O‘z yurtimda musofir edim…
“O‘tgan yili 1995-yilgacha yurtimizga ko‘chib kelganlarga O‘zbekiston fuqaroligini to‘g‘ridan to‘g‘ri berish tartibi belgilandi. Bu bilan 50 mingdan ortiq shaxslarga fuqarolik olish imkoniyati yaratildi.
Kelgusi yilda bu ishlarni davom ettirib, 2005-yilgacha mamlakatimizga kelib doimiy yashayotgan, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga ham to‘g‘ridan to‘g‘ri O‘zbekiston fuqaroligini bersak, nima deysizlar? Bu o‘zgarish bilan yana 20 ming kishi O‘zbekiston fuqarosi bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bundan buyon yurtimizda 15 yil davomida muqim yashagan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga to‘g‘ridan to‘g‘ri O‘zbekiston fuqaroligini berishning doimiy tartibi joriy qilinadi”.
Tani boshqa dard bilmas, deydilar. Prezidentimizning Murojaatnomasidan olingan ushbu gaplarni eshitib hech kim menchalik quvonmagan bo‘lsa kerak. Bu so‘zlar ko‘nglimning tub-tubidagi kul qoplagan umid uchqunlarini alangalatdi. Fuqarolikning naqadar buyuk ne’mat ekani, unga erishish mashaqqatini menga o‘xshash o‘z yurtida musofir bo‘lganlar biladi, yelkasini qisib yurganlar biladi.
Qo‘shni Tojikiston Respublikasida tug‘ilganman. O‘zbekistonga ko‘chib kelganimga ham 24-25 yildan oshdi. Shu yerda oila qurdim, farzandlarim shu tuproqda tug‘ildi. O‘zbekistonni hech hayiqmay Vatanim deyishga haqliman. Bu aziz makonni fuqaroligi borlardan kam sevmayman. Ammo o‘tgan vaqt mobaynida “Fuqaroligingiz yo‘q ekan”, deya qancha idoralarning eshiklari yuzimga ters yopilmadi deysiz. Jonimdan ortiq suygan Vatanimda hadiksirab yashadim. Hatto o‘z oilam, yaqinlarim, do‘stlarim orasida begonaday sezdim o‘zimni…
Endi mening ko‘ksimga ham shamol tegadigan bo‘ldi. Orzularim ushaladi. Barchasi uchun Prezidentimizdan minnatdorman! Tanda jon, belda quvvat bor ekan, o‘zim yaxshi ko‘rgan soha — xalq ta’limi tizimida elimizga, farzandlarimizga xizmat qilishdan tolmayman.
Gulchiroy RAHMONOVA, Sirdaryo viloyat xalq ta’limi boshqarmasi Pedagogik-psixologik tashxis faoliyatini tashkil etish sho‘basi rahbari