Alifbo loyiha ijodkorlarining mulki emas
Yozuv tilning aloqa vositasi sifatidagi vazifasini bajaruvchigina emas, tafakkurni shakllantirish, dunyoni ko‘rish, bilimlarni to‘plash, uni keyingi avlodlarga sog‘lom yetkazish, his-tuyg‘uni ifodalashdek ko‘plab muhim vazifalarni ham bajaradi. Ana shu jarayonlarning murakkab kechmasligi uchun alifboning qulayligi muhimdir. O‘zbek davlatchiligi tarixida bir necha bor alifbo almashtirilgani hammaga ma’lum.
Dunyo tajribasidan ma’lumki, mavjud alifbolarning hech biri mukammal emas, har qaysi alifbo ifoda imkoniyatiga qarab tildagi tovushlarni ifoda etadi. Shunday ekan, biz eng mukammal alifboni yaratamiz yoki yaratishimiz kerak, qabilidagi muddao o‘rinsiz. Shu ma’noda amaldagi o‘zbek-lotin alifbosi ham o‘ta mukammallikka da’vo qilolmaydi, shu bilan birga, chorak asrdan ziyod vaqt mobaynida o‘zbek xalqiga xizmat qilib keldi. Ana shu vaqt oralig‘ida unda muayyan notamomliklar borligi ham ayonlashdi. Bugun davr bizga mazkur notamomliklarni to‘g‘rilab olish, hozirga qadar lotin yozuvida ish yuritishda “qo‘limizni bog‘lab kelgan” muammolardan qutulish imkoniyatini berdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmoni, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori bilan alifboni takomillashtirishning huquqiy asosi yaratildi.
Farmon va Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida tashkil etilgan ishchi guruh (bu guruhga Yozuvchilar uyushmasi, Respublika ta’lim markazi va universitetlardan mutaxassislar jalb etilgan edi) tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek
alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonuni loyihasi ishlab chiqildi.
Dastlab ushbu qonun loyihasi tayyorlanishining qanday zaruriyati borligiga to‘xtalib o‘tsak:
birinchidan – amaldagi alifboda o‘, g‘ harflarini kompyuterda yozish uchun bir nechta ortiqcha amallarni bajarish lozim edi. Bunday ortiqcha amallardan qochish yoki ko‘pincha o‘, g‘ harflaridagi ‘ belgisining ’ – apostrof deb tushunilishi natijasida O’zbekiston, o’zbek, o’lka, G’ayrat, g’alaba, g’olib kabi imloviy xatolar bolalagandan bolalamoqda. Yana bir jihat: ona tili ta’limida agar urg‘u tushgan bo‘g‘in tarkibida o‘, g‘ harflari bo‘lsa, bu harflardagi ‘ belgisi bilan urg‘u belgisi yonma-yon joylashadi hamda so‘zni va urg‘u tushgan bo‘g‘inni ilg‘ash qiyinlashadi.
ikkinchidan – mavjud tajriba alifbodagi sh, ch harfiy birikmalarini “bir tovush – bir harf” tamoyilida tuzatish zarurligini ko‘rsatdi; to‘g‘ri, shu vaqtga qadar bu harflardan foydalanib keldik, ammo qo‘sh harflilik muammosi “Imlo qoidalari”ga turli istisnolarni kiritdi. Mo‘tabar, mo‘tadil, mo‘jaz, mo‘jiza so‘zlarining tutuq belgisi qo‘yilmay yozilishi ham “Imlo qoidalari”ga kiritilgan istisnolardan biridir;
uchinchidan – o‘zbek tilidagi Ishoq, ashob so‘zlarini Is’hoq, as’hob tarzida to‘g‘ri yozish uchun, albatta, s va h harflari orasiga tutuq belgisini qo‘yish kerak bo‘lib, bu ham amaldagi alifboni o‘zlashtirishda qiyinchilik tug‘dirar edi. Bu qoidani bilmaslik oqibatida Is’hoq, As’hobiddin ismlarining Ishoq, Ashobiddin tarzida yozilishi haqida ham gapirib kelinmoqda;
to‘rtinchidan – amaldagi o‘zbek-lotin alifbosida so‘z boshida kelmaydigan [ng] tovushi uchun Ng harfi ajratilgan edi. Shu bois loyihada so‘z ichida va so‘z oxirida keladigan [ng] tovushi uchun kichik ng harfinigina alifboga kiritish zaruriyati yuzaga keldi.
O‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasining asosiy maqsadi amaldagi o‘zbek-lotin alifbosidagi yozilishi murakkab harflarning yozilishini soddalashtirish, harfiy birikmalarni “bir tovush – bir harf” tamoyiliga ko‘ra ifodalash va alifboni takomillashtirishdan iboratdir.
Amaldagi alifboning tegishli o‘zgartirish va to‘ldirishlar bilan takomillashtirilishi yozuv amaliyotini osonlashtiradi, “Imlo qoidalari”da istisnoli holatlar yuzaga kelishining oldini oladi, milliy alifbomizning ilmiy-ta’limiy jihatdan puxta bo‘lishini ta’minlaydi va pirovardida mamlakatimizda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tish borasidagi ishlarni jadallashtiradi.
Endi ushbu loyiha yuzasidan bildirilayotgan mulohazalarni ko‘rib o‘tsak (bunda bildirilgan fikrlarni hurmat qilishimizni ta’kidlab o‘tamiz):
1. Faol blogerlardan birining aytishicha, loyihada bitta “prinsip”ga amal qilib, uchala harfiy birikma uchun ham bir harf tanlanishi kerak. Loyihada sh, ch harfiy birikmalariga tanlanganidek, ng harfi uchun bir harfdan iborat belgi tanlanmaganining bosh sababi quyidagicha: agar [ng] tovushi istalgan boshqa bir harf bilan ifodalangudek bo‘lsa, kirildan lotinga transliteratsiya qilishda menga, senga, unga singari n+g tarzidagi holatlarni tarjimon/lingvistik dasturlar farqlay olmaydi hamda tong, bong, ko‘ngil, singil so‘zlaridagi ng tarzida transliteratsiya qiladi. O‘zbekcha matnlarda bunday holatlar son-sanoqsiz. Bu muammo tarjima yoki yana boshqa lingvistik dasturlarning to‘la kuch bilan ishlashiga to‘siq bo‘ladi.
2. Navbatdagi taklif milliy alifbodan ng harfini chiqarib tashlashdir. Biz uzoq yillar davomida o‘zbek-kirill alifbosi tilimizning turkona tabiatini ifodalay olmayotganini aytib keldik. Kirill alifbosidan voz kechilishida ham ana shu omil birlamchi bo‘lgan edi. Shu bois ustoz olimlarimiz kirill alifbosidan zo‘rlab chiqarilgan [ng] tovushini o‘zbek-lotin alifbosiga kiritgan edilar. Endi esa bu tovushni ifodalovchi harf bizga kerak bo‘lmay qoldi. Qanday qilib, o‘ta milliy xarakterdagi bu tovush ifodasiga alifboda joy bermaslik mumkin? Milliy an’analar juda tez unutilayotgan zamonda [ng] tovushining grafik ifodasini chiqarib tashlash xato bo‘ladi. Bu tovush ham, uning harfiy ifodasi ham o‘zbekniki, o‘zbek tiliniki, uni alifbodan chiqarish bilan nimanidir yo‘qotishimiz tayin, biroq unga alifbodan joy berish bilan hech narsa yo‘qotmaymiz, kamida tilimizning milliy tarhini, tarovatini saqlab qolamiz. Amaldagi alifbomizdan joy berib, millat ham, milliy til ham, ona tili ta’limi ham zarar ko‘rmadi.
