Til bayramining ertasi kuni
Osmon qulab tushmadi, yer yorilmadi, quyosh ham teskari tomondan chiqqani yo‘q. Uyqusiragan mashinalarning betoqat signallari, maktabga jo‘nayotgan bolakaylarning qiyqiriqlari, sutchi xotinlarning bor ovozda o‘rischalab qichqirishiga qaramay kuzning yana bir sokin tongi otdi.
Farxatski tomonda turaman. Aniq manzilini so‘rasangiz 24-kvartal, 35-dom, 25-kvartira. Xazyayinimiz yaxshi odam. Oyning boshida kvartplatani tezlatlaring deb telefon qilishini inobatga olmaganda deyarli bizni bezovta qilmaydi.
Kechasi bilan “Sketch show”ni ko‘rib chiqqanimdan bo‘lsa kerak, ertalab budilnigim soatlab jiringlasa-da uyg‘ongim kelmadi. Oxiri erinibgina o‘rnimdan turdim. Oshxona tomonda xonadoshlarim nimanidir muhokama qilishar, borib qarasam rakavinaning ostidan suv sizyapti ekan. Birisi rezvasi ketgan desa, yana biri shlangkani almashtirish kerak deydi. Miyamizga oqilona fikrlar kelayotgan bo‘lsa-da, tayinki, baribir tuzatish qo‘limizdan kelmaydi. Qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarganimiz qoladi. Chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin, degan maqolga amal qilib, santexnik chaqirishga qaror qildik.
Tashqari salqin. Chang bosgan shkafdan jenferim-u necha yillik qadrdon kurtkamni bira amallab topdim. Endi bemalol ishga jo‘nasak ham bo‘laveradi.
— Aka assalomu alaykum gazetniy korpusga.
— Qayerda edi u?
— Skvirda,Yuridichiskiy universitet bor-ku shunga yaqinroq…
Tahririyatimizga kelgan maqolalarni ko‘zdan kechirdim. Sahifalangan materiallarni sverka qildim. Xullas, har doimgi ish. Orada vaqt topib “moduljon”ning ham holidan xabar olib qo‘yish kerak (uzur, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 3-kursida o‘qishimni aytish esdan chiqibdi).
Oliy ta’lim muassasalari uchun yaratilgan hozirgi o‘zbek adabiy tili darsligini varaqlay boshladim:
Supersigmental fonologiyatilning supersigment birliklari — sillabema, aksentema, intonema va ularning prosodik elementlari masalalari bilan shug‘ullanadi, shunga ko‘ra u prosodiya deb ham yuritiladi…
Fonematik transkripsiya (fonologik transkripsiya) — transkripsiyaning “bir fonemaga bir belgi” prinsipida tuzilgan turi. Unda har bir fon (allafon) uchun maxsus belgi (harf) ishlatilmaydi, balki har bir fonema (fonemaning har bir variatsiyasi yoki variant emas) alifbodagi tegishli harf bilan ifodalanadi, demak, fonematik transkripsiyaning tuzilishi yozuvning fonematik (fonologik) prinsipiga asoslanadi…
O‘lay agar tushunmadim. Bu purma’no atamalar oldida tabiat in’om etgan noto‘kis aqlim ojiz. (Hurmatli DTM xodimlari, yuqoridagi qoidalarni erinmay ko‘chirib oling. Juda sizbop ekan. Imtihonlarda bemalol foydalansangiz bo‘ladi. Masalan, berilgan matindagi o‘zbekcha so‘zlar tagiga chizing, deb abituriyentlarga topshiriq bersangiz, topguncha rosa tinkasi quriydi).
Ishdan qaytayotib qorinni aldab turish uchun “Evos”ga kirdim. Och qoringa kalla ishlamaydi degan gap rost. Bitta “big lavash”ni paqqos tushirgachgina sochimni oldirishim kerakligi esimga tushdi. Ehtimol, miyamning butun energiyasi sochimga sarf bo‘lgani uchun yuqoridagi qoidalarni tushunmayotgandirman. Darrov bu masalani hal qilish kerak. “Flagman”ning yonidagi “Blak star” sartaroshxonasiga yo‘l oldim…
Undan chiqib, ul-bul xarid qilish uchun minimarketga kirdim. Kassada qipchoq yuzli, istarasi issiq bir qiz o‘tirgan ekan. Cho‘ntagimda pul kam qolgani sabab narsalarning narxini surishtira boshladim. Qiz o‘rischalab javob qaytardi.Kalovlanib qoldim. Ahvolimni ko‘rib u jilmaydi. Hech narsa xarid qilmay marketni tark etdim. Dunyoning qiziqligini qarang. Men o‘rischa bilmaganim uchun bisotimdagi bor yomon so‘zlar bilan o‘zimni qarg‘ab ketyapman, u esa o‘zbek tilini bilmaganidan hech o‘ksinmadi. Ikkovimizning-da ahvolimiz bir... Hech bo‘lmaganda shu qiz uchun albatta, o‘rischani o‘rganaman…
Ancha charchaganimga qaramay, ha deganda uyqu kelavermadi. Telefonimni titkilay boshladim. Ukamdan SMS kelibdi:
“Brat, qishloqqa qachon kelasiz?”…
“Savodsizlikni qachon tugatamiz!”
