Pedagogik kvalimetriya: muammo va yechimlar
Jahonning rivojlangan mamlakatlari ta’lim tizimida muvaffaqiyatli qo‘llanib kelinayotgan xalqaro baholash tizimlari — TIMSS (The Trends in International Mathematics and Science Study) , TALIS (Teaching and Learning International Survey) va PISA(Programme for International Student Assesment)dan respublikamiz uzluksiz ta’limida ham foydalanish maqsadga muvofiq. Buning uchun obyekt va jarayonlarning sifatini baholashga mo‘ljallangan kvalimetriya fani haqida ma’lumot berilishi lozim.
Kvalimetriya — tabiatdagi barcha obyektlarning va jamiyatda sodir bo‘ladigan jarayonlar, ishlab chiqarish sohasida yaratilgan mahsulotlarning sifatini baholash muammolari hamda metodologiyasini o‘rganuvchi fan. U lotincha “quails” — sifat, qadimiy yunoncha “metros” — o‘lchov degan ma’noni anglatib, obyekt, mahsulot, jarayonlar sifatini baholash metodlarini o‘zida mujassamlashtirgan, turli metod va vositalar yordamida erishilgan natijani belgilovchi fan tarmog‘idir.
Hozirgi zamon nuqtayi nazaridan kvalimetriyaning sifat ko‘rsatkichlari ikkita yirik guruh — tabiiy va ijtimoiy ko‘rsatkichlarga ajratib o‘rganiladi.
Tabiiy ko‘rsatkichlar, o‘z navbatida, o‘rganilayotgan obyektning fizikaviy, kimyoviy va biologik miqdor ko‘rsatkichlariga ajratiladi.
Ijtimoiy ko‘rsatkichlar jamiyat taraqqiyotining muayyan bosqichidagi voqea-hodisalar, ishlab chiqarish va iste’mol mahsulotlari, pedagogik jarayonlar, shaxsning ijtimoiy va mustaqil hayotdagi mavqeyi va o‘rni, savodxonligi, tarbiyalanganlik darajasi, shaxs kamolotiga nisbatan qo‘llaniladi.
Kvalimetriya yuqorida qayd etilgan har bir guruhning miqdor va sifat ko‘rsatkichlarini yaxlit o‘rganadi va baholashning umumiy tartibini ishlab chiqadi.
Obyekt va mahsulotlar sifatini tashxislash va miqdoriy baholash XV asrda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, dastlab hunarmandlar o‘z mahsulotlari sifatini belgilaydigan ko‘rsatkichlarni aniqlagan va sifat belgilarini qo‘ya boshlagan. Shu tariqa tovarshunoslik vujudga kelgan va 1549-yili Italiyadagi Paduan universitetida dastlabki “Tovarshunoslik” kafedrasi tashkil etilgan.
XX asr boshlarida AQSh va Yevropa mamlakatlarida obyekt va mahsulotlarni ballar vositasida baholash va standartlashtirish yo‘lga qo‘yildi. Shu tariqa boshqa mamlakatlarda ham sifat ko‘rsatkichlarini aniqlash va amaliyotda qo‘llash borasida muayyan ishlar amalga oshirila boshlandi. Bu harakatlar kvalimetriyaning ilmiy fan sifatida maydonga chiqishiga va tadqiqot ko‘lami kengayishiga turtki bo‘ldi.
Kvalimetriyaning uchta — nazariy (umumiy), maxsus va amaliy tarmoqlari mavjud.
Nazariy kvalimetriyada aniq obyekt loyihalanadi (abstraksiyalanadi) va uning sifat ko‘rsatkichlarining umumiy qonuniyatlari hamda matematik modellari o‘rganiladi. Nazariy kvalimetriyaning tadqiqot obyekti jism, ishlab chiqarish mahsulotlari, obyekt va subyektlarning sifatini miqdoriy baholashning falsafiy va metodologik asoslarini ishlab chiqish sanaladi.
