Millat oldidagi burch
Chaqalog‘ining “inga” degan tovushiga javoban beshikni quchoqlagan holda murg‘ak zurriyodiga ko‘kragini tutgan ona – eng mo‘tabar zot. Ona ko‘krak suti bilan chaqalog‘ini oziqlantirayotgan pallada mayin tovush bilan alla aytadi. Bu yoqimli tovushda mehribonlikning barcha jozibalari mujassam, u ona tilidan taralyapti. Inchunin, ona tili uning o‘zi va sutidek muqaddas hisoblanadi.
Aksariyat mamlakatlarda aholining ko‘pchiligini tashkil etadigan millatning ona tili davlat tili maqomiga ega. Bizda ham talaba yoshlarimiz va millatparvar fidoiy rahbarlarning sa’y-harakati tufayli 1989-yil 21-oktabrda O‘zbekiston Oliy Soveti o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgani haqidagi qonunni qabul qildi. Bu katta tarixiy g‘alaba edi. Ikki yildan so‘ng ittifoq tarqalib ketdi, sovet imperiyasi tarkibidagi respublikalar qatori O‘zbekiston ham mustaqillikka erishdi. Lekin mustaqillikning dastlabki chorak asri mobaynida davlat tilining amaliy tatbig‘i juda sust kechdi. Buning sabablaridan biri milliy yozuvimiz isloh qilinishi tufayli vujudga kelgan muammolardir. Fuqarolar savodxonligi bilan mamlakatning taraqqiy etganligi orasidagi mutanosiblikni e’tiborga olib yozuvimizdagi muammolarni hal qilib olish – ilm ahlining dolzarb vazifasi deyish mumkin.
Mehnat faoliyatimning aksariyat qismi pedagoglik bilan bog‘liq bo‘lgani va yoshlar uchun o‘zbek tilida darslik va qo‘llanmalar yaratishdagi tajribamga tayangan holda milliy yozuvimiz haqidagi fikrlarimni bayon etaman.
Qadim zamonlarda ajdodlarimiz yaratgan o‘z yozuvimiz bo‘lgan. Zaminimizga islom dini bilan birgalikda arab yozuvi ham kirib keldi, natijada qadimiy bitiklarimiz iste’moldan chiqib ketdi. Keyinchalik arab yozuvi asosida yuzaga kelgan o‘zbek alifbosidan foydalanildi. Sho‘ro davrining boshlang‘ich yillarida lotin imlosiga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tildi, lekin u 1929–1940-yillar davomida yashadi, xolos. Kremlning topshirig‘ini bajargan tilshunoslarimiz rus alifbosini aynan ko‘chirib, unga ruschada uchramaydigan “o‘”, “q”, “g‘”, “h” harflarini qo‘shib alifbo yaratdilar.
Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng alifbomizdagi belgilar (harflar) birlamchi manba – lotin yozuvidagilarga moslashtirildi hamda tilimizdagi original tovushlar uchun qo‘shimcha belgilar kiritilib, 1993-yili yangi milliy alifbo qabul qilindi. Shuning uchun uni lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosi deb talqin qilishimiz ma’qul. Yangi o‘zbek alifbosining afzalliklari mavjud edi – oddiy tovush belgilarini tanlashda tilimizning fonetik xosliklari e’tiborga olingan: eski alifbodagi (to‘rtta harf qo‘shilgan ruscha alifbo nazarda tutilyapti) “e”, “yo”, “yu”, “ya” harflari zamirida ikkitadan oddiy tovush birikmasi bor. Shuning uchun yangi alifboga ikki harf birikmasi ye, yo, yu, ya shaklida berildi.
“Ch”, “g‘”, “o‘”, “sh” harflari esa mos ravishda ç, ğ, ö, ş tarzida belgilandi. Bunday usul turk, ozarboyjon, turkman yoxud Yevropa sharqi va janubidagi xalqlar alifbosida ham qo‘llanilgan. Ular o‘zlarining milliy tillariga xos bo‘lgan (lotinchada bo‘lmagan) tovush grafikasini (ya’ni harfni) yasash uchun mazkur tovushga yaqin tovushni ifodalovchi harfning ostiga yoki ustiga biror qo‘shimcha belgi qo‘yadi. Bu usulning afzalligi shuki, mabodo o‘quvchi lotin harfidagi qo‘shimcha chiziqchani e’tiborga olmasa ham, so‘z talaffuzi katta zarar ko‘rmaydi.
