Informatsion epidemiya pandemiyadan kuchliroq
Birgina o‘lim ham fojia. Million nafar insonning o‘limi esa bu statistika hisoblanadi. Har bir bevaqt o‘lim bu insoniyat fojiasidir. Ammo hozir koronavirus profilaktikasi bir chetda qolib, aholi o‘rtasida kasallikning rost yoki yolg‘on salbiy oqibatlari haqidagi vahimalar oldingi o‘ringa chiqmoqda.
Vahima shu darajaga yetdiki, Avstraliya va Yaponiyadagi aholi hojatxona qog‘ozini g‘amlay boshladi, Fransiyaliklar Alber Kamyuning “Vabo” romanini qayta-qayta o‘qishga mukkasidan ketdi, Ukrainaning Nash.live mediaplatformasi koronavirus tufayli ommaviy telbalikning har xil vaziyatlarini jamlab e’lon qilishga ham ulgurdi. Unga ko‘ra, kim va nima uchun 600 o‘ram hojatxona qog‘ozini o‘g‘irlagani, Xitoyda nima uchun epidemiya yuzasidan “afsona”lar tarqatishga nisbatan qonuniy cheklovlar qo‘yilganligi hamda ijtimoiy tarmoqlardagi koronavirus profilaktikasiga doir ommaviy chellenjlar (qo‘lni yuvish, uyda qolish, tibbiyot niqobidan foydalanish, dezinfeksiya va h.k.) shular sirasiga kiradi.
Bunday ommaviy vahimalarning yuzaga kelishida ommaviy axborot vositalari, ayniqsa, internet tarmog‘i yaxshigina “hissa” qo‘shdi. Koronavirus haqida ma’lumotlar tarqalishi bilan yangiliklarda katta-katta gipermarketlardagi bo‘sh javon va vitrinalar, kassa atrofidagi ikki-uch aravachalarda mahsulotlarni to‘ldirib olgan xaridorlarning turnaqator navbat kutib turganliklari haqidagi fotolavhalar ko‘paya boshladi. Bu xabarlar odamlar ongiga singdirilishi natijasida insonlar orasida bir-biridan qo‘rqish, nafrat his-tuyg‘ulari, parokandalik, millatchilik namoyon bo‘la boshladi.
“Vahima” tushunchasi doirasida aynan ommaviy vahimali holat ma’nosi tushuniladi. Ushbu tushuncha ko‘pgina tillarda indentiv holatda tushunilib, cho‘ponlar, yaylovlar va podalar homiysi yunon xudosi Pan nomidan kelib chiqqanligi aytiladi. Tarixiy davrlarda “vahima” deganda uning qahri tushunilgan, ya’ni bunda hech qanday sababsiz o‘zini jarlikka, olovga yoki suvga otayotgan podaning telbanamo harakatlari sodir bo‘ladi. Qo‘qqisdan boshlangan bu telbalik qo‘rqinchli ravishda tezda tarqalib, o‘z domiga barcha hayvonlar to‘dasini tortgan holda ularni halokatiga olib kelgan. O‘z jonini saqlab qolishga harakat qilayotgan olomon sarosimada shunday holatni namoyon etadi. Ko‘pgina vahimali holatlar olomondan tashqari ham bo‘lishi mumkin, masalan, narx-navoning oshishi, qaysidir bir mahsulotning taqchil bo‘lishi, ma’lum bir davlat valyutasi konvertatsiyasining sezilarli tafovutlari va h.k. Ba’zan bunday holatlar oldinda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlardan qutulishga qaratilgan vasvasali xatti-harakatlarga xos ommaviy qo‘zg‘alish sifatida kuzatiladigan vahimali shov-shuv bilan ham ifodalanadi.
Vahimani yuzaga keltirish shart-sharoitlariga quyidagilar kiradi:
Vaziyatga xos shart-sharoitlar. Ommaviy vahimali kayfiyatlar va xatti-harakatlar yuzaga kelishi ehtimoli kundalik turmushdagi vaziyatlar keskinlashgan davrda kuchayadi. Insonlar qandaydir voqea-hodisani ayni kutib turgan paytlari har qanday qo‘rqinchli xabarga nisbatan ta’sirchan bo‘lib qoladilar.
