Prezident Murojaatnomasi barchani ruhlantirdi
29-dekabr. Har bir inson, oila, korxona vakillari bir yillik sarhisob va kelgusi yilga rejalar ustida o‘y surayotgan bir vaqtda poytaxtimizdagi Xalqaro kongress markazi mamlakatimiz ziyolilari, Oliy Majlis deputatlari va senatorlar, madaniyat va san’at, ilm-fan arboblari bilan gavjum. Yig‘ilganlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga qilinajak Murojaatini tinglash uchun jamlandilar.
Prezident dastlab tugallanayotgan yilda amalga oshirilgan ishlar, 2020-yilda butun dunyo boshiga kelgan pandemiya sharoitida O‘zbekiston qanday choralar ko‘rgani, tibbiyot, ta’lim va boshqa sohalarda amalga oshirilgan islohot va yangiliklar haqida gapirdi. Darhaqiqat, Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, 2020-yil butun dunyo uchun ko‘p talofatli, murakkab yil bo‘ldi. Ammo bu murakkabliklar bizga chidamlilikni, yashash uchun kurashishni o‘rgatdi.
— Barchamizga ayonki, pandemiyadan keyin dunyoning ijtimoiy-iqtisodiy manzarasi albatta o‘zgaradi. Mana shunday sharoitda kim yutadi? To‘plangan tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, kuchli va samarali boshqaruv tizimiga ega bo‘lgan davlatlar pandemiya xavfini o‘z vaqtida va bir yoqadan bosh chiqarib, bartaraf etishga va bu kurashda yengib chiqishga qodir bo‘ladi. Buni O‘zbekistonning pandemiya davridagi kurash tajribasi ham isbotlab turibdi.
Lekin erishgan natijalarimizga mahliyo bo‘lmasdan, jahondagi vaziyatga sergaklik bilan qarab, barchamiz – kim bo‘lishimiz, qaysi vazifada ishlashimizdan qat'i nazar, mamlakatimizning milliy manfaatlarini ta’minlash haqida jiddiy o‘ylashimiz zarur.
Bugungi murakkab sharoitda, yurtimizda boshlangan keng qamrovli islohotlar, yangi O‘zbekistonni barpo etish sari tashlayotgan dadil qadamlarimizning bardavom bo‘lishini ta’minlash eng asosiy vazifamiz bo‘lishi shart, — dedi Prezident.
Yurt ertasi, taqdiri yoshlar qo‘lida. Shu bois ularning ta’lim-tarbiyasi, iqtidorli yoshlarga imkoniyatlar yaratish, o‘zini namoyon qila olishi uchun ularga ishonch bildirish davlat siyosati darajasiga olib chiqilgan. Prezident ishtirokida kechgan Yoshlar forumi va unda ko‘tarilgan masalalar, belgilangan maqsadlar ham bunga dalil bo‘la oladi. Shu bois Prezident barkamol avlod tarbiyasining eng quyi bosqichi — maktabgacha ta’lim tizimidan boshlab ulkan islohotlarni amalga oshirish haqida ta’kidladi. Zero, maktabgacha ta’lim jarayonida qo‘yilgan puxta poydevor keyinchalik bolaning a’lochi o‘quvchi, iqtidorli talaba, muvaffaqiyatli mutaxassis va yetuk shaxs bo‘lib yetishishiga zamin yaratadi.