Fikrimcha, mazkur alifboning kamchiligi ham mavjud edi: o‘zbek tilida “j” (jurnal) tarzida talaffuz etiladigan tovush deyarli uchramaydi. Shuningdek “ng” ham to‘laqonli tovush emas. Shuning uchun ularni alifboga kiritishga zarurat yo‘q edi. Shunday bo‘lsa-da, xalqimiz bu alifboni o‘zlashtirishga kirishdi. Lekin 1995-yili lotin yozuvi asosidagi alifboning yangilangan ikkinchi variantiga o‘tildi. Endilikda “o‘” va “g‘” harflarini qo‘shimcha belgilar yordamida emas, teskari vergul yordamida (g‘ va o‘) ifodalaydigan bo‘ldik. Shuningdek, “sh” va “ch” harfi ikki harf birikmasi tarzida (xuddi inglizlardagidek) yozildi. Inglizlar ketma-ket yozilgan oo ni “u” deb, ee ni esa “i” deb talaffuz qiladi. Ular so‘zlardagi ba’zi harflarni umuman talaffuz ham etmaydi, bunday nomutanosibliklarning sababini so‘rasangiz, “an’ana” deb javob beradilar.
Ruschada ham “an’ana” desa bo‘ladigan o‘ziga xosliklar mavjud. Rus alifbosida “o” harfi “o‘” yoki “a” tovushi tarzida ham talaffuz etiladi. Masalan, ruslar “on”, “ona” deb yozishadi-yu, “o‘n”, “ana” deb o‘qishadi. Qaratqich kelishik (родительный падеж) qo‘shimchasi “-ogo”ni “-o‘va” deb talaffuz etishadi. Umuman, ruschada harflarni boshqacha talaffuz etib o‘qiladigan hollar ko‘p uchraydi. Quyida ba’zi so‘zlarning yozilishi va qavs ichida ularning talaffuzi keltirilgan: kogo (kavo‘), chego (chevo‘), komu (kamu), otets (atets), Moskva (Maskva), Rossiya (Rassiya), obezyana (abezyana), zoloto (zo‘lota). Bundan tashqari, boshqa millatlarning so‘zlarini buzib yozish hollari ham uchraydi. Quyida qavs ichida shunday so‘zlarning ruscha yozilishi keltirilgan: Toshkent (Tashkent), O‘zbekiston (Uzbekistan), Xorazm (Xorezm), Farg‘ona (Fergana), Hamlet (Gamlet), Hollandiya (Gollandiya), Boyko‘l (Baykal), Oq idil (Agidel), Jenisoy (Yenisey).
Umuman, inson faoliyatining mahsuli bo‘lgan hodisalar mutlaq mukammallikka da’vo qilolmaydi. Ularda e’tiborga olmasa ham bo‘ladigan kichik nuqsonlar, ba’zi hollarda esa yaqqol namoyon bo‘ladigan katta kamchiliklar uchraydi. Ajdodlar bunyodkorligidagi bu nuqsonlarni avlodlar tuzatishga harakat qiladi. Tuzatishlar katta noqulayliklarni vujudga keltirishi mumkin bo‘lgan hollarda kamchiliklarni “Ajdodlarimizdan qolgan an’ana” deb hisoblashadi. Ammo inglizlar va ruslarning an’analarini boshqa millatlar, xususan, biz – o‘zbeklar ham qabul qilaverishimiz shart emas.
Hozir lotin yozuviga asoslangan yangi alifbo ta’lim muassasalarida to‘liq amal qilyapti. Korxonalar, davlat idoralari, rahbar mulozimlarning hisobotlari va yozishmalarida esa hanuz eski alifbo qo‘llanilyapti. Aniqroq aytganda, yoshlar yangi alifbodan, yoshi ulug‘roqlar esa eski alifbodan foydalanishyapti. Natijada mamlakatimizda ikki alifbolik vujudga keldiki, fuqarolarimiz savodxonligining yanada susayishiga sababchi bo‘lyapti. Mazkur muammoni hal etish – davr talabi ekanini angladik, lekin uni amalga oshirish haqida bahslashyapmiz, xolos. Ortiqcha bahslashavermasdan, hamjihatlik bilan muammoni tezroq hal etish yo‘lini qidiraylik. Shu asnoda mulohazalarimni (tilshunos bo‘lmasam-da!) bayon etaman.
