Ulug‘bek madrasasining xorijdagi vorislari
Dunyoda qadim tarixga ega universitetlar barmoq bilan sanarli bo‘lib, ularning aksariyati Yevropada joylashgan. O‘zbekiston ilm-maorifi tarixi G‘arbnikidan sira kam bo‘lmasa-da, biroq Ulug‘bek oliy maktabi vorisi – Samarqand davlat universiteti kabi shonli tarixga ega bo‘lgan oliy ta’lim muassasalari negadir qadimiy universitetlar ro‘yxatida keltirilmaydi.
Abu Rayhon Beruniy, Abu Nasr Forobiy, Ahmad Farg‘oniy, Muhammad Xorazmiy, Ibn Sino, Mahmud Zamaxshariy, Qozizoda Rumiy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi kabi ko‘plab daholarni yetishtirgan O‘zbekistonning qadimgi universitetlari tarixi solnomasi asossiz tarzda anchayin kamtarin keltiriladi. Bu hol o‘tmishda ko‘plab buyuk olimu fuzalosi bo‘lgan yurtning o‘zida oliygoh bo‘lmagandek, allomalari esa chet elda o‘qib kelishganu so‘ng o‘z yurtida olamshumul kashfiyotlar qilgandek tasavvur uyg‘otadi. Vaholanki, ularning barchasi shu zaminda ta’lim olgan, tibbiyotu algebrani shu yurtda kashf qilishgan edi.
SamDU rektori, professor R.Xolmurodovning Samarqand davlat universiteti tarixini Ulug‘bek madrasasi tashkil etilishi bilan bog‘lash haqidagi “Samarqand universiteti qachon tashkil topgan?” sarlavhali (22.02.2019 y.) maqolasini o‘qib, shunday tasavvurlar ko‘ngildan o‘tdi. Haqiqatdan ham, maqolada ko‘tarilgan mavzu juda dolzarb. Bunga qo‘shimcha tarzda yana bir narsani keltirib o‘tmoqchimiz, agar Yevropaning ko‘hna universitetlari o‘tmishda asosan o‘z yurtida shuhrat qozongan bo‘lsa, Samarqand davlat universiteti o‘tmishdoshi bo‘lgan Ulug‘bek oliy madrasasi, olimlari, ta’lim jarayoni, ilmiy muhiti uzoq xorijda ham mashhur bo‘lgan. Bu muhitdan ma’rifatlangan ziyolilar xorijda Movarounnahr madrasalariga monand ilm o‘choqlari ochgan, Samarqand ilmiy muhitini singdirib, ulkan kashfiyotlarga, ijtimoiy taraqqiyotga sababchi bo‘lgan. Shunday holat Xitoyning o‘rta asr tarixida ham yuz bergan.
Mirzo Bobur qarindoshlari, Movarounnahr ilmiy-ma’naviy muhitining havosini olgan Sulton Saidxon (1487 –1533-y.y.), o‘g‘illari Abdurashidxon (1510 –1569-y.y.), Abdukarimxon (1529 – 1591-y.y.) kabi ziyoli xonlar Xitoyning shimoli-sharqiy hududida hukmronlik qilgan davrlarda turli sohalarda qator islohotlar o‘tkazish bilan birga, Ulug‘bek oliy madrasasi ilmiy muhiti va ta’lim tizimini ham hayotga joriy qilishga erishganlar.
Bu jarayon samarasida qisqa vaqtda Shinjonda o‘ziga xos madaniy renessans davri boshlandi, ma’rifiy-adabiy muhit misli ko‘rilmagan darajada yuksaldi. O‘sha davr tarixiy manbalarida obodonchilik, ma’rifatparvarlik, ilm rivojiga munosabat va homiylik Alisher Navoiyning Hirotdagi va Mirzo Ulug‘bekning Samarqanddagi faoliyatiga qiyoslandi.