— Bugun hurmatli Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va xalqimizga qilgan Murojaatnomasida ishtirok etdim, — deydi poytaxtimizdagi 81-IDUM direktori Ziyoda Haydarova. — Murojaatnomadan bir pedagog, ayol, ona, shu davlatda yashayotgan fuqaro sifatida ruhlandim, ruhimda tetiklik his qildim. Prezidentimizning o‘qituvchilar mavqeyi, turmush darajasini oshirish borasida aytgan gaplari, jumladan, ularga yanada ko‘proq imkoniyatlar yaratish, olis qishloqlarda ham ta’lim sifatini oshirish maqsadida u yerlarga shahar joylardan borib ishlaydigan o‘qituvchilarga 100 foiz, bir tumandan boshqa tumanga borib ishlaydigan o‘qituvchilarga 50 foiz ustama berilishi, o‘qituvchilikni jamiyatda eng nufuzli kasb jarajasiga olib chiqish, uning faqat va faqat ta’lim berishdan boshqa ishlarga jalb qilinmasligiga erishish haqidagi gaplaridan juda ta’sirlandim. Darhaqiqat, muallimlar ulug‘langan yurtda ta’lim-tarbiya yuksaladi, yoshlar kamoloti sari mustahkam poydevor qo‘yiladi. Ayniqsa, matematika, kimyo, biologiya fanlarini chuqur o‘qitishga qaratilayotgan e’tibor, bu yo‘nalishda tashkil qilinayotgan ixtisoslashgan maktablar iqtidorli o‘quvchilarni kashf etish yo‘lida ulkan qadam bo‘ldi. Yangi yildan esa yurtimizda fizika fanini o‘qitishga ham katta e’tibor qaratilishi ta’kidlandi. O‘quvchilarning xalqaro standartlar asosida o‘qitilishiga erishish, bu borada yetuk kadrlarni yetkazib berish borasida fikrlar o‘rtaga tashlandi. Boshlang‘ich sinflarda ortiqcha yuklamalardan voz kechish va bu maqsadda yangi avlod darsliklarini yaratish rejasi ustida ish olib borilayotganligini eshitib ham juda xursand bo‘ldim. Maktabgacha ta’lim tizimiga 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarni qamrab olish darajasini oshirishga erishish masalasi ham pedagog sifatida meni juda ruhlantirdi. Ayol sifatida esa davlat va jamiyat ishlarida xotin-qizlar rolini oshirish, ularning haq-huquqlarini himoyalash masalalariga ham e’tibor qaratilganidan sevindim. Davlatimiz rahbarining rejalarini tinglab, ishchanlik kayfiyatim yanada ortdi. Men rahbarlik qilayotgan Uchtepa tumanidagi 81-ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabi 2019-yilda homiylar tomonidan rekonstruksiya qilinib, zamonaviy qiyofa kasb etgan edi. Bu yil esa Toshkent shahar hokimligi qarori bilan matematikaga ixtisoslashgan maktabga aylantirildi. Endi ixtisoslashgan sinflarimizga 5-sinfdan bolalar imtihon qilinib olinadigan bo‘ldi. Maktabimizda matematika bilan birga ingliz, fransuz, yapon tillari chuqurlashtirib o‘qitiladi. Endi Murojaatnomadan ruhlanib biz ham maktabimizda bu yilgi yangi rejalarni tuzamiz. Shunday rejalarimizdan biri, axborot texnologiyalari va dasturlash texnologiyasiga ixtisoslashtirilgan sinflar tashkil etamiz. Davlatimizda o‘qituvchilarga shunday yuksak hurmat, e’tibor bildirilar ekan, biz pedagoglar ham bundan buyog‘iga shunga munosib bo‘lish kerakligini unutmasligimiz lozim!
