Najot ilmda
Alifbo masalasi bugun mamlakatimiz bo‘ylab keng muhokama qilinmoqda. Buning sababi, birinchidan, alifbo hammaga havo va suvdek zarur vosita. Uning qulayligi barchamiz uchun foydali. Ammo bu muammoning yechimi minbarlarda bong urilayotganidek jo‘n ish emas. Qimmati esa vaksina darajasida muhim. Muammoga salbiy asorat qoldirmaydigan yechim zarur. Bu masalaga ilmiy yo‘l bilan yondashishni taqozo etadi. Mana, yosh olimlarimiz Eldor Asanov, Komil Jalilov, Shokir Yo‘ldosh, Shohro‘z Mo‘minzoda qimmatli ilmiy fikrlarni bayon etishmoqda. Biz ularning fikriga hurmat bilan munosabatda bo‘lishimiz, takliflariga (bizga yoqish-yoqmasligidan qat’i nazar) keng yo‘l berishimiz kerak. Zero, ilmiy yechim ijtimoiy tarmoqlardagi baqir-chaqirlarda emas, ilmiy bahslarda tug‘iladi.
Muhokamalarda bildirilayotgan fikrlarni quyidagicha tasniflash mumkin:
1) mavjud sh, ch, g‘, o‘ harf va harf birikmalarini almashtirish;
2) ular bilan birga ng harfini bitta shaklga keltirish;
3) unli harflar sonini 9 taga yetkazish;
4) x va h harflarini birlashtirib yuborish;
5) o‘zbek alifbosini sex so‘zini yozishga moslash.
Men ham Feysbukdagi sahifamda tilshunos mutaxassis o‘laroq (ammo alifboshunos emasman) bu boradagi o‘z fikrlarimni aytgan edim. Ammo, modomiki, isloh qilar ekanmiz, yondashuvni o‘zgartirishimiz lozim, masalani yechish taktikasi istiqbolli bo‘lishi kerak.
Alifbomizdagi asosiy kamchiliklarning ikkita sababi bor:
1) 90-yillarda yangi alifboning shoshmashosharlik bilan qabul qilinganligi;
2) masala yechimiga chuqur va tizimli ilmiy yondashuv shakllanmaganligi.
Alifboni isloh qilish bo‘yicha qonun loyihasi e’lon qilindi. Jamoatchilik fikri olindi, endi qonun chiqarishga shoshilmaslik, fikrlardan kelib chiqqan holda ilmiy tadqiqotlarga navbat berilishi kerak. Muammo 2-3 yil mutaxassislar doirasida bafurja ilmiy o‘rganilishi lozim. Bizda hali oddiygina masala – harflarning foizlardagi ifoda qiymati aniqlanmagan. Har bir harfning lisoniy va nutqiy ifoda qiymati aniqlanishi,
kerak bo‘lsa, har bir harfning “pasport”i shakllantirilmog‘i, harf almashtirilishi bilan bog‘liq ehtimoliy muammolar prognoz va tahlil qilinishi zarur.
Xullas, masalaga faqat siyosiy va ma’muriy emas, balki ilmiy yondashish – davr talabi. Islohning samarasi va zararlari aniq hisob-kitob qilinishi lozim. Ayanchli tomoni shundaki, hanuz o‘zbek alifbosi va imlosi bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmayapti, dissertatsiyalar himoya qilingani yo‘q. Alifbomizning ham, imlomizning ham ilmiy poydevori mavjud emas. Bo‘lsa ham, u – kirill alifbosi va u asosdagi imlo qoidalari.
Islohda milliy yoki etnik ehtiroslarga berilmaslik, taqlidchilikdan voz kechilishi, mustaqil fikr bilan yondashish ustuvor bo‘lishi, masalaga shuhrat emas, milliy yuksalish vositasi sifatida qaramoq lozim. Avvalo, o‘tgan asr 90-yillarida bu borada yo‘l qo‘yilgan xatoliklar har jihatdan sarhisob qilinishi, ulardan tegishli xulosalar chiqarilishi zarur. Masalan, oddiy bir masala – Ch ni ifodalash uchun “dumli” С dan foydalanishni olaylik. Zotan o‘zbek-lotin alifbosida С harfi yo‘q, ammo kompyuter klaviaturasida “bekor” turibdi. Yo‘q harfga “dum” qo‘yishning nima keragi bor. U “dumsiz” ham Ch ni ifodalayveradi-ku!
Alifbo qancha mukammal bo‘lsa, shuncha yaxshi. Ammo mukammallik deganda nimani tushunish kerak? Bexato yozishmi, tildagi barcha tovushlarni yozuvda ifodalashmi, boshqa turkiy xalqlar bilan yaqinlashishni ta’minlashmi, bir lahja manfaatlarimi, dasturlashni osonlashtirishmi?
