Meni o‘ylantirgan ikki holat
Juma kuni kechki beshlarda Toshkentga yo‘lga chiqdik. Hamrohlarim o‘zimning birinchi o‘quvchim — Mirali ukam, ikki talaba jiyanim. Biri Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universitetida, ikkinchisi Chirchiq davlat pedagogika institutida tahsil oladi. Yo‘lga chiqdik deguncha suhbatimiz bolalik xotiralari, kitobxonlik, gazetxonlik to‘g‘risida bo‘ldi.
— Opajon, esingizdami, dadam har oqshom o‘zi o‘qiydigan gazetadan bolalar to‘g‘risida ibratli bir hikoyami, nimadir o‘qib berardi. “O‘sha paytlardayoq boshqa viloyatdagi tengqurlaring nimalar qilishayotgan ekan-a? Sizlar ham o‘qigan kitoblaring to‘g‘risida xulosalaringni yozib yursalaring, ibratli ish bo‘ladi”, degandi.
Adashmasam, o‘shanda maktabga chiqmas edim.
Uyimiz yonidagi tuproq ko‘chada yo‘lning o‘rtasida yarimta g‘isht qo‘yib, ikkita “varata” yasardik. Qo‘shni yigitlar bilan bo‘ladigan futbol o‘yinida men darvozabon bo‘lardim.
Har oqshom bizni erinmay tinglaydigan dadajonimga barchasini to‘lqinlanib gapirib berardim. Qo‘shni ko‘chalardan kelgan bolalar bilan o‘yin qizigandan qizir edi. Shunday paytlari kichkina bo‘lsam-da, darvozadan birorta to‘p o‘tkazmaslikka harakat qilardim.Tasodifan o‘tib qolganda ham g‘alaba doim biz tomonda bo‘lardi.
Shunday paytlar tezroq maktabga chiqib, yozishni o‘rganishni, futbol musobaqalari o‘tkazishimizni gazetaga chiqarishni xohlardim.
— Ota-onamiz baraka topishsin, bolaligimizdanoq kitobga havas uyg‘otishgan. Talaba bo‘lganingdan sport musobaqalari to‘g‘risida eshittirish, ko‘rsatuvlar tayyorlashingning sabablari bolalik qiziqishlaring, sportning “ichi”da ulg‘ayganing uchunligi quvonchli.
— Dadam har yili dala ishlari kamayib, sovuq tushdi deguncha o‘nlab kitoblar olib kelardi. Har kuni chiroq yorug‘ida hammamiz kitob o‘qirdik. Har shanba o‘qiganlarimizni bittalab so‘rab chiqardi.
“Qahramonlarining qaysi xarakteri yoqdi, nima uchun? Nega yoqmadi?”.
Soatlab har birimiz bilan gaplashardi.
Men faqatgina suratini ko‘rgan bobomni beixtiyor yaxshi ko‘rib ketardim.
Ehtimol bobom qattiqqo‘l bo‘lmaganlarida har kuni otasi ichib kelib janjal qiladigan dugonamga rahmim kelganday menga achinib o‘tirisharmidi, degan o‘ylarimdan ham qo‘rqib ketaman.
— Oilaviy kitobxonligimiz sabab maktabni bitirgan zahoti opam ham, olti yoshda maktabga borgan bo‘lsam-da, men ham talaba bo‘ldik — deb suhbatimizga qo‘shildi jiyanim Ruxsora.
Tabiatan og‘ir, so‘ramasa, gapirmaydigan Pokiza Ne’matova o‘tgan yili 181,7, ukasi Shahzodjon 167,3 ball bilan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi bo‘lishida oilaviy kitobsevarligi, internetda muntazam test ishlab, tajribasi oshganini aytib berdi.
To‘g‘risi, uzoq yo‘lga chiqqach, yaqinlaringiz bilan suhbatlashib borish huzurli ekanligini, qolaversa, qachondir bir ko‘rpada katta bo‘lgan ukalarim oilasida ham “otameros” tarbiyamiz davomiyligini qalban his qilib quvondim. Axir, ayni paytda ota-onamning 10 nevarasi Toshkentdagi turli oliy o‘quv yurtlari talabasi.
Har birida notiqlik ishtiyoqi, musiqaga, so‘zga “oshiqlik” bor.
Bu degani — qachondir baxshi bobom hassasini do‘mbira qilib aytgan dostonlar ohangi, dadam o‘tkazgan kitobxonlik gurunglari dan qalbimiz sehrlangani, ma’rifat ila nurlangani sabab bolalarimizda ham davomiyligi ko‘ngilni yashnatadi.