Alifboni o‘rganmoqchi bo‘lgan fuqaro harflarni tanib olishga intiladi, ya’ni har bir harf qanday tovush belgisi ekanini aniqlashtirib oladi. So‘ng bir necha harfdan iborat birikma tarkibidagi harflarga mos tovushlarni ulab talaffuz etganda yangraydigan so‘z qanchalik aniq chiqishiga e’tibor qaratadi. Mazkur jarayonda yangi alifbomizning afzal va nomaqbul jihatlari namoyon bo‘ladi. Haqiqatan, yangi alifboning hozir qo‘llanilayotgan 1995-yilgi variantidagi harflar vositasida bitilgan matndagi biror so‘zda sh yoki ch ning avval birinchi harfini, keyin ikkinchi harfini talaffuz etish kerakmi yoki ikki harf birikmasini bitta tovush tarzida talaffuz qilish lozimmi, degan muammoviy to‘xtalishga duch kelamiz. Agar “sh” va “ch”ni yangi alifbomizning birinchi (1993-yil) variantidagidek yoxud lotin yozuviga asoslangan qardosh millatlar alifbolaridek ş va ç tarzida belgilansa, mazkur muammo osongina bartaraf bo‘lar edi. Yoshlar ham bu juz’iy o‘zgarishlarni qiynalmasdan, osongina o‘zlashtirishardi.
Yoshi ulug‘roqlar apostrofni ayirish belgisi sifatida idrok etishga odatlanib qolgan. Bunday muammo “g‘” va “o‘” tovushlarini belgilovchi harflarda uchraydi: matnda nigohimiz g‘, o‘ harflariga duch kelganda, ularning belgisini apostrof deb qabul qilamiz. Zero, yoshlarning o‘zi ham ko‘p hollarda adashib, bu harflarni apostrof belgisi bilan g’ va o’ shaklida yozadi. Natijada, bu hol savodsizlikning avj olishiga zamin yaratmoqda. Bizningcha, bu muammoni hal etish uchun g va o harflariga qo‘shimcha element, belgi kiritish mumkin. Yangi alifboning birinchi variantida “g‘” harfi ğ tarzida ifodalangan, “o‘” esa ö tarzida belgilangan. Bu ham yomon emas, ammo ö harfini yozayotganda qalamni qog‘ozdan ikki marta uzib, o belgisi ustiga ikki marta nuqta qo‘yishimizga to‘g‘ri keladi. Nazarimizda, “o‘” tovushini ŏ tarzida belgilash ma’qul. Shunda yozuvimizda lotin alifbosining asosiy harflari yoniga to‘rtta milliy tovush belgilari – ç ş ğ ŏ harflari qo‘shiladi, xolos.
Chet tillardan o‘zbek tiliga kirib kelgan so‘zlarni aslidek talaffuz qilish maqsadida qo‘shimcha harflar kiritaverish noma’qul. O‘quv muassasalarida deyarli 20 yildan beri qo‘llanilib kelayotgan yangi alifboga iloji boricha kamroq o‘zgartirish kiritish tarafdoriman. Yangi alifbodagi harflarga qo‘shiladigan chiziqchalar mazkur harfning qayeriga qo‘yilishi va qanday shaklda bo‘lishini hal etishda texniklar faollik ko‘rsatishi kerak. Fikrimcha, taklif etilayotgan juz’iy o‘zgartirishlarni yoshlar ham, yoshi ulug‘roqlar ham osongina hazm eta oladi.