Nazariy kvalimetriyaning amaliy sohalarida turli obyekt va jarayonlarning sifatini baholash metodikasi va nazariy asoslari umumiy xususiyatga ega. Maxsus kvalimetriya turli maqsadda foydalaniladigan obyektning sifatini baholashning aniq metodikasi va matematik modelini ishlab chiqadi. Maxsus kvalimetriyaning ekspert, ehtimollik-statistik, indeksli, kvalimetrik taksonomiya kabi turlari mavjud.
Amaliy kvalimetriya texnika, ishlab chiqarish, inson faoliyati, turli loyiha va jarayonlarning sifatini baholashni ishlab chiqadigan soha sanaladi. U boshqa fanlar bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lib, texnik kvalimetriya, ijtimoiy kvalimetriya, pedagogik kvalimetriya, tibbiy kvalimetriya, geologik kvalimetriya kabi tarmoqlari mavjud.
Pedagogik kvalimetriya yillar davomida to‘plangan tajribalar, dalillar asosida vujudga kelgan va shakllangan ilmiy-nazariy fan bo‘lib, ta’lim-tarbiya jarayonida qo‘llaniladigan pedagogik innovatsiya va unga bog‘liq holda o‘qituvchining pedagogik faoliyatini yaxlit o‘rganadi. Bunda pedagog kadrlarning kasb malakasi va pedagogik mahorati taqqoslash orqali aniqlanadi.
Pedagogik kvalimetriyaning metodologik muammolari shu kunga qadar ilmiy tadqiqotchilar diqqat-e’tiboridan chetda qolgan va ular o‘z yechimini kutmoqda.
Pedagogik kvalimetriyaning tadqiqot obyekti ta’lim-tarbiya jarayonining sifati, ta’lim oluvchilarning o‘quv-bilish faoliyatining tashkil etilishi va boshqarilishi, o‘qituvchi faoliyatini nazorat qilish va baholash sanaladi.
Pedagogik kvalimetriyaning fan sifatida shakllanishi hamda rivojlanish tarixini shartli ravishda uch davrga bo‘lib o‘rganish mumkin:
1. Ilk o‘rta va o‘rta asrlar, ya’ni hali ilmiy asoslanmagan, empirik rivojlanish davri.
2. XVI — XIX asr oxiri — ta’lim-tarbiya jarayonining sifati bo‘yicha dastlabki tasavvur paydo bo‘lgan davr.
3. Pedagogik kvalimetriyaning yangi va eng yangi rivojlanish davri, ya’ni ilmiy asoslangan, metodologik asoslari aniqlangan, nazariy, maxsus va amaliy tarmoqlariga, ilmiy o‘lchov parametrlariga ega davri.
Ilk o‘rta va o‘rta asrlar, ya’ni hali ilmiy asoslanmagan, empirik rivojlanish davrida ta’lim muassasalarining asosiy vazifasi bilim oluvchilarning ongiga falsafiy-diniy mazmundagi bilimlarni yetkazish bo‘lgan. Asosiy e’tibor jamiyatni barqarorlashtirish, odamlarning diniy savodini chiqarishga qaratilgan. O‘sha davrdagi ta’lim muassasalarida ixtiyoriy ravishda san’atning 7 yo‘nalishi o‘rgatilgan.
San’atni o‘rganish jamiyat a’zolarining ma’naviy-axloqiy, aqliy, jismoniy rivojlanishi, estetik didi, ekologik qarashlari vujudga kelishiga zamin tayyorlagan.
XVI asrdan XIX asr oxirigacha bo‘lgan davrda ta’lim-tarbiya jarayonining yakuniy natijasi va o‘qituvchilarning pedagogik faoliyatini baholash yuzasidan muayyan izlanishlar olib borilgan, lekin mazkur izlanishlar ko‘zlangan samarani bermagan.