Fiziologik shart-sharoitlar. Bu borada charchash, ochlik, alkogol yoki giyohvandlik ta’sirida shirakayflik, surunkali to‘yib uxlmaslik va hokazolar insonni nafaqat jismoniy zaiflashtiradi, balki ruhiy jihatdan sodir bo‘layotgan holatni tez va to‘g‘ri baholay olishini pasaytiradi. Bundan kasallikni yuqtirib olishga nisbatan emotsional ta’sirchan bo‘lib qoladi, buning hisobiga yuqumlilik ta’sirining boshlanishi kamayib, ommaviy vahimaning yuzaga kelish ehtimoli kuchayib boradi.
Psixologik shart-sharoitlar. Bunga qo‘rquvga soladigan voqealarning to‘satdan sodir bo‘lishi, kuchli ruhiy qo‘zg‘alish, haddan tashqari ajablanish, cho‘chish kabi holatlar misol bo‘la oladi.
Mafkuraviy va siyosiy-psixologik shart-sharoitlar. Insonlar o‘zlarining umumiy maqsadlarini aniq tushunmasligi, samarali boshqaruvning mavjud emasligi, buning oqibatida guruhlarning yetarli darajada jipslashmaganligi misol bo‘ladi. Amerikalik tadqiqotchilarning izlanishlariga ko‘ra, umumiy maqsadlarni anglamaydigan, sust jipslashgan va uyushgan guruhlarda minimal xavf-xatar (masalan, oz miqdordagi pullar yo‘qolishi yoki ob-havoning o‘zgarishi kabi xavf-xatarlar) yuzaga kelganda ham vahima qo‘zg‘alaveradi.
Xitoy va Koreya hukumati koronavirus pandemiyasini sekinlashtirish va to‘xtatish mumkinligini isbotladi. Ular favqulodda qat’iy choralar qabul qildilar. Xitoyda avtoritar rejim ostida bir tomonlama tartibni o‘rnatish va bir necha haftaga u yoki bu shaxs faoliyatini ommaviy ravishda taqiqlash joriy qilindi. AQSh va Yevropa hukumatlariga esa bunday tartiblarni joriy qilish qiyinchilik tug‘dirdi, garchi maktablarning yopilishi, tadbirlar to‘xtatilishi, harakatlanishda cheklovlar va masofa saqlashning boshqa ijtimoiy choralari amalga oshirilgan bo‘lsa-da. Italiya esa kasallik avjiga chiqqanida karantin e’lon qildi.
Soxta yangiliklar, fitnalar, manipulyatsiya (maqsadlarni oshkor etmay, yashirin boshqarish) va emotsional keskinlashish bu pandemiya, har qanday inqiroz paytidagi qandaydir g‘ayrioddiy holat emas, balki odatiy me’yor hisoblanadi va bunga doimo tayyor bo‘lish lozim. Bunday yaqqol faktni tan olishning o‘zi — axborot gigiyenasiga rioya qilishning birinchi qadami hisoblanadi.
Ikkinchi qadam — bunda aniq feyk, fitnalar yoki manipulyatsion xabarlar qayerdan kelyapti, nima uchun internet foydalanuvchilari bularga ishonmoqda, shuningdek, nima uchun ularni ko‘paytirishmoqda kabi masalalarni aniqlashtirish kerak. Gap shundaki, axborotlarning ortib ketishi, noaniqlik tufayli ruhiy zarbalar va emotsional keskinlik sharoitida inson o‘zini yo‘qotib qo‘yadi hamda murakkab savollarga oddiy javoblar topishga harakat qiladi. Xuddi ana shundan konspirolog, targ‘ibotchilar va manipulyatorlar taklif etayotgan fitnalar, qandaydir mavhumliklar va emotsional singdirishlarga talab yuzaga keladi.
Uchinchi qadam — bu yerda ko‘p darajada yolg‘on xabar va axborotlar oldida kim eng zaif hisoblanishini o‘zi uchun ajratib olish kerak. Koronavirus atrofidagi axborot tarqalishi bilan bog‘liq vaziyatlarda tahdid guruhiga oliy tibbiy ma’lumotga ega va kasbi bo‘yicha virusolog, epidemiolog yoki infeksionist bo‘lmagan, shuningdek, murakkabroq holatlarni soddalashtira va “tunnelli fikrlash”ni tanlay olmaydiganlar ko‘proq kiradi. Gumanitar va texnik sohalardagi oliy ma’lumot shunchaki panatseya (har qanday falokatdan qutqaradigan vosita) emas. Feyklar qurboni axborot epidemiyasi davrida deyarli har kim bo‘lishi mumkin.
Ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda, hatto OAVlarda koronavirus profilaktikasi va davosi haqidagi ma’lumotlar faol ravishda tarqala boshladi. Kimdir tomoqni namakob suvga chayqashni taklif qildi. Kimdir taom yeganda kasallikni yuqtirib olmaslik uchun ko‘pincha zanjabil, limon yoki sarimsoqpiyoz iste’mol qilishga chaqirdi, biroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ekspertlari buni rad etishdi. Yana kimdir alkogol mahsulotlarini qabul qilish orqali davolanishni taklif etdi, bu ham kompetentli mutaxassislar tomonidan shubhaga olindi. Birov tamaki mahsulotlarini chekishga e’tibor qaratdi, go‘yoki virus chekuvchilardan ko‘ra, chekmaydiganlarga ko‘proq yuqishi ta’kidlandi. AQSh prezidenti Donald Tramp ham bu tavsiya beruvchilar orasida alohida ajralib turdi. U ham koronavirusni davolashda bezgak kasalligiga kor qiladigan dori vositalari — xlorxin va gidroxloroxin (olimlarning ta’kidlashicha, bu sog‘liq uchun juda xavfli moddalar hisoblanadi) bilan davolashni taklif etdi.
E’tiborli tomoni shundaki, ushbu afsonalarga hamma birdek ishondi. Bu xabarlarni faqatgina mutaassib skeptiklar yoki yuqori malakali kadrlar jiddiy qabul qilmadi.
To‘rtinchi qadam — eng muhimi. Personal darajada feyk, targ‘ibot va fitnalarning ta’sir doirasini bartaraf qilish bo‘yicha taktika va strategiyani ishlab chiqishdan iborat hisoblanadi. Boshqacha aytganda, soxta, yolg‘on va yashirin ta’limotlarga qarshi “immunitet”ni mustahkamlash lozim bo‘ladi. Buni tanqidiy fikrlashni rivojlantiruvchi bir nechta murakkab bo‘lmagan usullar yordamida amalga oshirish mumkin.
Axborot ongli ravishda kishilar auditoriyasida qandaydir hissiyot — g‘azab, achinish, ko‘ngil qolishi, qo‘rquv yoki vahima uyg‘otishga qaratilsa, unda bu shubhasiz manipulyatsiya hisoblanadi. Agarda axborot muallifi e’tirozga o‘rin qoldirmay, nasihatga oid so‘zlay boshladimi, demak u o‘z pozitsiyasini sizga singdirishga harakat qilayotganidan dalolat beradi. Agarda nashr muhim xabar haqida indamay tursa, masalan, fikr bildiruvchi pozitsiyasi yoritilmasa va bu xabar unchalik yorqin tarzda bayon etilmasa, demak bu targ‘ibot hisoblanadi.
Axborot gigiyenasi jismoniy gigiyena kabi muhim hisoblanadi. Chunki inson ongiga singdirilgan afsona koronavirusdan ko‘ra insoniyatni osonroq sarosimaga solishi mumkin. Bunday vaziyatda asosiysi — xulosa qilishga shoshilmaslik kerak, ya’ni yangi tafsilotlar, u yoki bu vaziyat bo‘yicha barcha holatlar, ikir-chikirlar ma’lum bo‘lmaguncha vaqtidan avval xulosa chiqarmaslik kerak. Shunda feyklar va fitnalar ertami, kechmi o‘z ta’sirini yo‘qotadi.
O‘zbekistonda ham koronavirus qayd etilgani xususidagi xabar e’lon qilinganiga ko‘p vaqt o‘tmay, ayrim yurtdoshlarimiz orasida vahima kuchayib bordi. Shu o‘rinda yana bir bora sarosimaga tushib, vahima qilishga asos yo‘qligini ta’kidlamoqchimiz. Sababi, mamlakatimizda bu borada barcha zaruriy choralar ko‘rilgan, dori vositalarining zaxirasi yetarli. Sanitariya-karantin punktlariga qo‘shimcha vrachlar, teplovizor va kontaktsiz termometrlar, shaxsiy himoya vositalari ajratilib, faoliyati samaradorligi kuchaytirilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, xulosa tarzida shuni qayd qilish mumkinki, vahima inson organizmida stress holatini kuchaytirib, immun tizimini ishdan chiqaradi. Vaholanki, immuniteti past kishilar virusni yuqtirib olishi ehtimoli katta. Shu bois vahima va sarosimaga berilmasdan sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilishning o‘zi kifoya.
Shahnoza AKRAMOVA, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti “Psixologiya va pedagogika” kafedrasi boshlig‘i, pedagogika fanlari doktori, dotsent