Chiroq yonganda…
G‘arch-g‘urch, g‘arch-g‘urch.
Atrof to‘la shodon bolalar. Bir-biriga qor otgan, kimdir qorbola yasamoqda. Daraxtlar tagida yigit va qizlar suratga tushishdan zavq olmoqda.
G‘arch-g‘urch, g‘arch-g‘urch.
Sigiriga suv tashiyotgan qizcha tezroq uyga kirsa-yu pech oldida o‘tirsa! Poya qirqib qo‘llari muzlagan yigitchada qorbo‘ron o‘ynashga xohish qayda deysiz.
G‘arch-g‘urch, g‘arch-g‘urch.
Chiroqlar bilan bezangan shaharda bo‘ralab yog‘ayotgan qor ostida mazza qilib sayr qilging keladi. Ertak qahramonlari bilan to‘la bog‘da turli tomoshalar ichida o‘zingni sehrli olamga tushib qolgandek his etasan.
G‘arch-g‘urch, g‘arch-g‘urch.
Zim-ziyo, tezak, ko‘mir hidi anqigan o‘nqir-cho‘nqir yo‘lda qoqila-qoqila ishdan uyga shoshasan (ishqilib telefonimning quvvati o‘chib qolmasin!). Onasining pinjiga tiqilgan bolalar XX asrni yodga soladi.
G‘arch-g‘urch, g‘arch-g‘urch.
Qolganini chiroq yonganda yozaman…
Kamola ADHAMOVA, O‘zJOKU 2-bosqich harbiy jurnalistika yo‘nalishi talabasi