Atoqli pedagog Y.A.Komenskiyning “Buyuk didaktika” asarida asosiy didaktik kategoriyalar, o‘qitish maqsadi, ta’lim mazmuni, bilimlarni nazorat qilish, ta’lim-tarbiya jarayonining sifatini belgilash didaktik jihatdan asoslangan. Olim pedagogika faniga “bilimlarni nazorat qilish va baholash”, “imtihon”, “kollekvium”, “diktant” kabi yangi atama va tushunchalarni kiritdi.
Yuqori malakali va raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash sifatini oshirish maqsadida oliy ta’lim muassasalarida besh ballik baholash tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Pedagogik kvalimetriyaning yangi va eng yangi rivojlanish davri.
XX asr boshida ta’lim muassasalarida tahsil oluvchilarning o‘zlashtirgan bilim, ko‘nikma va malakalarini, keyinchalik kompetensiyasini nazorat qilish, baholash yo‘lga qo‘yilgan.
O‘sha davrda Rossiya ta’lim muassasalarida ta’lim mazmunining g‘oyaviy-siyosiy yo‘nalishiga urg‘u berilib, ta’lim-tarbiyaning uzviyligiga asoslangan nazariy tizim yo‘lga qo‘yilgan, nazariy reproduktiv bilim, ko‘nikma va malakani nazorat qilish, ta’lim-tarbiyaning yakuniy natijasi sifatida har tomonlama rivojlangan shaxsni shakllantirish nazarda tutilgan.
Pedagogik kvalimetriyaning eng yangi rivojlanish davrida tahsil oluvchilar shaxsiga yo‘naltirilgan ta’lim paradigmasi maydonga chiqdi.
Shaxsga yo‘naltirilgan ta’limda umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan, pedagogik munosabatlar insonparvarlashtirilgan, ta’lim oluvchining qiziqishi, ehtiyoji, ichki va tashqi o‘quv motivlari e’tiborga olingan holda ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish nazariyasi turadi.
Ushbu paradigma asosida peda-gogik kvalimetriyada, shuningdek, ta’lim-tarbiya tizimida ijobiy o‘zgarishlar vujudga keldi. Ular:
• ta’lim tizimida shaxsning ijtimoiylashuvi va moslashuviga asoslangan frontal ta’lim-tarbiyadan shaxsning individual rivojlanishiga zamin tayyorlaydigan jarayonga o‘tish;
• ta’lim oluvchilarda umummadaniy, umuminsoniy qadriyatlar asosida nazariy bilim, amaliy ko‘nikma va malakalarni qaror toptirish;
• majburiy o‘qitish shakllari bilan birga ta’lim oluvchilarni mustaqil ta’limga va tayyorgarlikka yo‘naltirish;
• ta’lim mazmunidagi bilim, ko‘nikma va malaka, ijodiy faoliyatga xos tajriba va qadriyatni qaror toptirishda o‘quv kurslarining nazariy masalalari asosida emas, balki integrallashgan mazmun, fanlararo bog‘lanish, modullar tizimidan foydalanishga o‘tish;
• o‘qitishning reproduktiv metodlari va an’anaviy texnologiyalari bilan bir qatorda tahsil oluvchilarning ijodiy, tanqidiy va mantiqiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish imkonini beradigan innovatsiya va axborot texnologiyalaridan foydalanish;
• ta’lim-tarbiya jarayonining yakuniy natijasini nazorat qilish va baholashda bilim, ko‘nikma va malaka paradigmasidan voz kechib, ta’lim tizimini modernizatsiyalashning istiqbolli yo‘nalishi sifatida qabul qilingan kompetensiyalarni nazorat qilish orqali shaxsning rivojlanganlik va tarbiyalanganlik darajasini aniqlash zarur.
Ta’lim-tarbiya jarayoniga kiritilishi nazarda tutilgan ijobiy o‘zgarishlar, o‘z navbatida, bilim oluvchilarning o‘zlashtirgan bilim, ko‘nikma, malaka va kompetensiyasini baholash jarayoniga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.
