Xalq ta’limini saqlab qoling!
Davlat paydo bo‘libdiki, turli kuchlarga tayanib xalqni boshqargan va yashagan. Davlatchilik tarixining qadimgi o‘choqlaridan biri Mesopotamiyada davlatga tayanch vazifasini ruhoniylar va harbiylar o‘tagan va bu uzoq davrlar davom etgan. XIX asr oxiri va XX asr boshlariga kelib vaziyat o‘zgara boshladi.
1917-yili Rossiyada bolsheviklar inqilob bilan hokimiyatni egallagach, yana bir sohada inqilob qilishdi. Bu ta’lim sohasi edi. Butun ittifoq bo‘ylab 8 yillik, 10 yillik va keyinchalik 11 yillik ta’lim joriy etildi. Bu davrda ta’limga e’tibor shu darajaga yetdiki, 1923-yilga kelib TASSR maktablariga oltin hisobida 1 million so‘m, 1924-yili esa 2 million so‘m pul ajratildi. Naqadar olijanoblik deging keladi.
Buni qarangki, yangi sovet maktablari bu davrda muallimlarga muhtoj bo‘lsa-da, eski maktablar va jadid maktablari muallimlaridan foydalanilmadi, aksincha, ularga “dushman” sifatida qaraldi. Natijada ular sovet ma’murlari tomonidan birin-ketin berkitildi va 20-yillar oxiriga kelib bu maktablar o‘z faoliyatini butunlay to‘xtatishga majbur bo‘ldi.
O‘z davrining fidoiy pedagoglariga hurmatni saqlagan holda shunday xulosaga kelish mumkinki, sovet davlati uchun bu bosqichda ta’lim sifatini oshirish, xalqqa ma’rifat ulashishdan ko‘ra, partiyaning sodiq jangchilarini tayyorlash muhimroq bo‘lgan. Bolsheviklar tarbiyaning dastlabki va ta’sirchan o‘chog‘i bo‘lgan xalq ta’limini birinchi kundanoq mafkura izmiga solish uchun butun imkoniyatlarini ishga solishgan. Sovet o‘qituvchisining aholi orasidagi ta’siri, qadimgi dunyo va o‘rta asrlardagi ruhoniylardan kam bo‘lmagan va ular o‘z davlati uchun qizil armiyadan ko‘ra samaraliroq faoliyat ko‘rsatishgan.
Nega sobiq ittifoqda ta’lim aynan 11 yillik qilib belgilandi? Nega 13 yoki kamroq, masalan 8 yillik, 7 yillik yoki 5 yillik emas? Pedagoglar avlodi sifatida va o‘zimning ozgina tajribamdan kelib chiqib shuni ayta olamanki, 11 yil davomida olinadigan bilimni o‘quvchiga 8 yoki 7 yil davomida ham singdirsa bo‘ladi. Menimcha, buning eng asosiy sabablaridan biri bu, ayni shu davrda, ya’ni 18 yoshga to‘lganida bola shaxs sifatida shakllanadi, o‘z dunyoqarashiga ega bo‘la boradi va shu 11 yil davomida shakllantirilgan dunyoqarashni ko‘pincha 110 yilda ham o‘zgartirib bo‘lmaydi. Maktab davrida bola voyaga yetguniga qadar jamiyatdan norozi bo‘lgan turli ijtimoiy unsurlarning salbiy ta’siridan himoyalangan bo‘ladi va sadoqatli fuqaro sifatida tarbiyalana boradi.
2017-yilga qadar davlatning asosiy tayanchi bo‘lishi mumkin bo‘lgan o‘qituvchilarning qadrsizlanishiga guvoh bo‘ldik. Xalq xo‘jaligining turli sohalarida, u paxta terimi yoki hashar bo‘lsin, o‘qituvchidan mardikor sifatida keng foydalanildi. Qisqa qilib aytganda, o‘qituvchi aslida yuksak bo‘lishi lozim, shart bo‘lgan ijtimoiy mavqeyini qo‘ldan boy berdi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali, hatto televideniye orqali mahmadona o‘quvchilar o‘z ustozlarining yuziga loy chaplashga urinishdi.
Keyingi yillarda Prezidentizning talab va takliflari hamda ko‘rsatmalari asosida jamiyatda o‘qituvchiga bo‘lgan e’tibor kuchaydi va bu jarayon davom etmoqda.
Shu yurtning vatanparvar bir fuqarosi hamda oddiy bir o‘qituvchi sifatida, o‘qituvchining mavqeyini oshirish, o‘qituvchi kasbini jamiyatda eng nufuzli kasblardan biriga aylantirish va oxir oqibatda ta’lim sifatini oshirish uchun nafaqat xalq ta’limida, balki oliy ta’limda ham tub islohotlarni amalga oshirish zarur deb hisoblayman va quyida o‘zimning taklif va mulohazalarimni keltirmoqchiman.