Yo‘l-yo‘lakay telefondagi suhbatlarimni tinglab borayotgan jiyanlarim “Nimaga birinchi bo‘lib salom berasiz, keyin alik olasiz?”, deb savol berishayapti.
Bobom rahmatli “Birinchi bo‘lib salom berganga mingta savob yog‘iladi. Har doim birinchi salom berguvchilardan bo‘ling”, deganlarini eshitganimga salkam yarim asr bo‘ldiyov, shunga amal qilaman deyman kulib.
Mirali maktabimizda sport to‘garaklari faoliyati, o‘quvchilarning qiziqishlari, repetitorlik kurslari haqida qiziqdi. Jurnalist emasmi, qaysi gazetalar o‘qishimiz, o‘quvchilar kitobxonligi haqida alohida so‘radi.
Xudoga shukur, maktab kutubxonasi hamisha gavjum. O‘quvchilar o‘qigan kitoblari haqida alohida insholar yozishadi. Eng zo‘rlari “Tong yulduzi”da yoritilayapti. Maktabni shu yil tugatgan olti nafar, oldingi yilgilardan sakkiz nafar o‘quvchimiz talaba bo‘ldi. Respublikada chop etiladigan to‘plamlarga she’rlari kiritilgan o‘quvchilarimiz bor. Hindiston, Amerika, Italiya davlatlarida chop etilgan antalogiyalarda she’rlari qardosh tillarda e’lon qilingani faxrimiz deyman g‘ururga to‘lib...
Kattaqo‘rg‘on Toshkent orasidagi olti soatlik suhbatimiz mana shunday kechdi.
Shanba kuni “Ma’rifat”dan topgan 24 yillik qadrli insonim Mahmuda Valiyeva bilan telefonda suhbatlashdim.
Biroz hol-ahvol so‘rashgach, suhbat mavzumiz “Ma’rifat”, kitobxonlik, nevaralar tarbiyasida kitobning o‘rni to‘g‘risida bo‘ldi.
“Ma’rifat” gazetasi ta’lim tizimining otaxon nashri. Bu gazeta menga ota qadrdon. Sababi ilk bora kichikligimdayoq dadajonim qo‘llarida ko‘rganman. Salkam qirq yildirki, yo‘lchi yulduz bo‘lib hayot yo‘llarimda nur sochib turadi. Yana qadrliligi shundaki, respublikamizdagi Xalq ta’limi vazirligiga qarashli o‘n mingdan oshiq yaqin maktab, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga qarashli yuzlab o‘rta maxsus ta’lim maskanlari va institutlarda faoliyat yuritayotgan yuksak salohiyatli fan arboblari, olimlar, ustoz muallimlar faoliyati, ta’limdagi innovatsion texnologiyalarni o‘rganish barobarida ko‘plab ma’rifatli do‘stlar orttirdim. Ulardan biri Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi “Hosildor” MFYda joylashgan 2-kasb-hunar maktabi rahbari Ulug‘oy Xudoynazarovadir. U 2017-yil dekabrdan buyon mazkur lavozimda ishlab kelmoqda. Ilk bora besh-olti yillar avval gazetada maqolalari bilan, keyinchalik “Ma’rifat” mushtariylari” telegram guruhida ta’lim-tarbiyaga oid xilma-xil fikrlari bilan diqqatimni tortgan yuksak ma’naviyat sohibasi. Biz ikki yilcha oldin yuzma-yuz ko‘rishish baxtiga erishgan edik. Shundan beri onlayn hamfikr suhbatdoshmiz. Suhbatlarimiz o‘quvchilar, maktab hayoti, gazetxonlik bilan boshlanib kitobxonlik bilan tugaydi. Toshkentga kelganimni eshitgan Ulug‘oy tongdayoq yo‘qlab keldi.
Yakshanba kuni roppa-rosa ikki soat Ulug‘oy bilan ta’limdagi islohotlar, muallimga bo‘lgan e’tibor, bugungi yoshlarning qiziqishlari, gazetxonlik, kitobxonlik to‘g‘risida suhbatlashdik.
Yigirma nafar muallim faoliyat yuritayotgan hunar maktabida to‘rt o‘qituvchi bir “Ma’rifat”ga talashib qolayotgani, hech bo‘lmaganda, ikki kishi bir gazetaga obuna bo‘lishi kerakligi, o‘zlarining maqolalari, fikrlari berilayotganidan xursandligini aytdi.
Suhbatimizga guvoh bo‘lgan talaba jiyanlarim: “Sizlarga havas qildik. Boshqa viloyatda yashasangizlar-da, fikrlashlaringiz bir xil, faqat “Ma’rifat” haqida gaplashishlaringizga qoyil”.
