Bola o‘yinlarining ta’limga daxli
O‘yin faqat bilish jarayonini takomillashtirib qolmay, bolaning xulq-atvoriga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bog‘cha yoshidagi bolalarda o‘z xulqini boshqarish ko‘nikmalarini shakllantirish bilan bog‘liq psixologik muammoni o‘rgangan Z.V.Manuylekoning fikricha, biror maqsadga yo‘naltirilgan mashg‘ulotga nisbatan o‘yinda xulqiy ko‘nikmalarni oldinroq va osonroq egallash mumkin.
Ayniqsa, bu omil bog‘cha yoshiga xos xususiyat sifatida o‘zining yorqin ifodasini topadi. Katta, maktab yoshidagi bolalarda o‘z xulqini boshqarish ko‘nikmasi o‘yin faoliyatida ham, boshqa sharoitlarda ham qariyb tenglashadi. Ular ayrim vaziyatlarda, masalan, musobaqa paytida oldingiga qaraganda yuqoriroq ko‘rsatkichga erishishi ham mumkin. Ta’limiy o‘yinlar bolada o‘z xulqini boshqarish ko‘nikmasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bola o‘yin paytida faol harakatga urinadi. Chunki u moddiy narsalarga asoslangan harakat rejasidan tasavvur qilinayotgan, fikr yuritilayotgan jismlar mohiyatini aks ettiruvchi harakat rejasiga o‘tadi. Bola jismlarning moddiy shaklidan birdaniga ularning xayoliy ko‘rinishiga o‘tishida uning uchun tayanch nuqta bo‘lishi kerak. Vaholanki, shunday tayanch nuqta vazifasini o‘tovchi narsalarning aksariyatidan u o‘yinda bevosita obyekt sifatida foydalanadi.
Psixolog J.Piaje o‘yinda jismlarga yangi nom berishga jiddiy e’tibor qaratib, bu tafakkur shakllanishining tayanchi degan xulosaga keladi. Lekin bu xulosa vaziyatni aks ettirishning birdan bir to‘g‘ri yo‘li ekanini bildirmaydi. Shuning uchun narsaning nomini o‘zgartirish bilan bolada tafakkur va aql-zakovat o‘sishini kutish ham mantiqqa mutlaqo ziddir. Aslida, narsalarni qayta nomlash emas, balki o‘yin harakatlarining xususiyatini o‘zgartirish bolaning aqliy o‘sishiga sezilarli ta’sir o‘tkaza oladi. Darhaqiqat, o‘yin jarayonida bolalarda harakatning yangi ko‘rinishi, ya’ni uning fikriy, aqliy jihati namoyon bo‘ladi va shuning uchun o‘yin harakatlarini shakllantirish jarayonida bolada fikrlash faoliyatining dastlabki ko‘rinishi vujudga keladi. Bolaning aqliy kamol topishida yoki uning umumiy kamolotida o‘yinning muhim ahamiyat kasb etishi xuddi mana shu dalil orqali o‘z ifodasini topadi.
Bola o‘yin faoliyatida maktab ta’limiga tayyorlanib boradi. Shu bois unda aqliy harakatlarning yaqqol shakllari tarkib topa boshlaydi. Bundan kelib chiqib, maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarning har bir o‘yiniga ahamiyat qaratish va buning ham ta’lim jarayoniga ta’siri borligini inobatga olishimiz kerak.
Zulxumor YO‘LDOSHEVA, Uchquduq tumanidagi 1-MTT psixologi