“Taksi”mi yoki “taxi”?
Taksida ketayotgandik. Bir payt o‘g‘lim “Dada, qarang, anovi mashinaga “taxi” deb yozib qo‘yibdi”, dedi. Haydovchi “taxi” emas, “taksi”-ku, deb javob berdi mendan oldin. “O‘g‘lim to‘g‘ri o‘qidi. “Taxi” deb yozilgan”, dedim.
Bizni quvib o‘tgan “Matiz”ning ustida “TAXI” degan ko‘rsatkich bor edi. Haydovchi bilan tortishdik. U “TAXI” — “taksi” ekanini, buni hamma bir qarashdayoq bilishini ta’kidlardi. 1-sinfda o‘qiydigan o‘g‘lim uchun esa bu “taksi” emas, “taxi” edi. Ya’ni, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida shunday o‘qiladi. Haydovchining “Bu axir inglizcha yozilgan”, deb kuyib-pishishi meni o‘ylantirib qo‘ydi. Shunday ham deylik, unda nima uchun inglizcha?
O‘zbekiston Respublikasi “Davlat tili haqida” qonunining 20-moddasi: “Lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va e’lon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin”.
Endi taksi mashinalaridagi yozuvga qarang. Birinchidan, agar u lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida bo‘lsa, “TAXI” emas, “TAKSI” bo‘lishi kerak. Ikkinchidan, ingliz tilida berilgan bo‘lsa, avval davlat tilida, ya’ni o‘zbek tilida yozilishi shart, so‘ngra boshqa tilda tarjimasi berilishi mumkin.
Masalan, O‘zbekiston televideniyesida har kuni namoyish etilayotgan koreys seriallarida ba’zan ko‘chadagi taksilar ham ko‘rinib qoladi, e’tibor bersangiz, ular mashina ustidagi ko‘rsatkichning old qismida koreyscha, yon tarafida esa inglizcha “TAXI” deb yozishgan. Turk seriallaridan ma’lum, ularning taksilarida ham ko‘rsatkichning old qismida “TAKSI”, yon tomonida esa “TAXI” turibdi...
Bir qarashda bu arzimasdek tuyulishi mumkin. Rostan, biz, kattalarning ko‘zimiz o‘rganib qolgan: “taxi”mi, “taksi”mi, baribir “taksi” deb o‘qiyveramiz. Ammo endi 1-sinfga borayotgan, milliy alifbomizni o‘rganib boshlagan, qalbi va ongi O‘zbekiston mehri, Vatan muhabbatiga limmo-lim bolakay uchun unday emas. U “taxi”ni “taxi” deb o‘qiydi va so‘raydi: “Dada, u nima degani?”...
Bu fikrlarni o‘n yil oldin yozgan ekanman. Shundan buyon hech narsa o‘zgarmagan – hamon ko‘chalarimizda “taxi”lar yuribdi...