Har bir inson borki farzandining yaxshi yashashi, hayotda o‘z yo‘lini topib ketishini xohlaydi. Yaxshi umrguzaronlik qilishning muhim shartlaridan biri bu yaxshi ta’lim olish, savod chiqarish deb hisoblagan ota-bobolarimiz farzandini maktabga olib kelar ekan, o‘qituvchisiga “eti sizga, suyagi bizga” deyishgan, ehtimolki “Ustoz otangdan ulug‘” deyilgan maqol ham ayni shu davrda paydo bo‘lgandir. Bugungi kunga kelib esa ota-onalar tomonidan o‘qituvchiga nisbatan eng ko‘p ishlatiladigan gap “bolamga qo‘lingni tekkizishga haqqing yo‘q” bo‘lsa kerak.
Bugungi kunning ko‘pchilik mehribon ota-onalari farzandi kelgusida farovon yashashining yagona sharti sifatida oliy ma’lumot olishini tushunadi va bor imkoniyatini shunga safarbar qiladi, repetitorlik kurslariga beradi, kerak bo‘lsa bu yo‘lda turli g‘irromliklardan foydalanishdan ham tap tortmaydi. Hamma imkoniyat kirish testlaridan muvaffaqiyatli o‘tib talaba bo‘lishga yo‘naltirilgan, hatto talabalar orasida hazil tariqasida “testdan o‘tdingmi bo‘ldi, institut sendan bitta diplom qarzdor, har qachon bo‘lsa ham olasan” degan gaplar yuradi.
Oliy ta’lim olishni xohlovchi o‘quvchi kirish testi olinadigan 3 ta fanga tayyorlanadi, shu fanlarni chuqur o‘qib o‘zlashtirishga bor kuch-g‘ayratini sarflaydi va tabiiy ravishda qolgan fanlarni o‘zlashtirishga unda imkoniyat bo‘lmaydi. Ko‘rib turibsizki, qolgan fanlar uning uchun “keraksiz”, vaqtni bekorga sarflaydigan mashg‘ulotga, xuddi shuningdek, “keraksiz” fan o‘qituvchilari ham ikkinchi darajali shaxslarga aylanadi. Oliy ta’lim muassasalariga qabul bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlar qayd etilgan hududlarning ko‘pchiligida bitiruvchi sinf o‘quvchilarini darsda “ushlab turish” muammosi borligi ham bugungi kunda sir bo‘lmasa kerak. O‘quvchi oliy maqsadi “institutga kirish” uchun repetitorlik kurslariga borish shart deb hisoblaydi, agarda “keraksiz” fan o‘qituvchisi darsni talab qiladigan bo‘lsa, o‘quvchi va o‘qituvchilar o‘rtasida nizo kelib chiqadi, chunki u o‘quvchi ongida “oliy maqsad”ga erishish yo‘lida to‘sqinlik qilayotgan kimsaga aylanadi va tabiiy ravishda obro‘sizlanadi. Oqibatda esa bir tomonlama rivojlangan “majruh” o‘quvchilar yetishib chiqadi.
Bir necha yillardan buyon Buxoro viloyatining Shofirkon tumani maktab bitiruvchilarining oliy ta’limga qabul qilinishi bo‘yicha Respublikamizda birinchi o‘rinni egallab kelmoqda. Bu ehtimol hududda istiqomat qiladigan aholining intellektual salohiyati yuqori ekanligidan dalolatdir. Lekin tanganing yana bir tomoni borki, tuman bitiruvchilarining aksariyatining bilimi o‘zlari tanlagan yo‘nalishlardan boshqalari bo‘yicha qoniqarli darajada deb bo‘lmaydi. Masalan, aniq fanlarga yo‘nalgan o‘quvchilarning ijtimoiy yo‘nalish va filologiya yo‘nalishi, aynan rus tilidan, ijtimoiy yo‘nalishga e’tibor qaratgan o‘quvchilar aniq va tabiiy fanlardan bilim darajalari past, hatto ayanchli darajada.
11 yil maktabda ta’lim olib, yakuniy davlat imtihonlarini topshirgan va “Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi attestat”ni qo‘lga kiritgan o‘quvchining 11 yillik umrini sarflab olgan baholarining, ya’ni attestatniing hech kimga qizig‘i yo‘q. Tabiiy ravishda savol tug‘iladi: nega qanchadan, qancha vaqt va asab sarflab bitiruv imtihonlari olindi? Baribir OO‘Yga kirish imtihonlari payti bu baholar inobatga olinmaydi-ku! Yoki nega davlatning millionlab pulini sarflab o‘quvchilarga attestatlar berildi, baribir undagi baholarning hech kimga qizig‘i yo‘q-ku, buning o‘rnida shunchaki maktabni tugatdi deb maktabdan ma’lumotnoma berib qo‘ya qolsa bo‘lmaydimi? Xalq ta’limi va oliy ta’lim o‘rtasida bog‘liqlik, uzviylik yo‘q.