Menga shunday sarlavhali bir maqola kelib tushdi. Qizig‘i, undan savodli yozilgan biror jumla topolmadim. Avval mening ham sizga o‘xshab kulgim qistadi. Ammo…
Muallifni qoralash niyatim yo‘q. Chunki barchamiz o‘zimizda bo‘lmagan narsani o‘zgalardan talab qilamiz. Butun jamiyatimizda ahvol shu.
Masalan, 21-oktabr yaqinlashishi bilan hozirgina Marsdan kelganday barchamiz bir aylanib tilparvar bo‘lib qolamiz. Qayerga bormang “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!”, “Ona tilimizni asraylik!”, “Til — millatning yuragi” kabi jimjimador gaplar yozilgan so‘ztaxtalarga peshona uriladi. Minbarlarda mikrofonni chaynab qichqiramiz. Ertasiga esa hammayoq jimjit. Birimiz hali tili chiqmagan bolamizni rus maktabiga olib chopsak, boshqamiz do‘konimiz tepasiga o‘zga tilda e’lon yopishtirish bilan band bo‘lamiz.
Majlisbozlikni tugatish haqida majlis o‘tkazamiz, pora olmaslik uchun pora olamiz, “Yolg‘on gapirmayman!”, deb yolg‘on gapiramiz, xullas so‘zimiz amalimizga teskari.
So‘z erkinligining shabadasi elas-elas esa boshlagandan beri hamma tomonni tanqid bosib ketdi. Tanqid — kelajak mevasi. Buni inkor qilmayman, ammo u ishtoni yo‘q, to‘ni yirtiqning ustidan kulibdi qabilida bo‘lsa-chi? Tanqidlarimizning ko‘pchiligi otaning sigara tutata turib, bolasiga “Chekma! Chekish yomon odat”, deb qilgan nasihatiga o‘xshaydi.
Jamiyatimizni yeb bitirayotgan muammolar bugun ertalab paydo bo‘lmagandir. Unday bo‘lsa, kecha qayerda pusib yotgan edik?! Yaraga paxta qo‘yganning foydasi yo‘q. Gazak olmay turib malham surish kerak bo‘ladi. Zamonida aytilmay bo‘g‘izga qadalib qolgan haqiqat, vaqt o‘tgan sari chirigan g‘iybatga aylanadi.
98-yining bolalari
Kutamiz…
Nimanidir, kimnidir. Tong otishini, yomg‘ir tinishini, sevgilimizni…
Istaganlarimiz hamisha ham o‘z vaqtida kelavermaydi.Ayniqsa, bolalar juda sabrsiz. Har xil temir tersaklarni simga ildirib, ko‘chalarni changitgancha sudrab o‘ynaganlari kabi. Maydaqadam vaqtni-da shunday tortib kelgisi keladi. Tongotar yoqlardadir, balki kunbotarda, ehtimol, hozir ham bo‘ylaridan baland orzularini quchoqlagancha ko‘zidan uyqu qochib, intiq kutayotgandir ular.
Biz 98-yilning bolalari ham ozmi-ko‘pmi kutganmiz.
Dastlab tug‘ilishni, so‘ng xonani tutatgancha pechkadagi namiqqan o‘tinlarni yoqish bilan ovvora onamizning tezroq kelib qornimizni to‘yg‘izishini kutdik. Kelavermadi. Yig‘lab-yig‘lab kutdik…
Bir tong bizni uyg‘otishdi. Bozorga boramiz. Uni olib bering, buni olib bering, deb xarhasha qilmaslikka qasam ichdik avtobus kutarda. Kattalar vaqtning qadrini biladi. Kiyim do‘konining qorindor savdogarini uncha kuttirmay, 95lar o‘lchamida bosh-oyoq sarpo kiydirib rosa poson qilish. Narxini kelishguncha biz yana kutdik. U yoq bu yog‘ini qo‘ying, maktabga borarkanmiz!
Endi ko‘zga uyqu kelmaydi. Maktab, kitoblar, u yerda nimalarnidir o‘rganishimiz kerakligi xayolimizning uchida ham yo‘q. Lekin qarasang, aksing ko‘ringudek yilt-yangi botinka, oq ko‘ylak, qora shim tushlarimizga ham kirib chiqadi. Maktab ochilishiga hali besh-o‘n kun bor. Yangi kiyimlarni onamiz yashirib qo‘ygan. Mehmon kelganda g‘oyibdan paydo bo‘ladigan tansiq shirinliklar yashirgan joyi-ku, manaman degan izquvarlar ham topolmasligi bor gap. Ammo maktab formasi qayerga berkitilganini mendek professional ham bilmaydi. Endi nima qilamiz yig‘laymiz. Faqat ko‘ngli iyib, rahmi kelguncha yana kutish kerak. Bu mashmasha har kech davom etadi...
