Tabiiy fanlarda innovatsion klaster: tasavvur va voqelik
Chirchiq davlat pedagogika instituti tashabbusi bilan uzluksiz ta’lim tizimidagi barcha ta’lim turlari, ilmiy-tadqiqot institutlari, amaliyot bazalari, ilmiy va ilmiy-metodik tuzilmalar o‘rtasida pedagogik ta’lim innovatsion klasteri amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Klaster “Eshitdim — ko‘rdim — bajardim” tamoyiliga asoslangan bo‘lib, oliy ta’lim muassasasi maktablar va tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan akademik litseylar bilan hamkorlikda ish olib boradi. Asosiy maqsad — metodik yordam ko‘rsatish, ta’lim sifatini oshirish, o‘qituvchilarni kasbiy rivojlantirish, “Uzluksiz kasbiy ta’lim elektron platformasi”ni tashkil etish hamda bitiruvchilarni kasbga yo‘naltirish orqali oliy ta’limga jalb qilish, dars mashg‘ulotlari va o‘quv jarayonini innovatsion pedagogik texnologiyalar asosida samarali tashkil etishni rivojlantirishdir.
Chirchiq shahridagi 11-maktabda 2019-2020-o‘quv yilidan boshlab “Pedagogik ta’lim innovatsion klasteri” institutning ustuvor ilmiy-tadqiqot yo‘nalishi sifatida belgilandi, “Maktab-laboratoriya” innovatsion tajriba maydonchasi faoliyatini rivojlantirish hamda o‘qituvchilarga o‘quv-metodik ko‘maklashish, o‘quvchilarni PISA xalqaro dasturiga tayyorlash maqsadida biologiyani o‘qitish bo‘yicha “Tashabbuskor talabalar” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Klaster doirasida ta’lim turlarining ilmiy, nazariy, amaliy, metodik salohiyatini yagona maqsadga yo‘naltirish, mavjud muammolarni bartaraf etish yoki ta’lim muassasalarining muayyan yo‘nalishdagi ishlari samaradorligini oshirishda ulardan oqilona foydalanish masalalari “Maktab-laboratoriya” innovatsion tajriba maydonchasi ostida birlashdi.
“Maktab-laboratoriya” uzluksiz ta’lim jarayonida ta’lim turlari o‘rtasidagi ilmiy, uslubiy va ta’lim vositalarini rivojlantirish, klasterni amaliyotga tatbiq etish bilan bog‘liq ilmiy-pedagogik loyihalarni tajriba-sinovdan o‘tkazishni nazarda tutadi. Tajriba-sinov ishlarida o‘qituvchilarga mexanik yondashuv va avtoritar pedagogika elementlaridan voz kechish, dars mashg‘ulotiga ko‘proq ijodiy qarash, o‘quvchilar fikrlarini erkin ifoda etishini rag‘batlantiruvchi, adabiyotlarda mavjud ma’lumotlarni tahlil qilishga qaratilgan metodlardan foydalanish tavsiya etildi.
2019-2020-o‘quv yili davomida zoologiya bo‘yicha 7-sinf o‘quvchilari bilimi sifat ko‘rsatkichlari innovatsion pedagogik texnologiyalardan foydalanish asosida o‘rganildi. Pandemiya munosabati bilan o‘quv yili yakunida tajriba sinfida darslar masofaviy ta’lim shakliga o‘tkazildi. 2020-2021-o‘quv yili boshidan tajriba sinfi ota-ona va o‘quvchilar taklifiga binoan, masofaviy o‘qitish bo‘yicha “Maktab-laboratoriya” telegram guruhi tashkil etildi.
Bu guruhda 8-sinf “Odam va uning salomatligi” fanidan barcha mavzular an’anaviy, onlayn tarzda, innovatsion yondashuv, mavzularga oid slaydlar, multimediali ta’lim resurslari, audio hamda videodarslar asosida olib borilmoqda. “Maktab-laboratoriya”da o‘quvchilarda tabiiy-ilmiy savodxonlikni shakllantirishga qo‘yiladigan talablar, undan kelib chiqadigan ta’lim mazmuni, o‘quvchilarning bilish faoliyati kompetensiyaviy yondashuv asosida tashkil etilishi, o‘qitish metodlari, vositalari, shakllarining uyg‘unligi va uni amalga oshirishda innovatsion texnologiyalardan foydalanish, o‘quvchilarda tabiiy-ilmiy savodxonlik darajasini aniqlash imkonini beradigan reyting nazorat vositalari, standart va nostandart test topshiriqlari tajriba mazmunini tashkil etdi va amaliy natijasini ham ko‘rsatdi.
“Maktab-laboratoriya”da tashkil qilingan pedagogik tajriba-sinov ishlari statistik tahlili natijasida o‘quvchilarning biologiya faniga qiziqishi, nazariy bilimini oshirish, hozirgi zamon fan va texnologiyasini o‘rganishga intilishlarini kuchaytirish, ularni ijodkorlikka undash, nazariy bilimini amaliyotda qo‘llash malakasini hosil qilish samaradorligi o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan oshgani kuzatildi.
