O‘zbekistonlik olimlar Belarusda malaka oshirishdi
Belarus Milliy fanlar akademiyasida MFA ilmiy tashkilotlarida stajirovka o‘tash dasturini yakunlagan yosh o‘zbek olimlariga sertifikatlar topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Hujjatlarni Belarus MFA Rayosati raisi Vladimir Gusakov topshirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Belarus Milliy fanlar akademiyasi o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik doirasida amalga oshirilgan ushbu stajirovkalar yakunida Belarus MFA Rayosati raisi Vladimir Gusakov yosh olimlarni ruhlantirib, Belarus va O‘zbekiston ilmiy tashkilotlari o‘rtasida do‘stona aloqalar o‘rnatilganini ta’kidladi.
Stajirovkalar Belarus Milliy fanlar akademiyasining Umumiy va noorganik kimyo instituti, Biofizika va hujayra muhandisligi instituti, Energetika instituti, Falsafa instituti, Birlashgan informatika muammolari instituti, Materialshunoslik bo‘yicha ilmiy-ishlab chiqarish markazi, Geofizik monitoring markazi, Belarus madaniyati, tili va adabiyoti tadqiqotlari markazida o‘tkazildi. O‘quv dasturi doirasida stajyorlar institutlar faoliyati, laboratoriya uskunalari ishlab chiqarish va texnologiyalarning tashkil etilishi bilan tanishishdi, O‘zbekiston — Belarus I hududlararo forumida ishtirok etishdi.
Amaliyot yakunlariga ko‘ra hamkorlikka doir beshta hujjat imzolandi: Belarus Geofizik monitoring markazi va O‘zR FA Seysmologiya instituti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum; Belarus Milliy fanlar akademiyasi Umumiy va noorganik kimyo instituti hamda O‘zR FA Umumiy va noorganik kimyo instituti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma; Belarus MFAning Energetika instituti va O‘zbekiston Ilmiy-texnika markazi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim; O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi hamda Belarus MFAning Biofizika va hujayralar muhandisligi instituti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum.
O‘zbekiston tashkilotlaridan Belarusga tashrif buyurgan yana 18 nafar tadqiqotchi 12-sentabrga qadar ikki oylik stajirovkasini davom ettiradi.
Nazokat AZIM