Pedagogik kvalimetriyaning fan sifatida quyidagi konseptual asoslari mavjud:
1. Pedagogik kvalimetriya uzluksiz ta’limning turli bosqichlarida tashkil etiladigan ta’lim-tarbiya jarayonining sifati, ta’lim oluvchilarning o‘zlashtirish darajasi, pedagog kadrlarning kasbiy malakasini aniqlash va xulosa yasash imkonini beradi.
2. Tadqiq etilayotgan obyektning sifat ko‘rsatkichini dinamik kategoriya sifatida qabul qiladi va kelgusida davr bilan hamnafaslik, uzluksiz ta’lim oldiga qo‘yilayotgan ijtimoiy buyurtmalar asosida sifat darajasining ortishini nazarda tutadi.
3. Pedagogik kvalimetriya o‘zaro uzviy bog‘langan ikki soha — nazariy va amaliy kvalimetriya yutuqlari asosida shakllanib, fan sifatida rivojlanib boradi.
4. Pedagogik kvalimetriya bo‘lajak o‘qituvchilar tayyorgarlik darajasining malaka talablariga mosligi, uzluksiz ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan muallimlarning kasbiy malakasi, mazkur bosqichda tashkil etiladigan ta’lim-tarbiya jarayonining sifati, tahsil oluvchilarning o‘zlashtirgan bilimi, ko‘nikma va malakalari, kasbiy kompetensiyasi(layoqati)ning DTSga mosligi, oliy ta’lim muassasalari, shu jumladan, mavjud kafedralarning pedagogik kadrlar tayyorlash sifati, o‘quv rejadan o‘rin olgan kurslarning moddiy va didaktik ta’minoti sifatini belgilangan tartibga muvofiq reyting asosida nazorat qiladi va baholaydi.
Pedagogik kvalimetriya fan sifatida quyidagi maqsadlarga erishish yo‘lini belgilaydi:
1) Dunyoda sodir bo‘layotgan g‘oyaviy-siyosiy o‘zgarishlar, jahonning rivojlangan mamlakatlari ta’lim muassasalarida qo‘lga kiritilgan yutuqlar, jamiyat hayotidagi ma’naviy-ma’rifiy yangilanishlarni e’tiborga olgan holda ta’lim-tarbiya jarayonining zamon talablariga mos tashkil etilishini nazorat qilish imkonini beradigan me’yoriy talablarni ishlab chiqish;
2) Ta’lim-tarbiya jarayonining huquqiy-me’yoriy hujjatlarini yaratish bosqichida davlat va ijtimoiy buyurtmalarga asoslangan DTS, pedagog kadrlarga qo‘yiladigan malakaviy talablar asosida namunaviy o‘quv rejalari, uzluksiz ta’lim tizimida joriy etilgan modernizatsiyalashtirilgan va uzviylashtirilgan namunaviy dasturlar, o‘quv kurslarining moddiy-texnik, o‘quv-metodik ta’minotining maqsadga muvofiqligini nazorat qilish va sifatini baholash yo‘llarini ishlab chiqish;
3) Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya jarayoni, o‘quv va pedagogik amaliyotning sifatini nazorat qilish va baholash me’yorlarini shakllantirish;
4) Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash, ularni pedagogik jarayonga moslashtirish, ustoz-shogird yo‘nalishida olib borilayotgan ishlarning mazmun-mohiyatini tahlil qilish va baholash me’yorlarini ishlab chiqish.
