biror maktab mavjud emas. Ba’zi sportga ixtisoslashtirilgan maktablarda esa faqatgina o‘g‘il bolalar tahsil oladi.
Bu borada xorijiy mamlakatlar tajribasini kuzatdik. “Haqiqiy ta’lim klassikasi” deya ta’riflangan Buyuk Britaniya ta’lim tizimida qizlar va o‘g‘il bolalar alohida o‘qitilganda yuqoriroq natijaga erishilarkan.
Xotin-qizlar ta’lim-tarbiya oladigan dastlabki maktablar esa XIX asrda ochila boshlangan. Bugungi kunda qizlar uchun eng yaxshi maktablar qatoriga AQSh, Shveytsariya, Buyuk Britaniya va Kanadadagi maktablarni kiritish mumkin. Tabiiy savol tug‘iladi: qizlar uchun maxsus maktablar boshqa umumiy maktablardan qanday farq qiladi? Chet davlatlarda ochilgan bunday maktablarning obro‘si oddiy maktablarga qaraganda yuqori. Bunday maktablarda vaqtdan unumli foydalaniladi, o‘quvchilar esa o‘z imkoniyatlarini to‘la ochib bera oladigan aniq fanlar ustida ko‘proq ishlashadi. Ma’lumki, o‘g‘il va qiz bolalarning ma’lumotlarni qabul qilishi turlicha. Qizlar ma’lumotni kunning birinchi yarmida, o‘g‘il bolalar esa ikkinchi yarmida yaxshiroq qabul qiladi. Alohida o‘qitishning yana bir muhim jihati — qizlar o‘zlarining tashqi ko‘rinishi va qarshi jinsga yoqish uchun kuch, vaqt, asablarini sarflamaydi. Aksincha, vaqt va e’tiborini o‘qishga qaratadi.
Qizlar uchun maxsus maktablarda nimalar o‘rgatiladi? Bunday maktablarda o‘rta ta’lim dasturi, chet tili o‘qitiladi va oliy o‘quv yurtiga tayyorgarlik ko‘riladi. Qat’iy tartib va intizom bor. Xususiy maktablarda o‘qiydigan qizlarga ilm-fandan tashqari yurish-turish, ovqatlanish, gapirish odobi o‘rgatiladi. Qisqasi, haqiqiy “xonim” bo‘lib yetishishadi. Bunday maktab o‘quvchilari sport musobaqalarida ham yuqori natijalarga erishibgina qolmay, nufuzli oliy o‘quv yurtlariga kirish ko‘rsatkichi ham yuqori bo‘ladi. Bu maktablar qizlarimizning ilmga, mehnatga intilishlarini to‘liq qamrab oladi. Muhimi, qizlar maktablarining ochilishi qizaloqlarni bolalikdan hayotga tayyorlashga, Uvaysiy-u Bibixonimlar avlodi ekanini anglatishga turtki bo‘lsa ajabmas.
Ra’no QAMAROVA, Navoiy shahridagi 4-IDUMning o‘zbek tili fani o‘qituvchisi