Gulbadanbegim — tariximizni bezagan malika
O‘zbek davlatchilik tarixida xotin-qizlar orasidan yetishib chiqqan ko‘plab dono va aql-zakovat sohibasi bo‘lgan malikalarni borligi bizga ma’lum.
Ana shunday pok, iymonli, zakovatli ayollardan Bobur mirzoning qizi Gulbadanbegim va nabirasi Zebunisolarning nomlarini ham zikr etish o‘rinlidir. Boburshoh o‘ta nozikta’b, afg‘on atirgullarini yaxshi ko‘rganidanmi o‘z qizlariga Gulrang, Gulchehra, Gulbadan ismlarini tanlaganligini alohida e’tirof etish darkor. Temuriyzoda malikalar orasida Gulbadanbegimning nomi alohida ulug‘langan, olima, iymoni butun, taqvodor ayol sifatida ta’rif etiladi. Gulbadanning nomi onalari singari tarix pardasi orqasida qolib ketgan emas, balki boburiylar saroyidagi eng mo‘tabar, dono ayol sifatida tarix sahifalarida qolganligi bilan e’tiborlidir. U 1522-1523-yillarda Kobulda Boburshohning uchinchi xotini Dildor og‘acha begimdan dunyoga kelgan. Hindol va Gulbadan bir onaning farzandlari edi.
Boburshoh saroyida shahzoda va malikalarni tarbiyalashda jiddiy e’tibor berilgan. Maktabda o‘g‘il bolalar bilan qiz bolalar birga o‘qitilgan. Ularga ite’dodli mudarrislar, otinoyilar saboq berishgan. Turli mashg‘ulotlar, chavandozlik, chavgon o‘ynash bilan shug‘ullanganlar. Gulbadanbegimning ham ilm-ma’rifatli bo‘lishiga yoshlik damlaridanoq e’tibor berilgan. Uning tarbiyasiga saroyning bosh bekasi Mohimbegim mas’ul bo‘ldi. Saroyning iste’dodli qissaxoni Sarvqad ismli ayol go‘zal ertaklarni, afsona-rivoyatlarni, xalq qo‘shiqlarini maroq bilan so‘zlab bergan.
Diniy ilmlar bilan birga dunyoviy bilimlar o‘rgatilib, Qur’oni karim yod oldirilgan. Yillar o‘tishi bilan Gulbadanbegim saroy malikalari orasida savodli, fozila ayol bo‘lib obro‘-e’tibor topdi. Gulbadanbegim 60 yoshdan oshganda jiyani Akbarshoh tomonidan bobosi Boburshoh va otasi Humoyunshohning hukmdorlik faoliyatini ifoda etuvchi bir tarixiy asar yozish haqida farmoni oliy qabul qildi. Shu bois hazratning farmoniga itoat etgan holda Gulbadanbegim “Humoyunnoma”ni yozishga kirishadi. Bu farmon yana ikki kishiga — Humoyunning yaqin mulozimlari Javhar oftobachi va vaziri shayx Boyazidga ham berilgan edi.
Gulbadanbegim “Humoyunnoma”ni ixcham, ravon, sodda, tushunarli tilda bayon qiladi. Otasi Boburshoh olamdan o‘tganda, u sakkiz yoshlarida edi. Xotirasida saqlanib qolgan voqea-hodisalarni bayon etar ekan, kamtarlik bilan “men ojiza”, “men haqir” deya voqealarga guvohlik beradi. Kobul taxtini egallagandan so‘ng Boburshohning shar’iy to‘rtta xotini bo‘lib, ularning kattasi Mohimbegim ilm-ma’rifatli, dono, go‘zal ayol edi. Shu bois Bobur bu go‘zal malikani chindan sevgan va qadrlagan. 1507-yilda Mohimbegimdan taxt vorisi — to‘ng‘ich farzandi Humoyun dunyoga keldi. Gulbadan bu haqida: Kobulning olinishi va Humoyunning dunyoga kelishini Olloh muborak etdi, deb yozadi. Humoyun o‘n ikki yoshga to‘lganda temuriylar saroyidagi udumga ko‘ra barcha shahzodalar singari uning tarbiyasi bilan maxsus kishilar shug‘ullangan. Chunki taxt vorisi edi. Bobur Humoyunga Badaxshon viloyatining hukmronligini berdi. Tarixiy ma’lumotlarda Mohimbegimning Humoyundan tashqari farzandi bo‘lmagan, bo‘lganda ham ular yoshligida bevaqt olamdan ko‘z yumgan edilar. Yolg‘iz o‘g‘lining o‘z bag‘ridan ketishi bosh malika uchun ancha og‘ir edi.