Oliy ta’lim muassasasi va akademik litsey faoliyati uzviyligini ta’minlash maqsadida esa Tabiiy fanlar fakulteti “Biologiya” kafedrasi va institut qoshidagi akademik litseyning “Innovatsion pedagogik ta’lim klasteri” loyihasi doirasidagi hamkorlik ishlari davom ettirilib kelin-moqda.
Ayni vaqtda o‘quvchilar “Genetika asoslari”dan irsiyat, irsiylanish va o‘zgaruvchanlik qonun va qonuniyatlari, chatishtirish usullari, duragaylar olish, darsliklarda keltirilgan tajriba o‘simliklari sifatida qayd etilgan o‘simliklarni amaliy jihatdan issiqxonada olib borilayotgan tajribalar orqali ko‘rishga muvaffaq bo‘lmoqda. Issiqxonada ekilgan no‘xat navlari, g‘o‘zaning yovvoyi turlari, bug‘doy va javdar o‘simliklarining eng yaxshi xususiyatlarini to‘plagan gibrid o‘simlik tritikale, dorivor o‘simliklar, sitrus o‘simliklar, introduksiya qilingan, manzarali o‘simliklar, xona gullari, ilmiy tadqiqotlar uchun ekilgan xorijiy o‘simlik navlari, ulardagi genetik (sifat va miqdoriy) belgilarning irsiylanishi to‘g‘risida berilgan ma’lumotlar o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Bugungi kunda o‘simlik navlarining morfofiziologik jihatdan rivojlanishini ular o‘zlari amalda kuzatib kelmoqda. Bu esa genetika va seleksiya fani qonuniyatlarini, nazariy bilimlarini tajribada sinashga, tadqiqotchilikka qiziqish uyg‘onishiga asos bo‘lmoqda.
Shu bilan birga “Biologiya” kafedrasi qoshida yoshlarga qo‘shimcha kasb berishga qaratilgan “Issiqxona xo‘jaligi faoliyatini tashkil qilish va tadbirkorlik” bo‘yicha faoliyat olib borayotgan kursga “Issiqxona xo‘jaligi”ni qurish va undan yuqori daromad olish usullariga qiziqqan Chirchiq shahridagi bir nechta umumta’lim maktablari o‘quvchilari uchun ekskursiyalar tashkil etildi. Bu, albatta, yoshlarning bo‘sh vaqtini samarali o‘tkazish, ularni hayotga tayyorlash, kichik maydonlardan ham unumli foydalanib, daromad olish, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish bilan kelajakda biror kasb egasi bo‘lishga xizmat qiladi.
Sirtqi va ikkinchi oliy ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarning fan bilan dastlabki tanishuvi ta’lim platformasi orqali kechadi. Kunduzgi ta’limda tahsil olayotgan talabalar ma’ruza mashg‘uloti orqali ilmiy ma’lumotlardan xabardor bo‘ladi. Bu loyihaning “Eshitdim” rukniga mos keladi. Bunda talabalar professor o‘qituvchining taqdimotli ma’ruzasidan yoki audio, video ma’ruzadan foydalanishi mumkin. Keyingi bosqich “Ko‘rdim” deb nomlanadi va talabalar tajribalarni issiqxonada olib boradi. Yakuniy asosiy bosqich — “Bajardim”. Bu bosqichda talabalar nazariy va amaliy bilimlarni mustaqil ish vazifalari orqali mustahkamlaydi. Aynan mana shu bosqichda talabalar tomonidan “ESHITILGAN”, “KO‘RILGAN” bilimlar mustaqil “BAJARILISHIGA” erishiladi. Topshiriqlar qisqa va uzoq muddatli bo‘lishi mumkin. Olingan natijalar tajribaning qayd etish nazorati daftariga belgilab boriladi. Tajribani bajarish jarayoni talabalar tomonidan tasvirga olinadi va masofaviy ta’lim platformasiga joylanadi. Ta’lim jarayonidagi laboratoriya mashg‘uloti talabalarning ham ta’lim-tarbiyaviy, ham axborot-kommunikativ kompetensiyalari shakllanishiga yordam beradi.
Issiqxona sharoitida uzluksiz olib borilayotgan o‘quv jarayonlari va ilmiy-tadqiqot ishlari o‘quv va ilmiy-tadqiqotlarning sifat va samaradorligini oshirishga, nazariya va amaliyot uyg‘unligini mustahkamlashga, umumta’lim maktabi, akademik litsey va oliy ta’lim muassasalari uzviyligini ta’minlashga hamda institutning ustuvor ilmiy-tadqiqot yo‘nalishi hisoblangan innovatsion pedagogik ta’lim klasteri loyihasini to‘liq amalga oshirishga xizmat qiladi.
Otanazar RAHIMOV,
Toshkent viloyati Chirchiq davlat
pedagogika instituti
Tabiiy fanlar fakulteti dekani,
pedagogika fanlari doktori,
professor