Nihoyat tong otdi. Uydan maktabgacha bo‘lgan “olis” masofani bosib o‘tgunimizcha necha yillar kechgani yodimda yo‘q. Erishilgan narsaning qizig‘i qolmaydi. Biz intiq kutgan “Liboslar ko‘rgazmasi” tugadi. Kayfiyat ham shunga yarasha.Endi nimani kutamiz?!
Bu jumboqning yechimi tez orada topildi. Yana 95larga rahmat! Maktabdan qaytarkanmiz yo‘limizni to‘sishdi. Hammasi bizdan yirik.Rosa tepkiladi. Biz ortlarida hiqillagancha, bo‘lib-bo‘lib “Katta bo‘lsak, ko‘rasanlar!” deya oldik xolos. Yangi kiyimlarning ahvoli biznikidan achinarli.Ustiga-ustak uyga borgach ham quruq qo‘yishmaydi.Uncha o‘ksinmadik. Axir gardanimizga katta bo‘lishni kutishdek mas’uliyatli vazifa yuklangan edi. Hech narsani kutmay yashashdan asrasin.
Tilaganning murodi hosil.Devordagi chiziqlar asta-sekin yuqorilay boshladi. Xullas, katta bo‘lish ishlari ancha yurishib ketdi. Shu bilan hamohang bahor, yoz, kuz, yangi yil bayrami kelishini kutamiz.Qorbobosi bilan qorqizini qo‘yaturing.Ularga boshdan ishonmaganmiz. Bizga eng qizig‘i yilda bir marta yoziladigan yangi yil dasturxoni. Ko‘zimiz u qadar och emas. Quvib solishganini aytmaganda qishloqning ba’zi to‘ylarida ko‘rganimiz bor.
Tangri ol qulim dedimi, biz istagan katta bo‘lish ilinji yolg‘izlanib qolmadi. Borgan sari yoniga yangi-yangilari, xilma-xillari qo‘shilaverdi. Olis shaharlarga, uzoq yurtlarga ketgan otalarimiz, akalarimiz yuboradigan pullaridan ko‘ra ko‘proq kuttiradi. Biz esa sog‘inamiz va yana kutamiz.
Bu jarayonlarda suyagimiz qotib, endi biz ham kutdirishni o‘rgana boshladik.Ko‘pimizning gardanimizga tushgan uy ishlari tugayvermaydi. Maktabni, ustozlarimizni haftalab, ba’zan oylab kuttiramiz. Ja-a noinsof emasmiz. Ularning haqqi ham bizda qolib ketmaydi.
Maktabdagi birinchi muhabbatlarimizning erga tegib ketganini inobatga olmaganda (bizni u qadar ko‘p kutmadi aslida) yillar kechgani sari bizdagi kuttirish iste’dodi rivojlanib bordi. Ota-onamiz, hamqishloqlar, jamiyat, davlat ham bizni kutayotganini, to‘g‘rirog‘i, bizdan nimadir kutayotganini sezgach qisqa vaqt ichida naqadar kuttirish bobida professionallashganimizni tushundik.
Biz maktabni, maktab bizni kuttirgan chog‘ miyamizning huvillab yotgan mitti hujayralariga bilim degan nimarsalarni g‘amlashga ulgurmabmiz. Bir kun kerak bo‘lishi tushimizga kiribdimi? Alqissa diplom kutish bosqichiga o‘tish uchun so‘rasharkan. Hech bo‘lmaganda cho‘ntak to‘la bo‘lishi kerak. Na unisidan, na bunisidan irimiga ham topilmaydi. Shu nuqtaga kelib hamisha hamdam-u birdam bo‘lib kelgan biz — 98larda bo‘linish yuz berdi. Yuqoridagi ikki unsurni izlab yo‘lga tushdik. Bu yog‘i yashash uchun kurash. Yarmidan ko‘pimiz ishga, qolganlarimiz 12 yilda udalay olmaganimizni bir yilda bajarishga ahd qildik va alifbedan boshlab o‘rgana boshladik… Yiqilib-surinib oxiri peshonasi yarqiraganlarimiz keyingi bosqichga yo‘llanma oldik.
Tongotar yoqlardadir, balki kunbotarda, ehtimol, ayni dam qaysidir millatning 98lari Marsga uchishni, xayollarida pishib yetilgan olamshumul ixtirosining hayotga ko‘chishini,dunyoning eng nufuzli kompaniyalariga qabul qilinishi uchun ertaga bo‘ladigan suhbatni kutayotgan mahal biz ham yuraklarimiz orziqib diplom kutish jarayonini boshdan kechiryapmiz. Universitetga kirolmaganlarimiz esa qora ishchi sifatida chet ellarga olib ketguvchi samolyot-u poyezdlarning qo‘zg‘alishini kutyapti.
O‘ylab ko‘rsam, biz — 98-yilning bolalari hayotimizda katta bo‘lishdan kattaroq nimanidir kutmagan ekanmiz.
Humoyun QUVONDIQOV