“Tiriko‘rim”ni o‘qib...
Bugungi kunning ona tilimizga hech qanday aloqasi yo‘q. Ya’ni, 21-oktabr emas. Ammo Husan Karvonlining “Tiriko‘rim” maqolasini o‘qiganimdan buyon so‘zlashuvimizga juda e’tibor beradigan, ona tilimiz haqida yanayam qayg‘uradigan bo‘ldim...
Ishga otlandim. Jamoat transportida ketarkanman, yo‘l haqini to‘ladim. — Chipta berasizmi? — desam, menga xuddi o‘zga sayyoradan tushib qolgandek qarab qolishdi. Savolimni qaytardim. — Bilet demaysizmi, tavba, — deb jahl qilgancha qo‘limga chiptani tutqazdi.
Chipta — bu o‘zbekcha so‘z, xolos. Ming afsuslar bo‘lsinki, biz oddiy o‘zbekcha so‘zlarni unutganmiz. O‘rniga bemalol ruschasini qo‘llayveramiz. Agar misollar keltiraman desangiz, hisobda adashasiz, shunday emasmi?
Morojenoye, stul, musor, uje, davno, magazin, korzinka, skovorodka, kraska, tochilka...
Ha, ushbu so‘zlarning barisining tarjimasi, muqobili bor, ammo negadir bu so‘zlarni ishlatmaymiz yoki qo‘llashga uyalamiz. Axir, do‘konga kirib sotuvchiga qarab: — Menga soch bo‘yog‘i bering, — desak u boshqacha qarashi tabiiy. Bu holat bir-ikki bo‘lar. Oxir-oqibat ko‘nikishadi. Lekin biz bu haqda jiddiy o‘ylab ko‘rmaymiz. Chunki bu bizning ishimiz emas. Bu ish bilan mutaxassislar shug‘ullana qolsin deymiz.
...Eshik taqilladi. Svetdanmiz, nalogdan qarzingiz bor, musorga qachon to‘laysiz, jekka-chi? Shu so‘zlarni o‘zbekcha aytsa, birov uradimi yoki osmon uzilib yerga tusharmikan?
Husan Karvonli maqolasida, o‘zbek kinochilariga bugun yaxshi muharrirlar kerakligini aytayotgan bir paytda kinofilmlarimizda ochiqdan-ochiq o‘zbek tili buzilayotgani, ko‘rsatuvlarda, radioeshittirishlarda “jarang sochadigan” qo‘shiqlar qanday jarang sochishiga ham befarq ekanimizdan xavotirlanib qolaveramiz...
“Hamon ko‘chalarimizni ajnabiy tildagi yozuvlarga to‘ldirayotgan o‘zimiz! Hamon o‘zbek tilida ta’lim beriladigan maktablarni mensimay bolamizni o‘ris tilli maktabga topshirayotgan o‘zimiz!” Satrlarini o‘qib turib, ko‘chamizni to‘ldirib turgan ingliz yozuvlariga, tarjimasi nima ekanini bilmay o‘tayotgan katta-katta xitoy yozuvlariga qarab boshni sarak-sarak qilishdan boshqasiga yaramayapmiz, menimcha.
“Chet tillar oldida o‘z tilimizni, unga davlat tili maqomini berganimiz bilan, past ko‘rish urf bo‘lib boryapti. Misol uchun, shahrimiz ko‘chalariga bir qarang! Uchrashuv, konferensiyalarning taklifnoma yo dasturlarini olaylik: inglizcha yo ruscha tarjimasi bor, o‘zbek tilida yozilgan qismi ham yo inglizcha, yo ruscha terminlarga to‘lib-toshgan. Yig‘in tanaffusida beriladigan bir piyola choyni “kofe-brek” deb ketdik, “choyta’til” deyishga qishloqiligimizdan uyalamiz”, — deb yozgandi Ahmad A’zam “Til nomusi” kitobida. Ming afsuslar bo‘lsinki, biz o‘z tilimizda mukammal gapirishga uyaladigan bo‘lib qoldik. Qachondan beri ruscha yoki inglizcha qo‘shimchalar qo‘shib gapirish zamonaviylik, shaharlik belgisi bo‘lib qolgan bo‘lsa? Savollar ko‘p, biroq bu kamchiliklarni bartaraf etadigan aniq maqsadli javoblar yo‘q.
Qo‘shnim farzandini rus tilida ta’lim beriladigan maktabga beradigan bo‘ldi. Uy bekasi. Rus qo‘shnilar bilan ham gaplasholmasligidan bilamanki, rus tilini yaxshi bilmaydi. Darslarini kim qildiradi, degan savolimga pulini bersam. “Qo‘shimcha bor” dedi hafsalasiz.
Darslar boshlandi. Qo‘shnim bilan maktabda tez-tez ko‘rishib turardik. Bir kuni o‘qituvchi unga jig‘ibiyron bo‘lib gapirar, qo‘shnim esa unga javob bermasdi. Oxiri sabri tugadi-da, buncha ko‘p gapirasiz, men baribir ruscha tushunmayman, dedi. O‘qituvchiga ichim achib ilojsiz ularning suhbatiga qo‘shildim. Bolakay umuman rus tiliga tushunmas, oqibatda darsda o‘yinchoq o‘ynab o‘tirishini aytarkan, qo‘shnim bunga hayron ham qolmadi. Hechqisi yo‘q, o‘rganadi deb nari ketdi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy “Ikki emas, to‘rt til lozim” maqolasida ko‘p tilni bilish har bir turkistonlik uchun shartligi va shu orqali dunyoga chiqish mumkinligini uqtirishga harakat qilarkan, har bir millat o‘zbek tilidan tashqari, fors-tojik, arab, rus va hatto Yevropa tillaridan birini bilishi kerakligini ta’kidlaydi. Lekin o‘z tilini, tarixini unutish hisobiga emas!
Universitetda o‘qiyotgan paytimiz bir professor Yaponiya milliyligini saqlab qolish uchun bir haftada bir marta ularning milliy libosi kimononi kiyib yurishni tavsiya qilishi va bu borada turli tanlovlar o‘tkazilishini aytib bergandi. Balki ona tilimizni asrash uchun ana shunday tanlovlar, hech qanday ajnabiy so‘zlarsiz o‘zbek tili kuni degan chiqishlar kerakdir. Unutmaylik, ona tilini asrash biror-bir mas’ul shaxsning emas, hammamizning vazifamiz!
Dildora SAFAROVA, Samarqand shahridagi 34-maktab o‘qituvchisi