Bayon etilgan fikrlar davlat tili mavqeyini mustahkamlash uchun bajarilishi zarur bo‘lgan amallardan biri, xolos. Ikkinchi asosiy sabab shundaki, mustaqil O‘zbekistondagi qator lavozimlarni ittifoq davridagi amaldorlar egallagan edi. Ular boshqaruvlaridagi idoralar faoliyatini rus tilida olib boraverdi, ularning aksariyati davlat tilida, ya’ni o‘zbek tilida jo‘yali yozish va nutq so‘zlashga qodir emasdi-da! Mahalliy jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari orasida ham o‘zbek tilini mukammal egallamaganlari talaygina edi. Misol keltiraman. Televideniye orqali go‘sht va go‘sht mahsulotlarini yetkazib berish muammolari haqida deyarli bir soatlik ko‘rsatuv davomida boshlovchilar ham, ishtirokchilar ham qushxona atamasini qo‘lladilar. Axir qushxona deganda qushlar, masalan kabutar, tovuq kabi parrandalarni boqadigan hudud tushuniladi-ku! Go‘sht tayyorlash uchun hayvonlar, ya’ni qo‘y va qoramollarni so‘yadigan hudud esa kushxona deyiladi-ku! (O‘zbek tilining izohli lug‘atida ham kush so‘yish, o‘ldirish ma’nosini anglatishi qayd etilgan).
Bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Achinarlisi shuki, ayrim millatdoshlarimiz o‘zbek tilini mukammalroq egallashga intilish – o‘zlarining va zurriyodlarining millatimiz oldidagi burchi ekanini anglamayotir. Ularning ba’zilari o‘zbek tilida yozish va so‘zlashish malakasini oshirishga kamhafsalalik bilan yondashadi, ayrimlarining zehniyatida sovet davrida shakllangan “Rus tilini mukammal bilish – hayotiy zarurat” degan fikr hanuzgacha saqlanib kelmoqda.
Sovet davrida rus tilini o‘qitish sohasida O‘zbekiston boshqa milliy respublikalarga o‘rnak bo‘ladigan darajada ilgarilab ketgandi. Rahbarlarimiz “Rus tili – ikkinchi ona tilimiz” shiori ostida anjumanlar o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berishardi. Ikkinchi ona tili (ruschasiga второй родной язык) iborasidagi ona tili qo‘shma ot va u ajratib yoziladiki, natijada yuqorida qayd etilgan shiorni ikkinchi onaning tili mazmunida ham tushunish mumkin. Vaholanki, insonning, hattoki barcha sutemizuvchi jondorlarning ham onasi va otasi bittadan bo‘ladi.
Farzandlarimizning xorijiy tillarni (rus tili, ingliz tili...) chuqurroq o‘zlashtirishini nur ustiga nur deb qabul qilish lozim. Lekin bu yutuqlarga erishish yo‘lida ona tili va adabiyotga oid bilimlari oqsab qolishi kuzatiladi. Mazkur muammo bo‘yicha mening fikrim quyidagicha: farzandingizning maktabdan tashqarida ona tili va adabiyotga oid bilim olishiga sharoit yaratish imkoniyatiga ega bo‘lsangiz, uni xorijiy tildagi maktabga beravering. Aks holda, ko‘zingiz qorachig‘idek aziz farzandingizni ona tilimizning o‘ziga xos jozibasi-yu latofatidan, asrlar davomida donishmand-u shoirlarimiz yaratgan va ajdodlarimiz milliy ma’naviy meros sifatida avaylab avlodlarga yetkazib kelayotgan mumtoz adabiyotimiz durdonalaridan bahramand bo‘lish baxtidan mahrum etgan, ya’ni uni ma’naviy majruhlik girdobiga yetaklagan bo‘lasiz. Shu asnoda xalq yozuvchisi Tohir Malikning o‘zaro suhbatlarda: “Ilmsiz odam so‘qirga o‘xshaydi, uni kamsitib chetga surib tashlash insofdan emas. Balki ko‘r ko‘zini ochish uchun bilimdon unga nur berishi lozim”, degan so‘zlarini eslash ma’qul bo‘ladi.
Shuning uchun bolalarimizning o‘zbek tili bo‘yicha bilimlarini o‘zlariga namoyish qilish usulidan foydalanaylik. Bu usulni, ya’ni sinov o‘tkazishni qisqacha bayon etaman.