— Yurtboshimizning Oliy Majlisga va xalqga qilgan murojaatnomasini kuzatib, o‘qituvchi kasbini tanlaganimga yana bir karra shukrona keltirdim, — deydi Olot tumanidagi 24-maktab o‘qituvchisi Nargiza Beknazarova. — Biz Buxoro viloyatining eng chekka hududi — Olot tumanida yashaymiz. Shu yil aprel oyida bo‘lib o‘tgan kuchli shamoldan qancha zarar ko‘rganimiz barchaga ayon. Og‘ir pandemiya davrida Prezidentimiz biz hali tongni qarshilamasdan tumanimizga shaxsan o‘zlari yetib kelib, xalqning ahvolini o‘z ko‘zi bilan ko‘rishga, yordam berishga oshiqdi. Xalqimizning tabiiy ofatdan omon qolganini ko‘rib, shukrona keltirganlari va bizni hamisha himoya qiladigan Prezident ortimizda turganligini aytib taskin berganlari hamon ko‘z oldimda. O‘shanda shu xalqning bir vakili sifatida ko‘nglim qancha ko‘tarilgan bo‘lsa, bugungi Murojaatnomadan yanada zavqqa, kuch-g‘ayratga to‘lgandek bo‘lyapman. Ayniqsa, o‘qituvchilarga yaratilajak imtiyozlar, ko‘rsatilgan hurmat-ehtiromdan boshim ko‘kka yetdi. O‘qituvchining iqtisodiy holati yaxshilanmaguncha ta’lim tizimida natija kutilganidek bo‘lmaydi. Bugun bu haqiqat Prezidentimiz tomonidan ham ta’kidlandi. Zero, “Muallimlarga ustama haq va yana qator imtiyozlar berilsagina o‘z fani, o‘z ishi, o‘z kasbining shijoatli mutaxassislari rivojlanadi” deb bejiz aytmadilar. Qarangki, sinf rahbari degan jumla oddiy so‘z bo‘lib kelgan. Hozirgacha sinf rahbarligining mashaqqati tilga olinmagan edi. Men bu mashaqqat ortidan topilgan nonni ko‘pdan beri totib kelaman, ana endi bu non tanamga nafaqat qon, jo‘shqin hayot, jo‘shqin kayfiyat, jo‘shqin shijoat va mas’uliyat bag‘ishlaydi.
— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida 2021-yilga “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb nom berishni taklif qildi, — deydi O‘zbekiston Milliy universitetining xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori, professor Raima Shirinova. — Shuningdek, Prezident tomonidan 2021-yil nomida belgilangan sohalarni tubdan isloh qilish va yanada rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar aytib o‘tildi. Jumladan, kelgusi yilda oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimiga joriy etiladigan yangiliklar haqida ham ma’lumot berildi. Keyingi yildan boshlab oliy ta’limga ajratiladigan davlat grantlari soni kamida 25 foizga oshirilishi, qolaversa, ehtiyojmand oilalar qizlari uchun oliy o‘quv yurtlariga qabul grantlari soni 2 barobarga ko‘paytirib, 2 mingtaga yetkazilishi juda quvonarli yangilik bo‘ldi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali yetakchi xorijiy oliy o‘quv yurtlarining magistratura va doktoranturasida o‘qishga yuboriladigan yoshlar soni 5 barobarga oshirilar ekan. Darhaqiqat, O‘zbekiston Milliy universitetining xalqaro reytingda yuqori o‘ringa chiqishi uchun magistr va fan doktorlarimiz ko‘proq chet ellarga malaka oshirishga borishlari kerak. Ayniqsa, “El-yurt umidi” tomonidan ilmiy daraja olgan mutaxassislarni chet ellarga yuborish kvotasi 5 baravarga oshishi bizni ruhlantirdi. Chunki bu tizim universitetimizda yaxshi ishlayapti. 