Archabayram
Bu archa deganlarining mevasi yo‘q. Saratonda bosh suqqali soya topmaysan. O‘tinlikka desang, bir qarich o‘stirguningcha nevarangdi soqoli tizzasiga tushadi. Shu sababdan ko‘pchilik qishloqlarda Yangi yil oldi archa bezash udum emas.
Qorboboga kelsak, paxta bilan iyagini ming berkitmasin, bolalar bu maktabning ko‘sa qorovuli ekanini bilib olishadi. Kambag‘alning bir to‘ygani boy bo‘lgani. Bo‘yab bejamay aytganda Yangi yil oqshomida bo‘kkuncha yeb ichiladi, tamom vassalom. Shaharda esa boshqacha: archalar bezalgan, qorqiz-u qorbobo, karnavallar-u konsertlar…
Kecha shahar vaqti bilan tong sahar — soat to‘qqiz yarimlarda telefonim jiringlab qoldi. Qarasam o‘sha:
— Toshkent sitiyga archa qo‘yilibdi, aylangani boraylik…
Shunday sovuqda muhabbat ko‘ngilga sig‘adimi? Ammo u so‘zlarni shu qadar erkalab talaffuz qildiki, sitiyga kirish pulli bo‘lgani ham esimdan chiqib, xo‘p deb yuborganimni o‘zim ham bilmay qoldim. Ustiga ustak o‘sha bilan tanishganimizga hali ko‘p bo‘lmadi. Cho‘ntakda bir so‘m yo‘q. Xonadoshlardan qarz oldim. O‘zi Toshkent sitiyga borishni u qadar yoqtirmayman. Qurilishida kun o‘targa mardikorlik qilganimni inobatga olmasa, kirish tekin payti jo‘ralarimning qistovi bilan bir-ikki borganman xolos. Odamlar uning nimasiga qiziqadi hayronman.
Qishloqdagi besh-olti tirriq echking, qisir sigir, dumsiz eshak, nuray deb qolgan choldevor, otangning eski kalishi, enangning paypoqqa yashirgan puli, suvsizlikdan qaqrab yotgan tomorqa, bore-e mayli, hali qo‘lingga tegmagan bebaho diplomning orqasidan keladigan arzimas oylikni qo‘shsang-da Toshkent sitiydagi chiroyli uylar eshigining tutqichini ham ushlolmaysan. Suqlanib tikilgandan nima foyda?
Tunov kuni televizorda bir ayolning 4 yashar bolasini 1000 dollarga sotayotgani haqida ko‘rsatishdi. Men ham shartta cho‘tni qo‘limga olib hisoblay boshladim: Xo‘sh, yoshim 21 da, tishim butun, bo‘yim bir-u yetmish besh, ozroq oriqligimni aytmaganda kim sotib olsa ham baraka topadi. Undan tashqari qo‘shiq aytolaman, u-bu narsa yozish qo‘limdan keladi, mardikorlikka ham ancha tajribam bor… Xullas, barcha karomat-u qusurlarimni qo‘shib hisoblaganda narxim
20 000 dollar atrofida ekan (kelishsak kami bor. Bozorga qo‘y olib chiqsangiz ham ozroq oshirib aytasiz-ku). Lekin baribir Toshkent sitidan uy sotib olishga yetmaydi (shu qadar arzonligimdan uyalib ketyapman). Shuning uchun o‘zimni bozorga solmadim. Sitiga borishni nega yoqtirmasligimni tushungandirsiz…
Sochlar taraldi, poson bo‘ldim (o‘zi birovning kiyimlari menga doim yarashgan). O‘sha meni bekat yonida kutib turgan ekan. Yonida ikki dugonasi-yu bitta kampir (pishirib qo‘yiptimi bularga!). Pulimning cho‘g‘i kamligidan tilim kalimaga kelmay, nima qilarimni bilmay, ko‘kara boshladim…
— Tanishing, bu kishi mening xolam bo‘ladi. Kecha qishloqdan kelgandi. Shaharni bir aylantiray deb olib chiqdim.