Sinov onlayn tarzda o‘zbek tilidan diktant o‘tkazishdan iborat. Diktant matni yarim bet hajmida, masalan, har bir satri 50 belgidan iborat 20 satrdan tashkil topgan bo‘lishi mumkin. Demak, matn 1000 belgidan iborat. Bunday matnlar bir necha mingta bo‘lib, ular Davlat test markazining topshiriqlar jamg‘armasida saqlanadi. Sinov o‘tkaziladigan katta zaldagi har bir stolda kompyuter joylashgan. Sinovdan o‘tuvchilarning har biri alohida kompyuter qarshisiga o‘tiradi va audioquloqchinni taqib oladi. Internet orqali maxsus dastur bilan ajratib olingan diktant matni kompyuterga kelib tushadi. Audioquloqchindan chiqayotgan matnni sinovdan o‘tuvchi kompyuter klaviaturasidan foydalanib yozib boradi. Diktant tugagach, kompyuter monitorining birinchi yarmida o‘qilgan matn yozuvi, ikkinchi yarmida esa sinovdan o‘tuvchining yozuvi va undagi xatoliklar qizil rang bilan tuzatilgan holda aks etadi. Matnlar ostida sinovdan o‘tuvchi yo‘l qo‘ygan xatolar va diktantga qo‘yilgan baho ko‘rsatiladi. Bu usulda diktant o‘tkazishda obyektivlik ta’minlanadi. Bunga o‘xshash onlayn tarzda sinov o‘tkazishni Toshkent davlat texnika universitetining “Fizika” kafedrasida 1993-yili talabalarni oraliq va yakuniy nazoratdan o‘tkazish jarayonida qo‘llaganmiz. Turin politexnika universitetining Toshkent filialida kirish imtihonlari bir necha yillardan beri kompyuterlar bilan jihozlangan zalda onlayn tarzda o‘tkazilyapti. Topshiriqlar Italiyada, abituriyentlar esa Toshkentda. Barcha mamnun bo‘lyapti, apellyatsiyaga hojat ham qolmayapti.
Dunyodagi taraqqiyotga mutanosib tarzda o‘zbek tili ham rivojlanib bormoqda, tilimizga yangi atamalar qo‘shilyapti. Xorijiy tillardan kirib kelayotgan atamalarning pala-partishlik bilan tilimizga o‘rnashib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun tilshunoslarimiz ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan hamkorlikda samarali mehnat qilishlari kerak. Fikrimni bir nechta misol bilan izohlayman.
Fermer xo‘jaligi atamasi biror shaxsning mahsulot yetishtirayotgan xususiy yoxud ijaraga olgan yer bo‘lagini anglatadi, G‘arb mamlakatlarida uni oddiygina ferma deb atashadi. Bu so‘zga yer affiksini qo‘shish vositasida kasbni ifodalovchi fermer atamasi (o‘zbek tilidagi ishchi, paxtakor kabi) hosil qilingan. Lekin bu atamalarni o‘zbek tiliga kiritishga hojat bormikan? Asrlar mobaynida qo‘llanib kelinayotgan dehqon atamasi-chi? Balki fermer atamasi mustaqillikka erishilgandan so‘ng yo‘qotilgan kolxoz yerining kattagina qismini (100 gektar chamasida) egallab, unda yollanma ishchilar mehnati bilan yuqori tashkilotlar rejalashtirgan mahsulotlarni yetishtirayotgan yoxud yerni bo‘laklab koranda(gektarchi)larga har yili ijaraga beradigan shaxsni ulug‘lash uchun kerak bo‘lgandir. Agar dehqon atamasini atigi 10 sotix (1 sotix = 0,01 gektar) chamasidagi tomorqaga egalik qilayotgan shaxs uchungina qo‘llash lozim bo‘lsa, katta yerga egalik qilayotgan insonni o‘zbek tilida zamindor deb ataydilar-ku!
Ikkinchi misol: Toshkentning ayrim qismlarida qurilayotgan turarjoy majmualarini jarangdor tarzda siti deb nomlashyapti. U inglizchada shahar degan ma’noni anglatadi. Zero, majmua hududi shahar tarkibidagi shahar ekan, uni oddiygina shaharcha deb atayverish kerak-da! Oldingi asr boshlarida ruscha so‘zlarga, endilikda esa inglizcha so‘zlarga mahliyo bo‘linyapti, shekilli. Shu asnoda Muhammadjon amakim (1875–1979) bilan suhbatlardagi lavhalarni eslayman. Toshkent shahridan o‘tuvchi Anhorning chap tomonidagi hududda rus kolonizatorlari bir nechta bino qurishgan ekan. Bu hududni gorod deb, Anhorning o‘ng qirg‘og‘idagi hududni esa eski shahar deb atashgan. Hozir tarix muzeyi va “Toshkent” mehmonxonasi egallagan bu hududda Rossiyadan keltirilgan buyumlar sotiladigan bozor bo‘lgan ekan. Bu yerda restoran, xarchevnya, kabak va alkogol ichimliklar sotiladigan do‘konlar ham mavjud bo‘lganki, natijada bozorda mast-alast kimsalar ko‘p uchragan. Shuning uchun mahalliy aholi bu bozorni piyon bozor (ruscha пьяный so‘zini buzib talaffuz etishgan) deb atashgan. Shuningdek, o‘tgan asr boshlarida talabalar partada o‘tirib saboq oladigan yangicha maktabni ishkol deb atashgan (ruscha shkola so‘zini buzib talaffuz etishgan).