Qashqardagi “Hoqoniya” madrasasi, Yorkentdagi “Xon kutubxona”, “Xonlik madrasa”, “Muhammadxon madrasasi” kabilarning shuhrati qo‘shni davlatlarga ham yoyildi. Qisqa vaqtda Yorkentning o‘zida 10 ga yaqin madrasa faoliyat boshladi, “Ulug‘bek madrasasi” nusxasida tiklangan “Rashidiya” madrasasi bosh oliygoh maqomini oldi.
Ulug‘bek oliy madrasasiga voris sifatida Xitoyda faoliyat yuritgan ushbu madrasalarda geografiya, biologiya, matematika, falsafa, meditsina, shariat va dinshunoslikka oid asarlar, arab, fors, urdu, turkiy, chin tillari, shuningdek xattotlik, musiqashunoslik va matnshunoslikka oid fanlar o‘qitilar, Jaloliddin Rumiy, Hofiz Sheroziy, Abdurahmon Jomiy, Mavlono Lutfiy, Alisher Navoiy, Farididdin Attor kabi mutafakkirlarning asarlari o‘rganilar edi. Aynan shuning ta’sirida Shinjon hududida fan va madaniyat sohasida katta siljishlar yuz berdi.
Bu madrasalarda mashhur olim, «Devoni Qodirxon» muallifi, Alisher Navoiy g‘azallariga musiqa bastalab, shashmaqomga monand «Visol» deb nomlanuvchi maqom turini ijod qilgan shoir va musiqashunos Yusuf Qodirxon Yorkandiy, shuningdek, Ayoziy, Mavlono Hulqiy, Nafisiy, Mirzo Mirak Chalishiy kabi shoir va musiqachilar ilm oldi. Hanifiy, Ho‘piqiy, Mulla Hotif, Bobo xo‘ja Oxun Xo‘tandiy, Oxun Mulla Shoh xo‘ja, Mulla Habib, Muhammad Emin Zehniy, Mirza Shoh xo‘ja, Mulla Juniy xo‘ja, Mulla Fozil kabi madrasa ko‘rgan qator shoir va adiblar avlodi yetishib chiqdi.
Taniqli shoir va mutafakkir Muhammad binni Abdulla Xarobotiy (1638 – 1730-y.y.) Oqsuv shahridagi oliy madrasada mudarrislik qilish bilan birga, imom va murshid sifatida ham faoliyat olib bordi. Hukmdor Abdurashidxon esa nafaqat sultonlik qildi, balki qarindoshlari Boburshoh va Husayn Boyqaroga taqlidan ijodkor sifatida ham ajoyib asarlar bitdi.
Bu faktlar Samarqand va Buxoro madrasalarining nafaqat Turkiston mintaqasida, balki uzoq va yaqin xorijdagi ta’lim tizimiga ham o‘zning barakali ta’sirini o‘tkazgan, ular boshqa mamlakatlardagi madrasalar uchun etalon vazifasini bajarganligini ko‘rsatadi.
Aytish lozimki, nafaqat Movarounnahrda, balki chet eldagi oliy ta’lim rivojiga ham ulkan hissa qo‘shgan Mirzo Ulug‘bek oliy madrasasi faoliyati to‘xtagan va tugagan emas. Samarqandda ilm-ma’rifat jarayonida hech qachon uzilish yuz bermagan! O‘z vaqtida Sharqda ilmu ma’rifat markazi bo‘lgan bu ulug‘ dargoh bugun Samarqand davlat universiteti ko‘rinishida yashamoqda, ziyo, ma’rifat maskani sifatida faoliyat olib bormoqda. Biz proffessor Rustam Xolmurodovning oliy ta’limimiz boshlanishini o‘rta asr uyg‘onish davri madrasalari tarixi bilan bog‘lash xususidagi o‘rinli va mantiqli taklifini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Samarqand davlat universiteti solnomasi oliy madrasalar davridan boshlangani va unga 1420-yili Mirzo Ulug‘bek asos solgani rasmiy qayd qilinsa, har tomonlama to‘g‘ri bo‘lardi.
Erkin MUSURMONOV, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.