Pedagogik kvalimetriyaning fan sifatidagi asosiy vazifalari:
• “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, davlat dasturlari, Prezident farmoni, qaror va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosini nazorat qilish;
• oliy ta’lim muassasalarini attestatsiyadan o‘tkazish, akkreditatsiyalash jarayonining me’yoriy hujjatlari va reyting tizimini ishlab chiqish;
• oliy ta’lim muassasalari tarkibidagi kafedralarning ilmiy salohiyati, ilmiy-tadqiqot, ma’naviy-ma’rifiy ishlar, tashkil etiladigan ta’lim-tarbiya jarayonining sifatini aniqlash;
• professor-o‘qituvchilarning pedagogik faoliyati, ilmiy-tadqiqot, ma’naviy-ma’rifiy ishlar, o‘qitiladigan kurslarning moddiy-texnik, o‘quv-metodik majmualarning sifatini aniqlash.
Pedagogik kvalimetriyaning ilmiy-tadqiqot metodlari jumlasiga taqqoslash, olingan natijalarni matematik statistik metod vositasida tahlil qilish va xulosa yasash, pedagog kadrlarni suhbatdan o‘tkazish, o‘qituvchilarning fikr-mulohazalarini aniqlash maqsadida so‘rovnoma o‘tkazish, ekspertizadan o‘tkazish, ijtimoiy metodlarni kiritish mumkin.
Pedagogik kvalimetriyaning dolzarb muammolari
Ta’lim-tarbiya jarayonining sifatini nazorat qilish va baholashda tashxislash, ekspertiza, monitoring va pedagogik kvalimetriyadan foydalaniladi.
Pedagogik o‘lchov nazariyasiga asoslangan kvalimetrik yo‘nalish o‘zining keng qamrovliligi, test jarayonining daxlsizligi, olingan natijalarni matematik-statistik tahlil qilish, tahsil oluvchilarning rivojlanish darajasi va bilimlarni o‘zlashtirish sifati haqida qat’iy va aniq natijalar olish imkonini beradi.
Nazariy kvalimetrik yo‘nalishda tashkil etiladigan nazorat an’anaviylaridan tadqiq etilayotgan obyektning o‘zlashtirgan bilim, ko‘nikma va malakasi sifatini baholashda ko‘p miqdordagi axborot va miqdoriy baholash imkoniyati mavjudligi bilan farqlanadi.
Rivojlangan mamlakatlar ta’lim monitoringida test topshiriqlaridan foydalaniladi va bu metod yordamida ko‘p sonli tahsil oluvchilarning qisqa muddatda o‘zlashtirgan bilim, ko‘nikma va malakalari sifatini aniqlash, olingan natijalarga muvofiq tahsil oluvchilarga individual yondashish, ta’lim-tarbiya jarayonining sifatini aniqlash va baholash mumkin.
Hozirgi paytda ta’lim muassasalarida test topshiriqlaridan samarali foydalanish yo‘llari ishlab chiqilgan bo‘lib, ta’lim makonida pedagogik munosabatlarning yangi paradigmalari tahsil oluvchi — o‘qituvchi, tahsil oluvchi — ota-onalar, o‘qituvchi — rahbariyat, ta’lim muassasalari — ta’limni boshqarish organlari kabi nazorat-baholash tizimi amaliyotga joriy etilmoqda.
Test topshiriqlarining daxlsiz va mustaqil tashkil etilishi ta’lim-tarbiya jarayonining sifatini nazorat qilish va baholash tizimining muhim tarkibiy qismiga aylandi, shu bilan birgalikda tizim hosil qiluvchi va faol ta’sir ko‘rsatuvchi omil sifatida maydonga chiqdi.
Respublikamizda joriy etilgan uzluksiz ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlarida ta’lim-tarbiya jarayonining samaradorligini nazorat qilish va baholash, mazkur tizimda faoliyat yuritayotgan pedagoglarning kasbiy-pedagogik tayyorgarlik darajasini aniqlashda pedagogik kvalimetriya metodlari muhim o‘rin tutadi.
Shu nuqtayi nazardan olib qaraganda, uzluksiz ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar pedagogik kvalimetriyaning fan sifatida obyekti, predmeti, maqsadi, vazifalari, prinsiplari, kvalimetrik shkala, kvalimetrik jarayonning bosqichlari, pedagogik kvalimetriya metodlari vositasida ta’lim-tarbiya jarayonini tashxislash va baholash, olingan natijaga muvofiq umumiy xulosalash, kasbiy-pedagogik faoliyatda kvalimetriya metodlarini qo‘llashdagi yondashuvlarning mazmun-mohiyatini anglashi lozim.
Shu bilan bir qatorda o‘qituvchilar ta’lim-tarbiya jarayonida tahsil oluvchilarning o‘zlashtirgan bilim, ko‘nikma, malakalari va kompetensiyalarini nazorat qilish va baholashda kvalimetriyaning asosiy metodlaridan biri, test topshiriqlaridan foydalanish, standart va nostandart test topshiriqlarini tuza olishi, test o‘tkazish jarayonining metodikasi, olingan natijalarni ekspertizadan o‘tkazish, yakuniy natijalarni umumlashtirish, pedagogning kasbiy-pedagogik modelini tuzish va modelning har bir tarkibiy qismining egallanganlik darajasini aniqlash, tahsil oluvchilarning umumiy va kasbiy layoqati, bilimlarni egallaganlik va tarbiyalanganlik darajasini aniqlash va pedagogik xulosa yasash malakasini egallagan bo‘lishi zarur.
Pedagogik kvalimetriya o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini aniqlashda ham o‘rin tutadi. Pedagog kadrlarning o‘z kasbiy-pedagogik tayyorgarligi, kasbiy layoqatini baholash va o‘z-o‘zini baholash uchun pedagogik kvalimetriyaning quyidagi metodlaridan foydalaniladi: ekspertiza metodi, tahlil metodi, pedagogik jarayonni kuzatish va tahlil qilish, so‘rovnoma o‘tkazish, test topshiriqlari, suhbat metodi, matematik-statistik tahlil qilish va umumlashtirish.
Ta’lim-tarbiya jarayonida pedagogik kvalimetriya yutuqlaridan juda keng miqyosda foydalanish istiqbollari mavjud. Jumladan, pedagogik faoliyatda tahsil oluvchilarning ta’lim muassasalarida fanlar bo‘yicha DTS bilan me’yorlangan talablar asosida bilim, ko‘nikma, malakalar va kompetensiyalarni o‘zlashtirish imkoniyatlari, ularning ehtiyojlari va o‘zlashtirganlik darajasini aniqlash va olingan natijalarga muvofiq ularga nisbatan individual yondashuvni amalga oshirish yuzasidan tavsiyalar tayyorlash.
Pedagogik kvalimetriya jarayonini qo‘llashda quyidagi mantiqiy yondashuvlar mavjud:
1) Pedagogik kvalimetrik jarayonni deduktiv mantiqiy yo‘nalishda tashkil etish;
2) Pedagogik kvalimetrik jarayonni induktiv mantiqiy yo‘nalishda tashkil etish.
Pedagogik kvalimetrik jarayonning deduktiv mantiqiy yo‘nalishda tashkil etilishiga oliy ta’lim muassasalarini attestatsiyadan o‘tkazish, akkreditatsiyalash, oliy ta’lim muassasalarining reytingini aniqlash jarayonlarini misol qilib olish mumkin.
Mazkur jarayonda ekspertiza metodi vositasida oliy ta’lim muassasasida ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etishning huquqiy-me’yoriy hujjatlari, o‘quv kurslarining didaktik va metodik ta’minoti, moddiy-texnik bazasi tahlil qilinib, ekspertizadan o‘tkaziladi. Yuqorida qayd etilgan hujjatlar ekspertizadan o‘tgandan so‘ng, oliy ta’lim muassasasida tashkil etiladigan pedagogik jarayon kuzatiladi va tahlil qilinadi. Ta’lim-tarbiya jarayonining samaradorligini aniqlash maqsadida tahsil oluvchilar bilan muayyan masalalarni qamrab olgan so‘rovnoma o‘tkaziladi. So‘rovnoma natijasi tahlil qilinib, kamchiliklar aniqlanadi va ularni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar tayyorlanadi.
