To‘liq masofadan o‘qitishga o‘tadigan vaqt keldi
Karantin payti ta’lim muassasalarida mashg‘ulotlar to‘xtatilib, onlayn darslar tashkil etildi. Ta’limda bu usulni qo‘llash asosida ma’lum tajriba ham to‘plandi. Kuzatishlar va so‘rov natijalariga ko‘ra, onlayn usulda o‘qishni boshlang‘ich sinf o‘quvchilari (ota-onalarning sa’y-harakati natijasida) birmuncha oson o‘zlashtirdi. O‘qituvchilar fidoyilik bilan o‘z vazifalarini bajardi. Ammo mashg‘ulotlar chog‘ida loqaydlik qilganlar ham uchradi.
Masofadan o‘qitish jahon tajribasida anchadan buyon mavjud. Oxirgi yillarda dunyoning ko‘p mamlakatlarida o‘qitishning texnik vositalarini ta’lim sohasida qo‘llash bo‘yicha yutuqlarga erishildi. Rivojlangan mamlakatlarning nufuzli oliy o‘quv yurtlarida an’anaviy o‘qitish bilan birga, masofadan o‘qitish orqali yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Yaqin kelajakda bizda ham bunday o‘quv yurtlarini tashkil qilish ko‘zda tutilgan. Respublikamizda ta’lim sohasiga kompyuter texologiyalarini, masofali o‘qitish usulini tatbiq qilishga oid muayyan ishlar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, ularni talab darajasida deb bo‘lmaydi.
Bu usulning qanday imkoniyat va kamchiliklari bor ekanligini ko‘rib chiqaylik:
— masofadan o‘qitish o‘rganuvchiga bilimlarni istagan joyda va vaqtda internet tarmog‘iga kirish orqali egallash imkonini beradi, mustaqil o‘rganish ko‘nikmasini rivojlantiradi. Ayniqsa, nogiron, uzoq muddat davolanuvchilar, ish bilan band bo‘luvchilarga bu usulda o‘qish ayni muddaodir;
— masofadan o‘qitish individual xarakterga ega bo‘lib, o‘quvchi o‘rganish tezligini o‘zi belgilaydi.
Kompyuterdan foydalanib o‘qitishda axborotni har qanday audio va vizual, statik va dinamik, matnli va grafikli ko‘rinishda uzatish va qabul qilish imkoniyati mavjud. Videodarslar orqali o‘quvchilarga sinfda ko‘rsatish murakkab bo‘lgan (tez va sekin o‘tuvchi jarayonlarni, xavfli, qimmatga tushuvchi, ko‘z bilan bevosita ko‘rib bo‘lmaydigan) tajribalarni namoyish qilish, laboratoriya ishlarini bajarish mumkin. Agar ayrim maktablarda tabiiy va aniq fanlarni eksperimental o‘qitishga oid moddiy-texnik bazaning to‘liq emasligini e’tiborga olsak, bu katta imkoniyatdir. Bu orqali o‘quvchilarning bilimini tez va obyektiv baholasa bo‘ladi. Qolaversa, vaqtni tejash va natijaga qarab, o‘zlashtirishdagi kamchiliklarni bartaraf qilish imkonini beradi;
— agar hozirgi kunda 8–10 nafar o‘quvchi yoki talabaga bir nafar o‘qituvchi to‘g‘ri kelishini, o‘quv yurtlariga qatnash, binolar, xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarga oid to‘lovlarni hisobga olsak, masofadan o‘qitishning iqtisodiy jihatdan ham samarali ekani ma’lum bo‘ladi;
— masofadan o‘qiyotgan shaxsning o‘rniga platformaga boshqa odam kirsa, tizimni bloklab qo‘yish mumkinligini ham eslatib o‘tamiz. Tajribalar shuni ko‘rsatadiki, ayrim bolalarga 5–6 soat davomida partada o‘tirgan, doskaga qaragan holda fanlarni o‘rganish qiyinlik qiladi o‘zlashtirishi pasayadi. Bizningcha, bunday bo‘lishiga maktablardagi dars jadvallarining tuzilishi ham sabab. Chunki darslar orasidagi tanaffus 5, katta tanaffus esa 15 daqiqa. Amalda bu vaqt o‘quvchilarning fan xonalariga o‘tishlariga sarflanadi,
harakat qilish, hordiq chiqarish uchun vaqt yetmaydi;
— Darslarda multimediadan foydalanish, interaktiv usullarni qo‘llash, virtual laboratoriya ishlarini bajarish qayd etilgan masalalarni qisman hal etish imkonini yaratadi.
Tabiiyki, kompyuter texnologiyasi orqali o‘qitishning kamchiliklari ham mavjud. Chunki o‘rganuvchi bilan o‘rgatuvchi o‘rtasida “jonli” aloqa yo‘q. O‘quvchilar tajribalarni amalga oshirishda bevosita
qatnasholmaydi.
