Sergelida ikkita yangi maktabgacha ta’lim muassasasi ochildi
Toshkent shahrining Sergeli tumanida ikkita davlat maktabgacha ta’lim muassasasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda maktabgacha ta’lim vaziri A.Shin, vazirlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Sh.Mirziyoyeva, Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari D.Xidirov, “Nuroniy” jamg‘armasi respublika boshqaruvi raisi Sh.Jalilov, nuroniylar va mahalliy aholi vakillari ishtirok etdi.
Yangi MTMlar Sergeli tumanining Qumariq turar joy mavzesida va 5A dahasida joylashgan. Ular mebel, rivojlantiruvchi o‘yin va o‘yinchoqlar bilan jihozlangan. Bu maktabgacha ta’lim muassasalari orqali Sergeli tumanida maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish hajmi 83 foizdan 89 foizgacha oshirildi va 100 yangi ish o‘rni yaratildi. Ayni paytda hududda 4 ta MTM qurilmoqda.
– Sergeli tumani jadal rivojlanib bormoqda, yangi qurilgan uylarga yashovchilar ko‘chib kirmoqda va tegishlicha ta’lim muassasalariga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormoqda, – dedi maktabgacha ta’lim vaziri A.Shin. – Bir yo‘la ikkita MTM ochilishi yana 780 nafar bola sifatli maktabgacha ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lishini anglatadi. Shuningdek, qisqa muddatli guruhlar ochilib, ularga 180 nafar bola qabul qilinadi. Yangi MTMlar qurilishida standart loyihalardan voz kechilgan holda noodatiy dizayn va zamonaviy yechimlardan foydalanildi.
Har ikki MTMda ta’lim muhiti Koreya Respublikasining modeli negizida loyihalashtirilgan. Shu tariqa, yirik javonlar o‘rniga mobil modullar o‘rnatildi. Ular maydonni o‘zgartirish va uni turli mashg‘ulotlarga moslashtirish imkonini beradi. O‘yin va o‘quv qurollari bolalar bo‘yi yetadigan joyda o‘rnatilgan. O‘yinlarning aksariyati barmoqlarning mayda motorikasini rivojlantirish uchun mo‘ljallangan.
– Guruhlar va koridorlarda nutq va yozish, ijod, qurilish, konstruksiyalash va matematika, syujet o‘yinlari, kutubxona kabi ko‘plab rivojlantirish markazlari joylashgan, – dedi Sergeli tumani 5A dahasidagi “Baxtli bolalik” 44-MTM mudirasi Kamila Qambarova. – Bolalarning o‘zi ko‘ngliga yoqqan mashg‘ulotni tanlaydi, pedagog esa o‘yin va o‘qish uchun zarur bo‘lgan materiallarni aniqlaydi va ularga yordam beradi. Muassasada bolalar sog‘lom unib o‘sishi uchun futbol maydonchasi, suzish havzasi qurilgan. Bundan tashqari, yo‘l belgilarini o‘rgatish uchun muassasa hududida avtomobil yo‘lakchasi tashkil etilib, yo‘l belgilari o‘rnatilgan.
“Baxtli bolalik” va “Bilimlar mamlakati” MTMlarida oylik to‘lov bir bola uchun 186 ming so‘mni, oilada ikki nafar maktabgacha ta’lim yoshidagi bola bo‘lsa, 132 ming so‘mni tashkil etadi. Shuningdek, qonunchilikka muvofiq, tarbiyalanuvchilar umumiy sonining 15 foizi MTMga bepul qatnashi mumkin bo‘ladi. Ushbu imtiyoz kam ta’minlangan oilalardagi bolalarga nisbatan taqdim etiladi.