“Loqaydlik — barcha jinoyatlarning boshlanishidir”
Eng qadimgi yozma yodgorliklarimiz xorazm, so‘g‘d, run, uyg‘ur va boshqa yozuvlar orqali yetib kelgan.
Til hamda yozuvni sof holda saqlab qolish, uni arab va fors so‘zlari ta’siridan asrash maqsadida X va XII asrlarda Mahmud Qoshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy kabi allomalar qator asarlari bilan xalqimizni o‘zligini saqlashga chorlagan. XV asrga kelib esa Alisher Navoiy bobomiz tilimizning barcha xalqlar tillari orasida o‘z nufuzi va o‘rni anchayin yuqori ekanligini isbotlab berdi.
Albatta, bizga yetib kelgunga qadar tilimiz lug‘at boyligining qariyb 60–70 foizi arab, fors, rus va boshqa tillardan kirib kelgan so‘zlar bo’lib qoldi. Endilikda yangi avlod shunday holga tushdiki, ota-bobosidan qolgan merosni lug‘at yordamida o‘qishga majbur. Yozuvimiz ahvoli esa bundan-da achinarli. Ota-bobolarimizning turli yozuvlardan foydalanishi natijasida tarixiy manbalarni o‘rganishda yozuvlar xilma-xilligi manaman degan olimni ham terlatishi aniq...
Zamonamizda ommaviy axborot vositalari ro‘y berayotgan voqea va hodisalarni aholiga o‘z vaqtida o‘zbek adabiy tili qonun-qoidalariga rioya qilgan holda yetkazib berishi shart. Ammo tilimiz sofligiga aynan mana shu soha vakillari birinchilardan bo‘lib putur yetkazayotgani hammamizga ma’lum. Sababi, o‘tgan 2018-2019-yillar mobaynida birgina O‘zbekiston Respublikasi Matbuot va axborot agentligining 22 ta farmoyishi, 14 ta qarori va 40 ga yaqin buyrug‘i davlat tilida qabul qilinmagan. Natijada kinolar, shoular, intervyular, hatto boshlovchilar ham shevalarda so‘zlashni odat qilishdi. Achinarlisi, shunchalar chuchmal “yulduzchalar” paydo bo‘ldiki, ular televizorda bemalol yarmi rus va yarmi o‘zbek tilida chiqishlar qilib, xalqimizning ensasini qotirishdan charchamayapti.
Biz sobiq Ittifoq davrining salbiy jihatlarini sanab o‘tishni yaxshi ko‘ramiz, ammo o‘sha paytda 2-3 ta telekanal bo‘lsa-da, adabiy til qoidalariga qat’iy rioya qilinardi. Shevalar, chetdan kirgan so‘zlar deyarli ishlatilmasdi. Rahmatli Nabi Rahimov yoki Qodir Maxsumovning shevada, ruscha so‘zlarni aralashtirib so‘zlaganini hech kim eslolmaydi. Chunki ularning o‘z tillariga hurmati baland edi, yon atrofdagilarga o‘z tillarida chiroyli so‘zlar bilan murojaat qilishni yoqtirishardi. Hozirgi kunimizga qadar ustoz san’atkorlar, yozuvchi va shoirlarning hurmatga loyiq xususiyatlari haqida keksalarimiz maroq bilan so‘zlashadi.
O‘zbek tili davlat tili maqomini olganiga 30 yildan oshgan bo‘lsa-da, afsuski tilimiz haqida chiqarilgan qonunlar ishlaganining guvohi bo‘lmadik. Toshkent shahriga borsangiz markaziy Alisher Navoiy ko‘chasining ikki tarafida joylashgan ofislar, mehmonxonalar, do‘konlar nomlari barcha-barchasi ingliz va rus tilida ifodalanganini ko‘rasiz. O‘ylab qolasiz, hozir O‘zbekistonning poytaxtida yuribmanmi, yoki adashib boshqa davlatga kelib qoldimmi? Shu hol yuzasidan qiziqib internet maqolalarini ko‘zdan kechirishga qaror qildim. Ha, bor ekan! Aynan nomlar bilan shug‘ullanuvchi idora bor ekan. Ammo ularni savolga tutsangiz oladigan gapingiz shu bo‘ladi: “Ogohlantirdik. Foydasi bo‘lmadi”.
Hurmatli mas’ullar, agar so‘zingizga kirmasa, yo‘lingizga yurmasa, qonun qamchisi bilan bir-ikki “nozik” joyiga uring, o‘zlari chiroyli qilib o‘zbekcha nomlar bilan peshtaxtalarini to‘ldirib qo‘yishsin. Nima uchun poytaxtni tilga oldik, chunki u yerdagi o‘zboshimchaliklar viloyatlarga ham asta-sekin kirib kelmoqda. Tumanimizda ham bunday nuqsonlarni ko‘plab uchratish mumkin. Ayniqsa, bozor va do‘konlar oldiga qo‘yilgan peshtaxtalar kayfiyatingizni buzishi tabiiy. Do‘kondorga “Hoy, og‘ayni, bu yozuvni pulga yozdirdingmi, yo tekingami? Pulga yozdirgan bo‘lsang savodliroq odamga borsang bo‘lmaydimi?”, deging keladi. Yoshlar zamonaviy texnologiyalarni bilgani yaxshi, lekin savodni ham unutish kerakmas-da. Bu holatlarning hozir oldini olmasak, keyin kech bo‘lishi shubhasiz.
Karimjon ERGASHEV, Pop tumanidagi 17-maktab o‘qituvchisi,
Zamira XOLTO‘RAEVA, Pop tumanidagi 37-maktab o‘qituvchisi