— Atta-aang, boshqa qarindoshlaringni ham chaqirmapsan-da. Ozib-yozib bir dunyoga kelibdi. Toshkent sitini ko‘rmay o‘tib ketadimi ular?!
Noiloj, bozori o‘tmay qolgan dugonalarga hamroh bo‘lishi uchun ziqna jo‘ralarimni chaqirdim. Endi ikki dunyo oralig‘ida so‘nggi yaproqday ilinib turgan manovi kampirga munkillagan cholni qayerdan topaman?!
Men, o‘sha, ikki ziqna-yu dugonalar, qari kampir. 10 000 dan hisoblaganda naqd yetmish ming so‘m. Kassaning yonida hammasi bezrayib turibdi. Ko‘ngil uchun bo‘lsa-da qo‘ying-qo‘ying, deyish yo‘q. To‘ladim!
Orada boshim og‘riganini bahona qilib, hozir dorixonaga borib kelaman dedim-u ijara uydan qishloqqa ketish uchun tishning kovagida saqlangan yo‘lkirani olib chiqdim. U ham yetmagandek, do‘konchidan yana qarz ko‘tardim. Ular maza qilib aylandi, men esa…
Hee-e o‘shaniyam, qo‘sha-qo‘sha dugonalariniyam, archasiniyam, Toshkent sitisiniyam…
Hozir ijara uyda mo‘ltirab o‘tiribman. Yangi yildan mening yagona tilagim necha zamondan beri qoramni ko‘rmagan qishloqqa borib kelish. Bechoraning duosi ijobat bo‘ladi deydilar. Qani qo‘lingizni oching.
Yangi yildan men yo‘lkira, beva xotinlar er, shoirlar uch-to‘rt qator she’r tilaydi. Kattakonlarga yolg‘on, ochlarga yovg‘on bersin. Elektrasetchilarning uyiga svet, qishloqlarga sham, echkiga tibit, hokimlarga qancha tilasang kam. O‘choqqa o‘tin, avtochilarning har biriga 70 xotin, bir mahalla o‘g‘il-qiz, o‘g‘il-qizga kaptiva, xalqqa matiz, niva. Blogerlarning tiliga yara, mollarga kunjara, maddohlarga unvon-u uzunroq til, haqiqattalablarga 10-15 yil. Ayiqqa asal, artislarga hangroqi ovozga qo‘shib qichima kasal. Talabalarga mardikorbozordan ish, non kovshashga tish, otasining narxidagi ijara uy, kantrakni to‘lashga bir qo‘ra qo‘y tilayman. Oshiqlar yorim deb, bizga o‘xshaganlar (ma’naviyat, ilm, fikr tuyg‘u, xullas hammasiga qo‘l siltab), qorin deb yashayveraylik (Iya, o‘zimizning maktablar qolib ketibdi-ku).
Maktabning narsalarini uyiga tashishga qiynalayotgan qorovulga arava, yo‘rg‘a hangi bilan bitta pishiq xalacho‘p, jismoniy tarbiya mallimning erka uliga 48 to‘p, cho‘ponga poda, nurayotgan sinfxonalarning shiftiga tirab qo‘yish uchun xoda, yomg‘ir-qor yog‘ib chakka o‘tganda tutib turish uchun besh-oltita tog‘ora, qushnochlarga childirmaga qo‘shib nog‘ora, direktorga tekshiruvchilarni xursand qilishi uchun bir- ikki yashik aroq, uni bo‘shatmoqchi bo‘lib yurgan “zauch”ga qalam bilan varoq. Maktab bitiruvchilariga shahodatnoma bilan gul, unga qo‘shib Rossiyaga ketishi uchun ozroq pul, shu qatorda bu yil obunasi yurishmagan gazeta-jurnallarga ikki enlik qabr, o‘qituvchilarga sabr, tiliga kelganini qaytarmaydigan shapaloqchilarga insof tilaymiz. Omin!
Arzonboy SARSONBOY o‘g‘li