Shu o‘rinda bir narsani ta’kidlash lozimki, ko‘p manbalarda temuriy malikalardan dunyoga kelgan farzandlar, ayniqsa, boburiylarda turli xil kasalliklar oqibatida tezda nobud bo‘lganligi, ayniqsa, Hindiston zaminida avj olgan ichburuq tufayli bevaqt vafot etganligi qayd etiladi. Bobur Hindiston sarhadlari uchun jang olib borayotgan bir pallada Mohimbegimdan maktub oladi. Malika maktubda kundoshi Dildorbegimdan tug‘ilajak farzandi xoh o‘g‘il bo‘lsin, xoh qiz, uni o‘z tarbiyasiga berishini so‘ragan edi. Bobur mirzo malikaning ko‘ngliga qarab rozi bo‘ladi. Dildorbegim o‘g‘il ko‘radi. Hindistondek buyuk yurtni zabt etish sharafiga unga Hindol deb ism qo‘yishdi.
“Onam hazratlari meni o‘z tarbiyasiga olganlarida men ikki yoshda edim”, deya xotirlaydi Gulbadan. Demak, Mohimbegim kundoshi Dildorbegimning ikki farzandini o‘z tarbiyasiga olganligi ma’lum bo‘ladi. Bizga ayonki, azaldan temuriylar saroyida suyukli shahzodalar sohibqironning topshirig‘iga binoan katta malikalar tarbiyasiga berilgan. Masalan, Shohrux mirzoning ikki farzandi: Ulug‘bekni Saroymulkxonimga, Ibrohim Sulton parvarishini Tuman og‘aga yuklaydi. Bunday udum boburiylarda ham uchraydi.
O‘sha davr udumiga ko‘ra Boburshoh saroyida temuriy malikalarga xos yuksak ta’lim-tarbiya, odob, shohona kiyinish, musulmon ayollarga xos qat’iy talab joriy etilgan. Bobur Hindistonni zabt etish jarayonida ko‘plab hind raqqosalarini Kobulga saroy malikalariga xizmat qilish uchun yuborib ham turgan. Ular musiqa ohangida turli tadbirlarda raqs, qo‘shiqlar ijro etishgan. Bobur Hindistonda muqim o‘rnashgach, Kobuldagi haramini Agraga ko‘chirish haqida farmon berdi. Bu haqida Gulbadan: “Rona Sanganing mavh etilishidan so‘ng bir yil o‘tgach, onam hazratlari Mohimbegim Kobuldan Hindistonga keladi. Men haqir ham u kishi bilan podshoh otamni ko‘rgani keldim”, deb xotirlaydi. Gulbadan “Humoyunnoma”da saroy haramining Kobuldan Hindistonga qadar olti oy mobaynida kechirgan og‘ir yo‘l azobi, iztiroblarini atroflicha tasvirlaydi. Yanvar oyining dastlabki kunlaridan boshlangan safar yurishi tugab, nihoyat iyun oyining 27-kunida Agraga yetib kelganligini bayon etadi. Bobur tabiatan ayollarga, bolalarga nisbatan mehr-muruvvatli, ochiq ko‘ngilli kishi edi. Uzoq safardan toliqib kelayotgan saroy ahlini intizorlik bilan kutib oladi. Gulbadan padari buzrukvorini birinchi ko‘rganda ancha hadiksirab, hayratga tushadi.
“Ul hazrat anchagacha meni bag‘riga bosib, tizzalariga olib o‘tirdilar va men haqir shu onlarda o‘zimni shunchalik baxtli his qildim, buni tasavvur etish qiyin”, deb yozadi. Bu vaqtlarda Gulbadan endigina olti yoshlarda edi.
Oradan ikki yil o‘tib jannatmakon otasi Boburshoh vafot etdi. Bu voqeani u shunday hikoya qiladi.