Masalaning yana bir ayanchli tomoni shundaki, bu holat 25 yil davomida sekin-asta qadrini yo‘qota borgan o‘qituvchilar va umuman xalq ta’limining yanada obro‘sizlanishiga olib keldi. Oxir-oqibat insoniyatning eng muhim yutuqlaridan biri bo‘lgan bepul ta’limning “o‘lishiga” sabab bo‘ladi. Chunki o‘ziga to‘q ota-ona farzandining maktabda o‘tiladigan 23 ta fanga vaqtini sarflamay, maxsus o‘qituvchilarni yollab sanoqli fanlarni o‘qitishni xohlaydi. Iqtisodiy jihatdan imkoniyati cheklangan va jamiyatdan norozi bo‘lgan oila farzandlari esa repetitorlik kurslariga borib, darslarda ishtirok eta olmayotgan sinfdoshiga taqlid qilib maktabga kelmay qo‘yadi. Xo‘sh, bundan davlat qanday zarar ko‘radi? Shuni unutmaylikki, xalq ta’limi nafaqat ta’lim, shu bilan birga tarbiya ham beradi, ona vatan, davlat, millat, milliy g‘urur, sadoqat kabi tushunchalar aynan maktabda o‘quvchi ongiga singdiriladi va sadoqatli fuqarolar tarbiyalanadi.
Bunday vaziyatda o‘qituvchining mavqeyini ko‘tarishning iloji bormi? Bor, buning uchun inqilob qilish shart emas. Buning uchun oliy ta’limga qabul qilish tizimini o‘zgartirish kerak. Avvalo institutga kirish emas, balki uni tugatishda talabni kuchaytirish lozim. Xohlagan kishi institutga kirish “baxti”ga musharraf bo‘lsin, faqat bilimi borlarigina diplom olsin.
Joriy yilda maktabni tugatgan o‘quvchilarning attestatlariga 23 ta fandan baho qo‘yildi. Agar biz farzandimizni imtihonga emas, hayotga tayyorlashni istasak bolamizning mana shu 23 ta fandan ham chuqur o‘zlashtirishini nazorat qilishimiz kerak bo‘ladi. Xuddi shuningdek, nega endi institutga kirish uchun tor yo‘nalishda tayyorlanish kerak? Hozirgi kunda oliy ta’lim muassasasiga kirish uchun abituriyent 3 ta fandan, 1-blokda har bir to‘g‘ri belgilangan javob uchun 3.1, jami 93 ball, 2-blokda har bir to‘g‘ri belgilangan javob uchun 2.1, jami 63 ball va 3-blokda har bir to‘g‘ri belgilangan javob uchun 1.1, jami 33 ball, umumiy hisobda 189 ball olishi mumkin (bu yil pandemiya sharoitida 2 ta fandan bo‘lyapti istisno tariqasida).
Buning o‘rniga dastlabki bosqichda o‘quvchining attestatidagi baholarning umumiy yig‘indisiga qarab qabul qilishni yo‘lga qo‘yish kerak. Masalan, agar 23 ta fandan barchasi “5” bo‘lsa umumiy 115 ball yoki 110 ball va hokazo 69 balgacha. 115 baldan 110 balga qadar baholanganlar davlat budjeti hisobidan, qolganlari shartnoma asosida o‘qishga qabul qilinsa, bundan tashqari har semestr yakunida olgan baholariga ko‘ra budjet va shartnoma asosida ta’lim oluvchi talabalar soni o‘zgartirib borilsa, yaxshi natijaga erishish mumkin, menimcha.
Keyingi bosqichlarda esa hech qanday kirish imtihonlarisiz, o‘quvchining arizasiga ko‘ra OO‘Yga qabul qilinishini yo‘lga qo‘yib, salohiyatli talabalargina diplom olib hayotga yo‘llanma oladi. Shundagina o‘quvchi institutga kirib olsam bo‘lgani, qolgani bir gap bo‘lar qabilida ish tutmaydi, oliy ta’lim olishning mashaqqatini his etadi.
Xo‘sh, bundan maktab o‘qituvchisiga qanday manfaat bor? Manfaat shuki, jamiyatda o‘qituvchiga nisbatan munosabat o‘zgaradi. Ota-ona va o‘quvchi tasavvurida o‘qituvchi porloq kelajakka erishishga sababchi bo‘ladigan zotga aylanadi va ajab emaski, “Ustoz otangdan ulug‘” deyilgan, bugungi kunga kelib esa iste’moldan tushib qolgan maqollar yana ishlatila boshlansa.
Bir haqiqat bor — davlat fuqaroning sadoqati bilan qudratli bo‘ladi. Sadoqatli fuqarolarni tarbiyalash, qudratli davlatni shakllantirishning asosiy sababchilari bo‘lgan o‘qituvchilarimiz sog‘-omon bo‘lishsin.
Elyor QAYIMOV,
Shofirkon tumanidagi 3-IDUM tarix fani o‘qituvchisi