“Huquqiy tarbiyani MTTdan boshlaylik”
“O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali marosimda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Konstitutsiya va qonun ustuvorligi — huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatining eng muhim mezonidir” nomli nutqini oynayi jahon orqali ko‘rib, tingladim.
Keyingi yillarda maktabgacha ta’lim tizimining isloh qilinishi va rivojlanishiga alohida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Joylardagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari rekons-
truksiya qilinib, muammo va kamchiliklarga yechim izlanayotgani bizni yangi rejalar ustida ishlashga da’vat etmoqda. Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, “Jumladan, bolalarni bog‘chaga joylashtirishga elektron navbat, maktablar va oliy ta’limga o‘qishga qabul qilishga ochiq va oshkora tartiblar yaratildi. Shuningdek, “yagona darcha” tamoyili asosida 100 dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda”.
Sohadagi ishlarni tartibga keltirish, korrupsiyani bartaraf etish, asosiysi, kichkintoylarga zamon talablariga mos ta’lim-tarbiya berish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois o‘quv dasturlaridan tashqari metodik va didaktiv materiallardan foydalanyapmiz.
Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, huquqiy tarbiyani maktabgacha ta’lim tizimidan boshlashimiz, bu boradagi ilk ko‘nikmalar ona allasi kabi farzandlarimiz qalbidan umrbod joy olishi darkor. Bosh qomusimiz farzandlarimiz ongi va qalbidan chuqur joy olgan, ularning huquq va erkinliklarini to‘liq kafolatlaydigan haqiqiy hayot qomusiga aylanmog‘i lozim. Bu borada Adliya, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari bilan bir qatorda Maktabgacha ta’lim vazirligi ham mas’uldir. Biz kelayotgan 2020-yilda bolajonlar bilan “Konstitutsiya alifbosi” tarbiyaviy o‘yin mashg‘ulotlari faoliyatini kengaytirib, “Bolajonning burchlari” loyihasini tashkil etishni niyat qildik. Bunday sa’y-harakatlar va tajribalar negizida o‘g‘il-qizlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirishning ilmiy asoslangan dasturlari yuzaga keladi. Zero, yangi zamon bolasi juda ziyrak. Bu ularning dunyoqarashi, kattalar qarshisida berayotgan savollari-yu hozirjavobligida yaqqol sezilmoqda. Hali maktabga chiqmagan bolaning sanashni, o‘qish-yozishni bilib olayotgani maktabgacha ta’lim tizimini doimiy takomillashtirishni talab etadi. Boisi turlicha qobiliyat egalari bo‘lgan bolalarimizga salohiyati, talabiga mos ravishda sifatli ta’lim-tarbiya berishni, burchlarini anglatishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.
Marg‘uba MADATOVA, Kosonsoy tumanidagi 28-MTT mudirasi