“Bobolarga munosib avlod bo‘lamiz!”
Qo‘qon shahridagi 12-maktabgacha ta’lim tashkilotida Alisher Navoiy tavalludining 579 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda tarbiyachilar, kichkintoylar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Hazrat Navoiy ijodi bir ummon. Sho‘ng‘igan g‘avvosning-da uning tubiga yetmog‘i gumon. Ammo bu sahovatpesha dengiz hech bir ko‘ngilni o‘ksik qaytarmaydi. Unga ma’no durlari tizilga bir marjon tutqazadi.
Tadbirda Kichkintoylar Alisher Navoiy g‘azallaridan namunalar o‘qidi. Ehtimol, ular g‘azallarning ma’nosini tushunmagan bo‘lishi mumkin, biroq Noiyning sohir so‘zlari bolajonlarning shirin tillarini-da, dillarini-da durlar bilan bezadi. So‘ng Alisher Navoiyning bolaligi aks etgan sahna ko‘rinishi ijro etildi. Bolakaylarning ijro mahorati yig‘ilganlarni hayratda qoldirdi. Shu lahzalarda kichkintoylarning yuraklari “Biz bobolarga munosib avlod bo‘lamiz!” deya urayotganini chaqnab turgan ko‘zlari-da tasdiqlab berdi. Tadbir yakunida bolajonlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Dilfuzaxon QOSIMOVA, shu MTT uslubchisi