Qishdan qanday chiqamiz?
Sovuq tushdi. Hademay qishning tuya go‘shti yegan og‘iroyoq kunlari ham boshlanadi. Bir amallab ko‘kka ilashib olsak bo‘lgani. Ungacha sabr, ammo bu bizga o‘xshagan bekorkasallarga jabr.
Ish qidira boshladim. Urug‘likkayam topilmaydi. Topilganlari ham bizga mos emas (ko‘ngil qurg‘ur nozik). Oxiri bir bilgich tanishimdan maslahat so‘radim:
— Nima qilay, jo‘ra? Qishdi kuni loy qorib bo‘lmasa, qo‘limdan keladigan bir ish shu. Mardikor bozorga borsam peshonamizga “virus” degan tamg‘a bosilganday, bizni olib ketishdan hayiqadi…”
E-ey, rosa dardimni yordim. Ishning ko‘zini ko‘zoynak taqqan biladi. Tanishim uzoq o‘ylanib, oxiri javob berdi:
— Maqola yozishni bilasanmi?
— Ha, maktab paytim insho-pinsho yozganman. Diplom bo‘lmasayam savod joyida.
— Unday bo‘lsa, blogerlik qil. Hozir har o‘nta odamdan to‘qqiztasi bloger. Ulari ham avliyo emas, xuddi senga o‘xshab dordan qochganlar.
— Qo‘y, jo‘ra, menga to‘g‘ri kelmaydi. Tilipon-u, internet-pinternetingdi umuman tushunmayman.
— Bo‘lmasa gazetga bor…
Oxiri izlab-izlab “Ma’rifat” gazetasini topib keldim. Meni obdon tinglagach, bizning gazeta o‘qituvchilarniki, ja-a chechan odam ko‘rinasiz, mayli ul-bul yozib turing, deb gazetdan shapaloqday joy ajratib berishdi. Alqissa, siz bilan gurunglashib turibmiz, hurmatli mushtariy.
Shahar o‘z nomi bilan shahar, ammo qishloqning dardini botinkasi chang ko‘rmagan kattakonlar qayerdan bilsin.
Hurmatli direktor, ko‘mir masalasi nima bo‘ldi? Kangkillagan qishda sinfxonalarni amallab isitish kerak. Agar umalanganidan bo‘lsayam biror moshin berishsa, yaxshi. Emasam katta tanaffusdami, darsdan keyinmi, yomg‘irlash boshlanmasdan o‘quvchilarga o‘tin g‘amlatib qo‘ying.
Pandemiya sharoiti bo‘lishiga qaramasdan balonlarga solingan bo‘lsa-da, ming shukur, qishloqlarga o‘z vaqtida gaz berib turishibdi. Qish kelyotganini inobatga olib mas’ullar gazning hajmini oshirish borasida bosh qotirishmoqda. Vaqt borida otni qamchilab qoling. Agar ko‘mir jo‘natishmagan bo‘lsa, borib surishtiring, ehtimol, gaz berishmoqchidir. Nima bo‘lganda ham ayni vaqtda o‘quvchilarni shamollab qolishdan asrash kerak. Bo‘lmasa, maktabni bitirgandan so‘ng ham burni oqib yuraveradi.
Shu orada o‘quvchilari universitetga kirolmagan ustozlarga oltinga teng maslahatim bor. Tahririyatga kelgan xatlaringizni, to‘g‘risi, o‘qiy olmadim. Yig‘lab yozganingizdan bo‘lsa kerak bo‘yalib ketibdi. Lekin baribir dardingizni tushunaman. So‘nggi paytlar Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Turkiyaga imtihonsiz o‘qishga qabul qilamiz, degan reklamalarga har kuni ko‘zim tushyapti. Mana sizga imkoniyat. Mardikorlikka ketayotgan o‘quvchilaringizning safarxaltasiga imkonini qilib kerakli hujjatlarni joylab yuboring. Kontrakti ham arzon ekan. Keyin o‘zlari bir yo‘lini topib ketar. Gap reytingda, reytingni mahkam ushlash kerak!
Yana bir gap, tahririyatga kelib meni hayron qoldirgan narsa shu bo‘ldiki, sho‘rlik xodimlar o‘z bo‘lmalarida emas, gazetxonaning foyesida ishlashyapti. Buning sababini so‘rasam “Til bayrami arafasida o‘qituvchilardan kelgan materiallarga xonalarimiz to‘lib ketdi. Endi o‘zimizga ishlagani joy yo‘q”, deydi. Hurmatli o‘qituvchilar, har yili salqin tushib oktabr oyi oxirlashi bilan qalbingizda tilimizga muhabbat alangalanadi. Keling, shu o‘tni o‘chirmay maqolalaringizni hozirdan jo‘natib qo‘ying. Sho‘rlik tahririyat xodimlari ham ularni saralab, o‘z bo‘lmalariga qor yog‘may ko‘chib olsin.
Xullas, shunaqa gaplar. Hali yana gurunglashamiz. Kamoli ehtirom ila
BEKORCHI