“Ma’rifat” orqali tanishganimizdan, yonma-yon turib bir-birimizdan ma’naviy quvvat olayotganimizdan g‘ururlanamiz...
Dushanba kuni har doimgiday maktabga shoshildim.
Avval issiqlik tizimini, hovlidagi obodonchilikni ko‘rib chiqib, o‘quvchilar kelgunga qadar sinfxonalarni aylandim.
Yangi yil bayramiga chiqarilgan devoriy gazetalarni ko‘rib chiqdim.
Matbuot xodimi keltirgan gazetalarga ko‘z yugurtirdim. O‘tgan yilgi obuna mavsumida ancha faollik qilgandik, sonma-son o‘qiyapmiz. Dekabr yakunlanib borayapti, bu yil o‘tgan yilgiday avj emas. Atrof maktablardagi kamchilik bizga ham ta’sir o‘tkazayotganday. Pandemiya sabab ustama pullari berilmayotganligi (har oyda to‘rt yuz minggacha ustama olayotgan o‘qituvchilarimiz fikri), ota-onalarning sustkashligi sabab bu yilgi obunada anchagina orqadamiz. Ta’lim nashrlariga uch-to‘rt o‘qituvchimiz bittadan, har bir sinf rahbari eng a’lochi o‘quvchilariga rag‘bat sifatida bir donadan “Tong yulduzi” sovg‘a qildi, xolos...
Qo‘shni viloyatdan yo‘qlab kelgan direktor ukamiz (ismini sir tutishimni aytdi) bilan gazeta targ‘iboti to‘g‘risida suhbatlasha turib, ulardagi ahvol bilan qiziqaman. “Rahbar bo‘lganimga uch yil bo‘ldi. O‘sha yili maktabimizga “Ma’rifat”, yana uch-to‘rt gazeta kelar edi. Majburiy obuna bekor qilindi, degan gap chiqqandan beri birorta nashrga yozilmaymiz. O‘qituvchiga obuna to‘g‘risida gap boshlashingiz bilan majburiy emas, portalga chiqaman, deydi. Hatto bilimsizligini, ko‘proq o‘qishi, izlanishi lozimligini aytsangiz-da, Yurtboshimiz o‘qituvchi qadrini oshirayotganda siz nimaga meni tahqirlaysiz deguvchilar topilayapti. Tinch qulog‘im deydigan bo‘ldik.
Ishonmasangiz, bir-ikki holatni aytib beray. O‘qituvchiga sal qattiq gapirgani uchun nechta rahbar ishdan olindi.
Nimaga birorta tekshiruvchi rahbarning haqligini, bilimsiz bo‘laturib do‘q qilayotgan muallim saviyasizligini ko‘rsatib bermaydi. Shunday bo‘lgach, “men senga indamayman” qabilida ish yuritish tinch ekan-da, ustoz” degach, o‘yga tolaman.
Ijtimoiy sohadagi islohotlar quyi qatlamga yetib kelmas ekan (internet tezligi yaxshimas qishloq joylarida), muallimlar o‘z ustida ishlamas, bilimini boyitib, yangi texnologiyalardan foydalanib dars o‘tayotgan kasbdoshlari faoliyati haqida o‘qib, tajriba almashmas ekan, qotib qolamiz-ku.
Stolimda turgan gazetaning to‘rt-besh sonini (12 dona “Ma’rifat” olamiz) qo‘liga tutqazaman-da, “Men hayotimda nimaki yutuqqa erishgan bo‘lsam, “Ma’rifat”ning o‘rni beqiyos. Qachondir gazetada maqolalari chiqadiganlarga havas qilardim. Bora-bora men ham ijodkor muallimga aylandim. Bugungi kunda maktabimizda ijodga havasmand o‘qituvchi, o‘quvchilar ko‘paydi. Tumanda ijodga havasi baland o‘quvchilari, ijodkor muallimlari ko‘pchilikni tashkil qilayotgan maktab ekanligimizdan faxrlanamiz”, dedim.
“Men albatta “Ma’rifat”ga obuna bo‘laman, ustozlarimizni, o‘quvchilarimizni ham ergashtiraman”, degan gaplaridan, ezgulik targ‘ibotchilari safi bittaga ko‘payganidan quvondim.
Ikki muallim bilan ikki xil suhbat mana shunday yakun topdi.
Qaniydi, respublikamizdagi har bir ta’lim muassasasi rahbarlari kamida besh dona “Ma’rifat” gazetasining maktabiga borishini tashkil qilishsa, nur ustiga nur bo‘lar edi.
Ilohim ma’rifat yog‘dusidan nurlanishni istaydigan qalblar omon bo‘lishsin!
Aziza BOYMURODOVA, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 28-maktab direktori