Keyinchalik bu atamalar to‘g‘irlab olindi, albatta. Inchunin, atamalardagi nuqsonlarni to‘g‘irlashdan ko‘ra dastavval atama zamiridagi ma’noni tahlil qilib, uning to‘g‘ri muqobilini tanlash afzaldir. Qayd qilish lozimki, sovet davrida ayrim tilshunoslar o‘zbek tilini boyitish shiori ostida ruscha atamalarni o‘zbek tilida qo‘llashni targ‘ib qilardi. Masalan, avtor (muallif), arxitektor (me’mor), zakaz (buyurtma), zapas (zaxira), prilavka (peshtaxta), redaktor (muharrir), morojniy (muzqaymoq)... Morojniy atamasi ruscha мороженое so‘zining buzib talaffuz qilinishi, rus tilida ham bir qiymatli ma’noni anglatmaydi. Ma’noni to‘liq anglatishi uchun “aniqlovchi+aniqlanmish” modeli bo‘yicha yasaladigan atamadagi aniqlanmish yetishmaydi. Aniqlanmish ostida sut yoki qaymoqni xayolan tushunish lozim, deyishadi. O‘zbekcha muzqaymoq atamasi esa “ot+ot” modeli bo‘yicha vujudga kelgan qo‘shma so‘z bo‘lib, undagi birinchi ot ikkinchi otning sifatini aks ettiradi. Inglizlarda ham o‘zbekchaga o‘xshash: ice (muz) + cream (qaymoq) → icecream (muzqaymoq).
Ruscha adabiyotda “aniqlovchi+aniqlanmish” modelidagi tarkibiy terminlarning faqat birinchi qismi, ya’ni aniqlovchini yozish bilan kifoyalanadigan hollar ko‘p uchraydi. Masalan, lotincha konstanta so‘zi rus tilida postoyannaya velichina, o‘zbek tilida esa doimiy kattalik tarzida qo‘llanilishi lozim. U yoki bu konstantani fanga kiritgan olimning nomini qayd qilish uchun “konstanta+olimning nomi” modeli bo‘yicha tarkibiy terminlar yasaladi. Lekin “velichina” so‘zi tushirilib qoldirilgani uchun g‘aliz ibora hosil bo‘ladi. Masalan: postoyannaya Planka (aslida postoyannaya velichina Planka). O‘zbekcha adabiyotda ham bunday atamalarni so‘zma-so‘z tarjima qilinardi, ya’ni Plank doimiysi. Bunday nuqsonlarni bartaraf etish uchun doimiy kattalik iborasi o‘rniga qisqaroq tarzda doimiylik so‘zini qo‘llash mumkin, ya’ni Plank doimiyligi.
Bayon etilganlardan xulosa shuki, atamalarning o‘zbekcha muqobilini tanlashda atama zamiridagi ma’noni chuqur anglab olish hamda o‘zbek tili grammatikasi va imlosi qoidalariga rioya qilish zarur. Xullas, yurtdoshlarimiz davlat tilini durustgina o‘zlashtirishlari uchun tilshunoslar, atamashunoslar, uslubiyotchi pedagoglar ko‘p va xo‘b mehnat qilishlari lozim. Dunyo tamadduniga salmoqli hissa qo‘shgan daholarni yetishtirgan zaminimizdagi zamondoshlarimiz bu sharafli va savobli amallarning uddasidan chiqa oladilar. Rahbarlarimiz esa bu dolzarb vazifani bajarishga bel bog‘laganlarning moliyaviy ta’minotini unutmasliklari kerak.
Omiljon AHMADJONOV, fizik-professor, pedagogika fanlari doktori