3. Loyihaga bildirilgan takliflarda tutuq belgisining ortiqchaligi, o‘zbek tili tabiatiga yotligi eslatilmoqda. Yoki o‘zbek tilida tutuq belgili so‘zlarning soni kam ekan. Hozirgi o‘zbek tili nuqtayi nazaridan kam bo‘lsa kamdir (aslida unday emas, chunki asos holida sanoqli bo‘lsa ham, nutqda bu so‘zlar xilma-xil shakllarda keladi, so‘zning haqiqiy hayoti ham ana shunday kontekstda kechadi), ammo o‘zbek tili badiiyat tili ham ekanligini unutmasligimiz lozim. Ona tili ta’limini bu belgisiz egallagan avlod mumtoz adabiyotni, ming yillik yozma an’analarimizni o‘zlashtira oladimi?! Menimcha, yo‘q. Nizomiddin Mahmudovning gaplarida shu ma’noda jon borki, tilning mukammalligi nafaqat sinonimlarga boyligi, balki yozma an’analarga sodiqligi bilan ham belgilanadi. Yozma an’analarga sodiqlik so‘zning asosini tirik saqlashni, qanday eshitsa, shunday yozib ketavermaslikni ta’minlaydi. So‘z asosini tirik saqlash o‘quvchi, til o‘rganuvchi so‘z ma’nosini oson anglashiga yordam beradi, pirovardida ta’lim sifati va samaradorligiga xizmat qiladi buni, eng avvalo, ona tili o‘qituvchilari yaxshi tushunsa kerak. Yozma an’analardan chekinish, chetga chiqish tilning taraqqiyot davrlariaro farqlanishlarni kattalashtirib, uzoqlashtirib yuboradi.
4. H va x harflarini birlashtirib yuborish yuzasidan bildirilgan taklifga nisbatan ham yuqoridagi mulohazamizni aytamiz. Xo‘sh, bugun h va x harflarini farqlashni istamaymiz, ammo inglizcha “w”, “y”, “z” tovushlarini aytishning hadisini olishdan charchamaymiz. Yoki xitoy iyerogliflarining mag‘zini chaqishga, bu tilni puxta egallashga bor kuchimizni safarbar etamiz. Ammo qadimdayoq tilimizga o‘zlashgan harfga kelganda og‘rinib qolamiz... Ertaga k va q tovushlarini ham birlashtirish harakatiga tushmaymizmi?!
Aytilganlardan murod zinhor o‘zinikini ma’qullash emas, alifbo faqat loyiha ijodkorlarining mulki ham emas. Alifboni yozuv quroli deb ham tushunmaylik. Alifbo bu tilning tirikligini ta’minlaydigan vosita, unga o‘ta ehtiyotkorlik bilan yondashilishi zarur. Bizningcha, qonun loyihasi shunday tutumga tayanib tayyorlangan. Qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida: 1) lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi qulay alifboga aylanadi; 2) ayrim harflarni kompyuterda yozayotganda paydo bo‘ladigan murakkabliklar bartaraf bo‘ladi; 3) ilmiy-ta’limiy jihatdan takomillashadi; 4) alifboning takomillashuvi mamlakatimizda lotin yozuviga to‘liq o‘tilishini ta’minlaydi.
Albatta, mazkur Qonun loyihasi muhokama uchun havola qilindi, bu borada bildirilgan fikrlar yig‘iladi va o‘rganiladi. Uning qabul qilinishida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Madaniyat vazirligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi bilan kelishiladi.
Shuni ham unutmaslik lozimki, mazkur Qonun loyihasida normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yoki o‘z kuchini yo‘qotish haqida huquqiy normani kiritish nazarda tutilgan. Qonun loyihasining qabul qilinishi davlat byudjetidan qo‘shimcha xarajatlarni talab qiladi.
Tabiiyki, yurtdoshlarimizda “yana pasport alishtiramizmi?”, “haydovchilik guvohnomasini o‘zgartirish kerak ekan-da”, kabi o‘ylar ham bor. Fikrimcha, bu juda tashvishli emas, chunki pasport va boshqa hujjatlardagi alifbo o‘zgarishiga aloqador holatlar birdaniga, inqilobiy yo‘l bilan almashtirilmaydi. Masalan, pasport yoki haydovchilik guvohnomalari yoxud boshqa hujjatlarni muddati kelganda almashtirish bilan yechim topilaveradi.
Yorqin ODILOV, O‘zFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti bo‘lim mudiri,
filologiya fanlari doktori, professor