Prezident topshirig‘i bilan Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari grant asosida OTMda o‘qiydigan bo‘ldi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 18-19-fevral kunlari Namanganga tashrifida viloyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga daxldor muhim masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, Namangan shahridagi 26-sonli “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilari bilan o‘tkazilgan uchrashuv bu maskanda kamol topayotgan bolalar qalbidan chuqur joy olib, kelajakka umid, ishonch berdi. Boisi, davlatimiz rahbari unutilmas uchrashuvda mehribonlik tarbiyalanuvchilarining talab va istaklarini so‘rab, o‘rgandi.
60 nafar o‘g‘il-qiz voyaga yetayotgan ushbu muassasa tashrifning ertasiga Respublika vazirlik va idoralari rahbarlari bilan gavjum bo‘ldi. Prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Qahramon Quranboyev, Madaniyat vaziri, O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov Mehribonlik uyida bo‘ldi.
— Farzandlarimiz yurtimizda hech qachon e’tibordan chetda qolmaydi. Ular davlat rahbariyatining doimiy g‘amxo‘rligida bo‘ladi, – dedi Shavkat Abdurazzoqov. –Prezidentimiz ko‘rsatmalariga binoan bu yil “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilaridan 44 nafari uchun yangi uy-joylar qurib beriladi.
Tantanali tadbirda davlatimiz rahbarining tashrifi davomida bildirilgan taklif va orzu-istaklar ro‘yobi sifatida bolajonlarga noutbuk, planshet, uyali telefon, magnitafon, musiqiy cholg‘u asboblaridan iborat Prezident sovg‘alari topshirildi.
— Yurtboshimizni Mehribonlik maskaniga kelishlarini kutmagan edik, – deydi Namangan shahridagi 26-sonli “Mehribonlik uyi” direktori Dilorom Abdurahimova. – Tashrif, ayniqsa, bolajonlar uchun katta sovg‘a bo‘ldi. Ularning qanchalik quvonganlarini aytmaysizmi? Prezidentimiz bolalar bilan uchrashuvda har bir bolaning xohish-istagiga mos sovg‘alar yuborishini aytgandi. Oradan bir kun ham o‘tmay aytilgan sovg‘alar taqdim etildi. Tasviriy san’atga oshufta ikki nafar tarbiyalanuvchimiz – Shoira Mashrabova va Muhammadyusuf To‘xtasinovni oliy o‘quv yurtiga davlat granti asosida qabul qilinishi haqidagi xushxabar barchamizga shodlik ulashdi.
Tashrifda ertamiz egalari uchun sharoitlarni yaxshilash borasida bir qator vazifalar topshirilgandi. Ayni shundan kelib chiqqan holda “Mehribonlik uyi” binosini kapital ta’mirlash, yangi mebellar to‘plami bilan ta’minlash, Chust tumanida joylashgan “Mehrjon” dam olish maskanini to‘liq qayta qurish vazifalari belgilandi.
— Prezidentimiz bilan uchrashuv hayotimdagi eng unutilmas kun bo‘lib qoladi, – deydi “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchisi Shoira Mashrabova. — Biz bilan dildan suhbatlashdilar. Chizgan suratlarimizni ko‘rsatdik, rosa quvondilar, Sizlarga nimalar kerak, deb so‘radilar. Yurtboshimiz g‘amxo‘rliklari tufayli Namangan Davlat universitetida o‘qish istagim amalga oshishidan juda quvondim. Kelajakda yetuk rassom bo‘lib, bildirgan ishonchlarini oqlashga va’da beraman.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA