Registondan “uloqtirilgan” mustamlaka tamg‘asi
Turkistonni o‘z mustamlakasiga aylantirishni maqsad qilgan davlatlar diyorimizda qad rostlagan tarixiy obidalarga ham o‘z tamg‘asini bosib, u haqida noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqatishdan cho‘chimagan. Fikrimni bir voqea bilan asoslayman.
1976-yilning bahori. Vaqt topib, Samarqand viloyat partiya tashkilotining o‘sha vaqtdagi birinchi kotibi Bektosh Rahimov qabuliga yozildim va ko‘p o‘tmay u kishi bilan uchrashishga muyassar bo‘ldim. Dilda dardim bor. Samarqand shahrining “yuragi” — Registon maydonidagi Sherdor madrasasi aylanma zinapoyalari orqali uning tomiga ko‘tarilgan ziyoratchi tepadan qaraganda Chor Rossiyasining toshdan terilgan ikki boshli sher suratli davlat gerbini ko‘radi. Mustamlakachi davlat Vatanimizni abadiy tutqunlikda tutib turishga ahd qilganini ushbu timsol ifodalaydi. Viloyat rahbari arzimni tinglab bo‘lgach, “Siz o‘sha tamg‘a haqiqatan ham Rossiyaning gerbi ekanligiga ishonasizmi?” deya jiddiylashdi. Ko‘pchilikning ko‘zi ilg‘amaydigan bu tosh gerbni pastdan payqash, ko‘rish qiyin bo‘lgani uchun ham suhbatdoshim menga shubhalanibroq qaradi. Ertasi kuni tongda Bektosh Rahimovni Sherdor madrasasi tomiga boshlab boradigan bo‘ldim.
Maydonda haqiqatan ham Rossiyaning toshdan bitilgan davlat gerbi borligiga shubha qilmagan sarkotib “Hozircha bu ikkimizning o‘rtamizda sir bo‘lib qolsin, bu masalaga albatta qaytamiz”, deya meni xotirjam qildi. “Sirdoshim” bilan uchrashuvni uzoq kutdim. Registon maydoni bilan bog‘liq boshqa materiallarni o‘rganishga kirishdim.
Tarixda Registon obidasi ma’muriy-siyosiy ahamiyatga molik bo‘lib, aholi to‘planadigan shahar markaziga aylangan. Maydon orqali qadimgi Samarqand — Afrosiyobga kanal orqali suv keltirilgan. Uning suvi Afrosiyob janubidan o‘tgan keng va chuqur handaq ustidan maxsus qo‘rg‘oshin ariq — akveduk yordamida shahar(hozirgi Afrosiyob tepaligi)ga kirib kelib, Hazrati Xizr masjidi yaqinida uch yo‘nalishga bo‘lingan. Natijada shahar dahalarini suv bilan ta’minlagan. Uning izlari institutimiz arxeologlari tomonidan Samarqand davlat universiteti xiyoboni boshlanishida joylashgan Lolazor mahallasi, Registon maydoni va Bibixonim madrasasi uchastkalarida kuzatilgan. Kanal oqizib kelgan qum hisobiga Registon maydonida qumloq joy hosil bo‘lganligi haqida taxminlar bor.
Registon maydonida ilk bor XIV asr oxirida Telpakfurushon (telpak sotuvchilar) binosi qad ko‘taradi. Ammo ansamblning dastlabki me’moriy shakllanishi XV asrda yuz beradi. Bu joyda Mirzo Ulug‘bek tashabbusi bilan 1417–1420-yillarda o‘z davrining oliy o‘quv dargohi — dorilfunun — Ulug‘bek madrasasi barpo etiladi. Uning qarshisida Ulug‘bek xonaqohi, shimolida Mirzoyi karvonsaroyi, janubida Alika Ko‘kaldosh jome masjidi quriladi. G‘arbida yog‘ochdan (sinchli) Muqatta masjidi va Abusaid madrasasi qurilib, maydon me’moriy jihatdan to‘liq shakllanadi.
Temuriylardan keyin shayboniylar davrida mamlakat poytaxti Buxoroda qaror topgach, Registon maydonida joylashgan binolar qarovsiz holatga tushib qoldi. Shayboniylar va ashtarxoniylar xizmatida yirik harbiy mulkdorga aylangan olchin qabilasining aslzodalaridan Yalangto‘sh Bahodir Samarqandga hokimlik davrida vayrona holatga tushib qolgan Ulug‘bek xonaqohi o‘rniga 1619—1635-yillarda Sherdor madrasasini, Mirzoyi karvonsaroyi o‘rnida esa 1646—1659-yillarda Tillakori madrasa-masjidini qurdiradi. Keyinchalik Registon maydonida shayboniy aslzodalarning maqbaralari paydo bo‘ladi.
Registon ansambli XV asrda qurilgan tarixiy obida sifatida nafaqat O‘zbekiston xalqini, balki millionlab chet ellik sayyohlarni ham hayratga solib kelmoqda. Bu yerda savlat to‘kib turgan Sherdor madrasasi peshtoqida oppoq ohuni quvlab borayotgan kuch-qudrat timsoli — sher aks ettirilgan. Sher tomon boshini qayirib olg‘a intilayotgan ohular oralig‘ida esa, qizg‘ish zarhal tusda, hokimiyatning komillik, mustahkamlik ramzi tasvirlangan. Bu kompozitsion syujetni tarixiylik nuqtai nazaridan quyidagicha talqin etish mumkin: islomiy ma’naviy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan Samarqand zaminining bu ramziy timsoli me’mor usta Abdujabbor tomonidan juda zukkolik bilan amalga oshirilgan.
Chuqur tarixiy va falsafiy mazmunga ega tasvir Yalangto‘sh Bahodirning etnik kelib chiqishidan dalolat beradi. Chunki bu rangli tasvirda aks etgan sher qachonlardir olchin qabilasining Yalangto‘sh Bahodir urug‘iga tegishli totemi bo‘lgan. Tanasi yo‘lbars, boshi afsonaviy qudratli sherning odam qiyofasidagi quyosh bilan uyg‘unlikda tasvirlanishini esa, ramziy belgi sifatida qabul qilish mumkin. Ushbu ramziy tamg‘ada odam qiyofasidagi quyosh bilan sherning uyg‘unlikda tasvirlanishi o‘zbek xalqining etnik asoslari bilan hamohangdir.
Nizomiy nomidagi TDPU “Amaliy san’at” kafedrasi professori Saidaxbor Bo‘latovning “Sherdor madrasasi bezaklarining sirli olami” kitobida ushbu tamg‘aning amaliy san’at bilan bog‘liq jihatlari haqida bir olam ilmiy g‘oya va farazlar o‘rtaga tashlangan. Muallifning teleekranda namoyish etishga moslab, ovozli film yaratganligi bu borada yana bir ajoyib manbadir. Filmda muallif “Ziyo orqali insonlar ruhiy poklikka, ruhiy poklik orqali komillikka erishadi”, degan falsafiy fikrni o‘rtaga tashlaydi. Bundan tashqari, samarqandlik olim Abu Tohirxo‘ja XIX asrning 30-yillarida yozgan “Samariya” kitobida Sherdor madrasasi peshtoqidagi tasvirlarni musulmon astrologiyasida keng tarqalgan osmondagi yulduz burjlari bilan bog‘lashi yana bir ma’lumotdir...
Nihoyat, Bektosh Rahimov bilan ikkinchi bor uchrashar ekanman, “Shunday ilmiy asos topingki, Registon maydonida toshdan yasalgan podsho Rossiyasining qo‘sh boshli sher aksi bitilgan gerbi haqidagi haqiqatni respublika rahbariyati rad etolmasin”, degan talabni qo‘ydi. Murojaatda Ulug‘bek madrasasining tevarak-atrofi keyingi (XVII asr) qurilish ishlari natijasida qariyb ikki metr qalinlikdagi chiqindi va tuproq bilan to‘lib ketganligi, bu esa madrasa devorlarini zax-nam bosib, devoriy koshinlar to‘kilib, yodgorlik avariya holatiga kelib qolganligini ma’lum qildim. Viloyatdan borgan shikoyat xatiga Madaniyat vazirligi qoshidagi yodgorliklar taqdiriga javobgar ekspert kengashining aksariyat a’zolari salbiy munosabat bildirgan. Ular maydon sathi va Ulug‘bek madrasasi atrofidan ikki metr qalinlikdagi tuproqni olib tashlashning o‘zi bo‘lmasligini ta’kidlashibdi. Buning uchun katta mablag‘ kerak. Vazirlik “markaz” roziligisiz bu ishga qo‘l urolmaydi. Ikkinchidan, Registon maydonida sun’iy hovuz paydo bo‘ladi, kuzgi va qishki yog‘in-sochindan hosil bo‘lgan suvni chiqarib tashlash mushkullik tug‘diradi, ya’ni har uchala madrasa nam tortib, ta’mirlash jarayoni og‘irlashadi.
O‘sha kezlarda Tillakori madrasasida ta’mirlash ishlari ketar, uning poydevorini o‘rganish masalasi ko‘tarilib, bunga institutimiz xodimlari safarbar etilgan edi. Shurf-transheya qazish vaqtida 2 metrga yaqin chuqurlikdan suvni tortib ketuvchi quduqning plitatosh qopqog‘i chiqib qoldi. Quduq toshlarining Registon maydonida uchrashi bejiz emas edi. Plitatoshni institutga olib borib, o‘rgandik. Bu ashyoviy dalil Registon maydonida to‘planadigan suvni yerosti akveduk orqali tashqariga chiqarib tashlash uchun ishlangan lyuk qopqog‘i bo‘lganligi ehtimoldan uzoq emas, degan xulosaga keldik. Demak, Ulug‘bek davrida madrasa, karvonsaroy, xonaqoh va boshqa me’moriy yodgorliklar majmuasi maydonida yog‘ingarchilikdan to‘planadigan suvni tashqariga chiqarib tashlash choralari ko‘rilgan.
Registon maydonidan 2 metrga yaqin tuproq olib tashlansa, yodgorliklar ahvoli ne kechishi haqidagi bahs-munozaralar ancha vaqt davom etdi. Toshkentdan kelgan komissiya a’zolari biz ko‘rsatgan dalillarning ilmiy jihatdan asosli ekanligiga shubha qilmadi. Biroq 2 metr qalinlikdagi tuproqni olish uchun tegishli mablag‘ ajratildi.
Ikki oy davomida maydonning tegishli ikki joyidan tuproqqa to‘lgan yerosti akveduk (tashlandiq suv yo‘li) tosh qopqog‘i topilib, tozalandi. Yer osti akveduki pishiq g‘ishtdan arkasimon shaklda qurilgan ekan. Uning poliga sopol quvur yotqizilgan. Inshoot Ulug‘bek zamonasida qurilgan yerosti quvurining yorqin namunasi ekanligini bildik. Quvur Registon maydonidan G‘arbga tomon, mashhur Ko‘ksaroy qal’asi sharqidan o‘tuvchi qadimgi soyga tutashib ketadi. Ulug‘bek zamonasidagi bezakli g‘isht yo‘laklar kompozitsiyasi ham ochildi. Madrasaning koshinkor devorlaridan namlik arib, koshinli g‘isht qoplamalar qulashdan to‘xtadi, qisqasi, Registon me’moriy kompleksining umri yana bir necha asrlarga uzaydi. Shu bilan birga maydondan ikki boshli sher tasviri ham olib tashlandi.
Bugun Registon maydoni yangilanib, maftunkor qiyofaga kirdi. Tarixiy maydonning chiroyiga chiroy qo‘shilib, betakror go‘zallik va me’moriy komillik ato etilgan. Shahar aholisi va sayyohlar shaharda undan go‘zalroq sayilgoh topa olmaydilar.
Ahmadali ASQAROV, akademik