Aslida savodxonlik harflarning ko‘pligiga emas, balki alifboning ixchamligiga bog‘liq. Kompyuterning bitta tugmasi bilan bitta harfni yozish qulay va oson, albatta. Ammo bu qulaylikning qimmati qancha? Agar ushbu amal samarador bo‘lsa, nega kompyuter tiliga asos bo‘lgan ingliz alifbosida bu inobatga olinmagan? Bizda bu borada tadqiqotlar, tajriba-sinov ishlari o‘tkazilmadi-ku hali. O‘zbek tilida ingliz tilidagi kabi harflarning ifoda qiymati foizlarda aniqlanganmi? Masalan, u tilda Е eng yuqori ifoda qiymatiga ega – 12 %, Z – eng past qiymatli – 0,05 %. Yuqori ehtimol bilan tilimizda A eng yuqori, ng eng past ifoda qiymatiga ega. Bu – lisoniy qiymat. Nutqda-chi? Buning uchun harflarning qo‘llanish chastotasi statistik metod yordamida aniqlanishi kerak. Shuningdek, agar o‘zbek tilidagi “yo‘g‘on” va “ingichka” o‘ tovushlari (yo‘g‘on – a’lochi bo‘l; ingichka – olmani bo‘l) va “yo‘g‘on” va “ingichka” u tovushlari (yo‘g‘on – qalamning uchi; ingichka – yigirma uch)ning ifoda qiymati aniqlanmasdan ularga 2 tadan harf ajratish asossiz bo‘lib qoladi. To‘g‘ri, ular mustaqil 4 ta fonema, fonematik nazariyaga ko‘ra, ularga alohida-alohida harf tayinlash kerak. Ammo ifoda qiymati past bo‘lsa, ularga alohida-alohida harf ajratmasdan, muammo transkripsiya vositasida hal etiladi, yaqin fonemalar bir harfga birlashtiriladi. Ammo bu “yaqinlik” ham ilmiy asoslab berilishi zarur. Shuningdek, bu ikki juft unli o‘zbek tilining barcha lahjalarida bir xil uchraydimi? Agar hamma lahjalarning barcha tovushlarini tenglik tamoyili nuqtayi nazaridan harf bilan ta’minlaydigan bo‘lsak, unda alifbomizda 50–60 ta harf bo‘lishi kerak. Bunda esa alifbo transkripsiyaga aylanib qoladi. O‘zbek tilida sirg‘aluvchi J (jyuri, jurnal, mujda) fonemasi bor, ammo sanoqli so‘zlardagina uchraydi. Shuning uchun unga o‘zbek kirill alifbosida ham harf berilmagan, o‘xshashi – portlovchi J bilan bir harf ostiga joylashtirilgan edi.
Ayrimlar, katta yoshli filologlar ham o‘zbek tilidagi X va H harflari o‘rniga turk tilidagi kabi bitta H harfini olish tarafdoridirlar. Holbuki turk tilida X fonemasi va, shunga muvofiq, X harfi ham yo‘q. O‘zbek adabiy tilidagi leksemalarda esa H harfi 2.2 foizlik, X harfi 1.9 foizlik ifoda qiymatiga ega. Ko‘rinadiki, ular orasida farq unchalik katta emas. Agar bu harflardan biri arzimas foizga ega bo‘lganda edi, savodxonlikni ta’minlash ehtiyoji bilan har ikki fonema uchun bitta harf tayinlash mumkin edi.
Alifbodan ko‘zlangan bosh maqsad – harfda tovushlarni emas, balki fikrni ifodalash. Holbuki, joriy alifbomizda bitilgan matnlarda isloh qilinishi taklif etilayotgan harflar bilan bog‘liq ravishda fikr anglashilmay qolishi holati sodir bo‘ldimi? Shunday ekan, ko‘p hollarda, 9 ta unli harf tarafdorlarida ilmiy tafakkur va milliy ruhdan ko‘ra etnik ehtiros ustuvorlik qilayotganga o‘xshaydi. Ular o‘z shevalarini alifboga aylantirmoqchi bo‘lishayotir, xolos. Fonema, tovush, harf munosabatini bilmasdan alifbo haqida gapirish mumkin emas. Zero, fonetik va fonematik alifbo farqlanadi. O‘zbek alifbosida fonematik an’ana ustuvor bo‘lib kelgan.
Xullas, alifboshunoslar va dasturchilardan iborat maxsus alifbo va imlo kengashi tuzilib, uning strategik va taktik vazifalari belgilanib olishi kerak. Umuman olganda, xalq savodxonligi uchun alifbo qulay bo‘lishi, unga siyosiy, mafkuraviy qurol sifatida munosabatda bo‘lmaslik lozim.
Bugun bizni yov quvib kelayotgani yo‘q, shoshmashosharlik yana qator muammolarni keltirib chiqarmasligiga kim kafolat beradi? Achchiq xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqaraylik. Milliy vazminlik, yetti o‘lchab bir kesish – davr talabi. Qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarmaylik.
Baxtiyor MENGLIYЕV, filologiya fanlari doktori, professor