O‘quvchilarning bu usul orqali bilim olishlarida jahon axborot tajribasidan foydalanish maqsadga muvofiq. Buning uchun, avvalo, xorijiy tillarni bilish talab qilinadi. Bo‘lajak mutaxassislar uchun chet tillarni bilish muhim. Chet tillar 1-sinfdan guruhlarga bo‘lib o‘qitiladi. Ammo bu negadir kutilgan natijani bermayapti. Bu tillarni talab darajasida o‘zlashtirishni aksariyat o‘quvchilar maktabdan tashqarida, kurslarga qatnab amalga oshirmoqda. Internet tarmog‘ida til o‘rganuvchini uni bilishiga qarab o‘rgatuvchi mukammal dasturlar mavjud. Chet tili o‘qituvchilari o‘quvchilarga ularni qaysi biridan va qanday o‘rganishga oid ko‘rsatmalar berib borsalar maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
O‘quvchilarning bilim darajasi, kasb-hunarga qiziqishlari bir-biridan farq qiladi. Bitiruvchilarning bir qismi oliy o‘quv yurtlarida o‘qishni davom ettirmoqchi bo‘lsa, boshqalari ma’lum kasbni egallashni rejalashtiradi. Natijada ularning bilim olishga, malaka egallashga bo‘lgan e’tiborlari ham farq qiladi. Maktabning asosiy vazifasi o‘quvchilarga fanlar bo‘yicha bazaviy bilim berish bilan bir qatorda ularni ijtimoiy mehnatga tayyorlashdan iborat. Shu va boshqa masalalarni hal etish uchun yuqori sinflarda fanlarni bazaviy va profilli o‘qitishni va bunga mos ravishda dars soatlarini o‘zgartirish masalasini ko‘rib chiqish kerak. Bu o‘z navbatida, bazaviy va profil fanlarni o‘rganishga mo‘ljallangan darslik va qo‘llanmalarga bo‘lgan talabni oshiradi. Millionlab nusxada darslik va o‘quv qo‘llanmalarni chop etish va iste’molchilarga yetkazish katta xarajat talab qiladi. Agar ta’lim taraqqiyotining jadalligini, darsliklarga o‘zgartirishlar kiritish(masalan, kollejlarga mo‘ljallangan darsliklarni maktab darsligiga moslash) zamon talabi ekanligini hisobga olsak, muammo yana jiddiy tus oladi. Shuning uchun darsliklarning elektron shaklini yaratish va tajriba asosida asta-sekin uni o‘qitishga tatbiq qilish ham muhimdir.
Profil fanlarni belgilashda maktablar qanday hududlarda (ishlab chiqarishi yo‘nalishiga qarab) joylashganligi hisobga olingani ma’qul. Professional bilim va uquvlar shakllanishiga imkon beruvchi materiallarning elektron nusxalari bo‘lishi lozim. Bugun ishsizlar soni birmuncha ko‘paygani, kollejlar faoliyati tugatilganini e’tiborga olib, bitiruvchilar mehnat bozorida raqobat qila olishlari uchun maktab yordam ko‘rsatishi kerak. Ushbu maqsadda malakali ishchilarga talab katta bo‘lgan ishlab chiqarish, qurilish, xizmat ko‘rsatish korxonalari, fermer xo‘jaliklari va shu kabilar bilan birgalikda ularning bazasidan foydalangan holda, maktab qoshida kasbga o‘rgatuvchi kurslarni tashkil qilish ijobiy natija beradi. Bunda o‘quvchilar ishlab chiqarishni avtomatlashtirish, kompyuter texnologiyasini qo‘llash, aholiga xizmat ko‘rsatish kabi amaliy ishlarni bajarishni o‘rganadilar. Tabiiyki, ish qidiruvchilarning soni ortishi bilan o‘z sohasini puxta egallagan, professional malakaga ega bo‘lganlar uchun ishga joylashish imkoniyati ham ortadi.
Politexnik ta’limni amalga oshirishda masofadan o‘qitish yuqori samara beradi. Bularni hisobga olgan holda ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, xorijiy mamlakatlardan maishiy texnikani ta’mirlash, sartaroshlik, tikuvchilik, oshpazlik kabi kasblarga o‘rgatuvchi 80 ta masofadan o‘qitish dasturlari olingan va yurtimizda ularning tatbiq qilinishi mo‘ljallanmoqda.
Ta’limni kompyuterlashtirish uchun avvalo, maxsus dastur va dasturiy ilovalar yaratish lozim. Buning uchun esa malakali o‘qituvchi, dasturchi, rassom, dizayner, tarjimon va suxandonlarni jalb qilish kerak. Hozir yurtimizda yetarlicha o‘quv markazlari tashkil qilingan. Ularning asosiy faoliyati maktablar to‘liq bajara olmayotgan ishlarni amalga oshirish, ya’ni abituriyentlarni oliy o‘quv yurtiga kirishga tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lmoqda. Raqobat va daromad birmuncha yuqori bo‘lganligi uchun bunday markazlarda yuqori malakali pedagoglar to‘plangan. Bizningcha, ularni ham yuqorida qayd etilgan masalalarni hal etishga jalb qilish kerak. Bu ishlarni amalga oshirish uchun moddiy ta’minot, rag‘batlantirishga oid masalalar yechimiga alohida e’tibor qaratmoq kerak.
Joriy o‘quv yilida maktablarda “elektron jurnal” tatbiq etilishi ta’lim sohasiga kompyuter texnikasini tatbiq qilishdagi yutuqlardan biri bo‘ldi. Bizningcha, bu masalani kompleks hal etib, maktablarni o‘quv, tashkiliy (masalan, kundalik tutish, dars jadvallarini tuzish, o‘quv xonalarini belgilash, xo‘jalik ishlarini yuritish kabi) vazifalarni amalga oshirishga imkon beruvchi universal dastur bilan ta’minlash kerak.
Bahodir YO‘LDOSHEV, Shayxontohur tumanidagi 254-maktab o‘qituvchisi