2019-yilda 32 nafar magistr va fan doktorlari xorijiy davlatlarda tajriba oshirib kelishgandi. Hozirgi paytda fizika va xorijiy tillarni o‘qitish ustuvor fan sifatida belgilab berilishi bizning “Universitet — maktab” hamkorligidagi ishlarimizni kuchaytirishga bir turtki bo‘ldi, desam to‘g‘ri bo‘ladi. Yurtboshimizning da’vati bilan yaqindagina yo‘lga qo‘yilgan ushbu hamkorlik doirasida poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 10 ta, Toshkent viloyatidagi 4 ta maktab, ya’ni bitiruvchilari oliy ta’limga kirish ko‘rsatkichlari past bo‘lgan muassasalar biriktirildi. Shu maktablarda bugungi kunda universitetning Kimyo-biologiya fakulteti o‘qituvchilari borib, mahorat darslari o‘tyapti, o‘quvchilarning universitetga ekskursiyalari tashkil qilindi. Professor o‘qituvchilarimiz tomonidan o‘quvchilar uchun turli fan to‘garaklari hamda yakshanba maktablari, umumta’lim maktabi o‘qituvchilarining malakasini oshiruvchi o‘quv kurslari tashkil etilgandi. Mana shu jarayonni yanada kengaytirish maqsadida bugun hamkor maktablarda fizika va xorijiy tillarni o‘qitishga e’tibor qaratishni o‘z oldimizga vazifa sifatida belgilab oldik. O‘tgan yili Prezidentimiz tomonidan xotin-qizlarning oliy ta’limga qamrovi bo‘yicha maxsus grantlar berilgandi. Shu imtiyoz asosida bu yil 26 nafar qiz o‘qishga qabul qilindi. Keyingi yildan bu ko‘rsatkichning oshirilishi ham juda yaxshi bo‘ldi. Boisi, talabalikka olingan qizlarning orasida haqiqiy iste’dodlilari ko‘p. Ayniqsa, a’lo baholarga o‘qiyotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlarga stipendiyalar joriy qilingani ham ko‘pchilikning ko‘nglidagi gap bo‘ldi. Yana bir tomoni shuki, universitetga xalqaro reytingda o‘rin egallash vazifasi qo‘yilgan. Yurtboshimiz nutqida ta’kidlanganidek, raqobatbardosh milliy kadrlarning yangi avlodini tayyorlash maqsadida Toshkent shahrida alohida universitet tashkil etilishi yoshlarning bir-birlari bilan bellashib, sog‘lom raqobatga kirishishiga imkon yaratadi. Xorijlik mutaxassislarning yurtimizdagi oliy o‘quv yurtlariga kelib, o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashishi yoki talabalarga saboq berishlari ham katta yutuqlarga debocha bo‘ladi. Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha universitetda amaliy ishlar qilinib, bugungi kunda rus, ingliz, fransuz, nemis, turk va xitoy tillari o‘rganilyapti. Xorijiy tillarga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish maqsadida shu yilning noyabr oyida qo‘shimcha yangi yo‘nalish sifatida “Xorijiy til va adabiyot” kafedrasi ochildi. Bu esa tarjimashunoslik yo‘nalishidagi yutuqlarga erishishga yo‘l ochadi va o‘zbek adiblari asarlarini jahonga tanitish uchun poydevor bo‘ladi. Sababi, ingliz tili va boshqa chet tillarni o‘rganishni istayotgan talaba-yoshlar ham ko‘paygan. Sifatli ta’limni kuchaytirish maqsadida pandemiya sharoitida ham universitet o‘qituvchilarining malakasini xorijda onlayn oshirishga kirishganmiz. Xorijiy filologiya yo‘nalishidagi fakultetlarning o‘rni o‘zbek adabiyotini, milliy durdonalarini jahonga tanitishda muhim sanaladi. Jumladan, kuni kecha Erkin Vohidovnnig she’rlari fransuz va ingliz tillariga tarjima qilinib, kitob shaklida chiqarildi.
Xulosa qilib aytganda, davlat rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi ko‘plarning diliga yangidan-yangi rejalar, maqsadlar urug‘ini sochdi. Endi bu maqsadlar sari olg‘a qadam tashlash uchun kirib kelajak yangi — “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da barcha soha egalarida yoshlarnikidek shijoatli qalb va dadillik bo‘lsa bas. Yurt kelajagi va Vatan ravnaqi yo‘lida qilinajak islohotlar daragi hammamizga hozirdanoq bu shijoatni bag‘ishlagandek bo‘lyapti.
Zilola MADATOVA,
“Ma’rifat” muxbiri