Dehlidan Humoyunning jiddiy betobligi “ahvoli ancha og‘irligi” haqida xabar keladi. “Bu xabarni eshitgach zamon onam hazratlari sabrsizlandilar”, deb yozadi. Shundan so‘ng Mohimbegim Dehliga jo‘nab ketdi. “Tezda Humoyunni daryo orqali Agraga keltirishdi. Valiahdning ahvoli ancha qo‘rqinchli edi. Podshoh hazratlari kelib bemorni ko‘rishlari bilan nuroniy chehralarini qayg‘u va alam tuyg‘ulari qamrab oldi”, deya yozadi Gulbadan. Saroy tabiblari qanchalik urinmasin farzandining ahvoli yanada og‘irlashayotganligini ko‘rgan Bobur Olloh yo‘lida o‘z jonini baxshida etdi.
Ana shudan so‘ng Bobur mirzoning toblari qocha boshladi. Humoyun mirzo esa sog‘ayib ketdi. Ikki-uch oy o‘tdiki, dard borgan sari og‘irlashib borardi. Shundan so‘ng o‘g‘li Humoyun mirzoga zudlik bilan maktub yubordilar. “U kishi tezlik bilan yetib keldi. Qiblagohi bilan ko‘rishib, otasining og‘ir ahvolini ko‘rib yig‘lab yubordi.
O‘sal yotgan podshoh “Hindol qayerda? U nima qilyapti? Eh, afsus, ming bor afsus, deya zorlanardi. Biroq o‘ziga ko‘proq o‘xshagan Komronning ismini tilga olmadi. Askariy mirzoni eslamadi”.
Shu o‘rinda Gulbadanbegim hayoti haqida ham qayd etish darkorki, uni o‘n yetti yoshga to‘lganida Humoyun mirzoning mulozim-amaldorlaridan biri bo‘lgan Xizr Xo‘jaxonga turmushga uzatadilar. Xizr Xo‘jaxondan Saodatyor ismli o‘g‘il dunyoga keladi. Ular haqida Gulbadanbegim “Humoyunnoma”da deyarli hech narsa demaydi. Faqat bir o‘rinda ularning nomlarini zikr etgan, xolos. Humoyunshoh o‘z hukmronligining yettinchi, sakkizinchi yillarida poytaxtni Agradan Dehliga ko‘chirish uchun farmon qabul qildi.
“Humoyunnoma”da dabdabali iboralar, so‘zlar uchramaydi. “Abulfazl” asari singari podshohga hamd-u sanolar, balandparvoz so‘zlardan xoli tarzda yozilganligi tahsinga sazovordir.
Gulbadanbegimning islomga bo‘lgan e’tiqodi va pok ayol sifatida haj ziyoratini ado etish istagi uning orzu-armoni edi. 1576-yilda bir necha saroy malikalari hamkorligida Akbar saroyini tark etib safarga chiqadi. Bu paytda u 50 yoshlardan oshgan edi. Akbar hajga yurishdagi barcha sarf-xarajatlarni, yo‘l xavfsizligini ta’min etgan holda bu ishga rozilik berdi. Yo‘lning uzoqligi, xavf-xatarni hisobga olib, maxsus sarbozlar tomonidan qo‘riqlab borildi. Ziyoratchilar uzoq va mashaqqatli yo‘lni bosib, nihoyat Makkaga yetib kelishadi. Ular Arabistonda uch yarim yil yashab, to‘rt marta haj ziyoratini ado etishadi.
1582-yilda ular uzoq yetti yillik ayriliqdan so‘ng eson-omon Agraga qaytib kelishadi.
Gulbadanbegimga boburiylarning beshinchi avlodi Shohjahon nomi bilan mashhur bo‘lgan Xurramning hukmronlik yillarini ko‘rish nasib qilmadi. U sakson yoshida bezgak kasali bilan bu foniy dunyodan ko‘z yumdi. Bu voqea Akbarshoh o‘limidan ikki yil oldin sodir bo‘ldi. Akbarshoh sadoqatli ammasi Gulbadanbegimning tobutini yelkasiga olib anchagina ko‘tarib bordi.
Boburning suyukli qizi, pok iymonli, sadoqatli ayol, o‘zining “Humoyunnoma”dek tarixiy asari orqali tariximizni bezagan malika Gulbadanbegimning siymosi tarix zarvaraqlaridan mustahkam o‘rin olganligi bilan qadrlidir.
Sora HASANOVA,
Toshkent shahridagi
21-maktab o‘qituvchisi,
Sarvinoz ISMOILOVA,
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti qoshidagi
akademik litsey o‘qituvchisi