Ta’lim-tarbiya jarayonida o‘quv kurslari bo‘yicha tahsil oluvchilarning o‘zlashtirgan bilimlarini aniqlash maqsadida fanlardan test o‘tkaziladi va natija tahlil qilinib, oliy ta’lim muassa¬sasida tashkil etiladigan pedagogik jarayonning samaradorligi aniqlanadi.
Muayyan o‘quv fanlari bo‘yicha tahsil oluvchilarning o‘zlashtirgan bilim, ko‘nikma va malakalarini aniqlash maqsadida suhbat o‘tkaziladi va natijalar tahlil etiladi.
Yuqorida qayd etilgan barcha jarayonlardan olingan natijalar matematik-statistik metod vositasida tahlil qilinadi va ma’lumotlar umumlashtirilib, oliy ta’lim muassasasida tashkil etiladigan pedagogik jarayonning samaradorligi haqida umumiy xulosa tayyorlanadi.
Pedagogik kvalimetrik jarayonning induktiv mantiqiy yo‘nalishda tashkil etilishi sirasiga pedagog kadrlarning kasbiy-pedagogik tayyorgarligi, kasbiy layoqatini baholash va o‘z-o‘zini baholash jarayoni kiradi. Bu jarayonda o‘qituvchilarni attestatsiyadan o‘tkazish maqsadida ularning pedagogik faoliyati tahlil etiladi. Tanlovdan tanlovgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilgan o‘quv, ma’naviy-ma’rifiy ishlari, ilmiy, ilmiy-metodik sohada olib borilgan izlanishlari, chop etilgan ilmiy ishlari, mas’ul bo‘lgan o‘quv kursi bo‘yicha tayyorlangan o‘quv-metodik majmuaning maqsadga muvofiqligi ekspertizadan o‘tkaziladi.
Mazkur o‘qituvchining pedagogik faoliyati samaradorligini aniqlash maqsadida namunaviy mashg‘ulotlar mutaxassislar va ekspertlar tomonidan tahlil etiladi va samaradorligi haqida xulosa chiqariladi.
Muayyan o‘quv kursi bo‘yicha tahsil oluvchilarning o‘zlashtirgan bilim, ko‘nikma, malakalari va kompetensiyalarini nazorat qilish va baholashda kvalimetriyaning asosiy metodlaridan biri — test topshiriqlaridan foydalanish ham kvalimetrik jarayonning induktiv mantiqiy yo‘nalishda tashkil etilishiga misol bo‘ladi.
Pedagogik kvalimetriya metodlaridan foydalanish muammolari quyidagilardan iborat:
• ta’lim-tarbiya jarayonining sifatini tadqiq etishning metodologik va dasturiy ta’minotini yaratish;
• pedagogik kvalimetriya metodlari vositasida tahsil oluvchilarning ta’lim muassasalarida fanlar bo‘yicha DTS bilan me’yorlangan talablar asosida bilimlarni diagnostika qilish, fundamental tadqiqotlar o‘tkazish;
• uzluksiz ta’lim tizimining umumiy o‘rta ta’lim, kasb-hunar ta’limi, oliy ta’lim tizimida ta’lim-tarbiya jarayonining sifati monitoringini o‘tkazish dasturini ishlab chiqish va amaliyotda qo‘llash;
• oliy ta’lim muassasalarida o‘qitiladigan kurslar bo‘yicha nazorat-o‘lchov materiallarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
• tahsil oluvchilarning o‘z-o‘zini nazorat qilish jarayonida axborot dasturlari: Ispring yoki My test dasturi vositasida fanlar bo‘yicha nostandart adaptiv test topshiriqlarini tuzish va amaliyotda foydalanish yo‘llarini belgilash lozim.
Jamila TOLIPOVA, Nizomiy nomidagi TDPU professori, pedagogika fanlari doktori