Yangilanish eski osoridandir...
78-yillar xotirasi. Bobom o‘shanda 77 yosh atrofida ekan. Ayrimlar: “Rahmat aka, Xudo, Xudo deysiz, qani, o‘sha Xudongiz?” – deya piching aralash kulib so‘rasa, bobom rahmatli chap ko‘ksiga urib: “Mana, mana shu yerda Xudo!” – derdi. Bu inson qaysi davr, qanday tuzum bo‘lishidan qat’i nazar, o‘z e’tiqodi va o‘z so‘ziga ega kishi edi. Vaholanki, biz og‘iz ko‘pirtirib maqtanadigan O‘QIGANLARdan yoki biror oliy dargohni hatlaganlardan ham emasdi.
Xo‘sh, bunday butun iymon, oqibat bu davr odamlarida qanday shakllangan, dersiz? Javobi oddiy: ularning o‘qiydiganlari Qur’oni karim, Hadisi sharif, tafsirlar va ular ta’sirida dunyoga kelgan asarlar hamda xalq og‘zaki ijodiyoti namunalari; tarbiya manbalari esa shu chashmalardan to‘yingan hayot tarzi bo‘lgan. Mana, tafakkurning ozig‘i. Xo‘p, keyingi avlod-chi?
40–50-yillar avlodi. Bu davr kishilarining eng gullagan yoshlik pallasi sho‘ro hokimiyatining ham ancha qad rostlab o‘z maqsadlarini kuchli strategiya asosida yo‘lga qo‘ygan davriga to‘g‘ri keladi. Yoppasiga ateistik ta’lim-tarbiya avj olgan yillar. Garchand ota-onalarimizning ruhiyatida bobolar tarbiyasi yashasa-da, ammo “adolatli” siyosatga qarshi chiqa olmasdilar. Natijada sho‘rolar ongimizdagi E’TIQOD o‘rniga PARTIYA degan mal’un(og‘u)ni bosqichma-bosqich singdira boshladi.
60–70-yillar avlodi ham oraliq davr vakillari sanaladi.
Xo‘p, bularni aytishdan maqsad ne?
E’tibor bergan bo‘lsangiz, tibbiy muolajada kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi vositalarni inson tanasiga asta-sekinlik bilan yuborish tavsiya etiladi. Sho‘rolarning usuli va “yutug‘i” ham shunda edi. Ular ong-shuurimizdagi, qalbimizdagi E’TIQODni mana shunday evolyutsion ta’sir etish yo‘li bilan kuchsizlantirdi. Uning oqibatlari bugun o‘z kelajagidan qo‘rqmaydigan tarixni, adabiyotni, yalang‘och san’atni voyaga yetkazdi. Biz bugun yoshlarni ayblashdan to‘xtashimiz kerak, zero, nihol nimadan oziqlansa, o‘shanday meva beradi. Zamondosh ayrim shifokorlarimizning bemor hayotiga, ba’zi o‘qituvchilarning millat kelajagi taqdiriga, ayrim huquqshunoslarning xalq haq-huquqiga, boringki, barcha sohada bo‘lgan va bo‘layotgan kechirib bo‘lmas munosabatning sababi ham mana shu E’TIQODning sustligidandir. Nima qilmoq kerak?! Bunga yagona javob: BUTUN E’TIBORNI MAKTABGACHA HAMDA BOSHLANG‘ICH TA’LIMGA QARATISH SHART. Dunyoning ilg‘or mamlakatlaridan bu sohada tajriba o‘rganganimiz yetarli. Endi, birinchidan, bu davr ta’lim va tarbiyasida o‘zimizga xos va mos yangi MILLIY tizimni ishlab chiqish zarur. Ya’ni, bunda dastlabki qadam ta’lim sohasidagi eski darsliklarni yangilashdan iborat bo‘ladi. Bolalarimiz qorboboning yalpoq peshonasi-yu “fil deganlari shumi” mazmunidagi she’rlarni emas, ko‘proq XALQ OG‘ZAKI IJODIDAN, MUMTOZ ADABIYOT vakillarining yengil ijod namunalaridan yod olishlari maqsadga muvofiq. Chunki bu asarlar sarchashmasi muqaddas kitoblardir. Ulardan bahramand bo‘lgan avlod esa yuksak didli, tarbiyali bo‘lib kamol topadi. Shunda bizning bugun televizor, kompyuter, telefon oldidan keta olmayotgan farzandlarimizdan nolishga o‘rin ham qolmaydi. Chunki ular vaqtning qadriga o‘sha nozik did e’tibori bilan qaraydi, umrning mazmunini mustaqil idrok eta oladi.
Bular murg‘ak bola ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydimi? Bu savolning tug‘ilishi tabiiy.
Javobimiz esa — yo‘q! Bugun dunyo mutaxassislari 3–7 yosh oralig‘ini inson tafakkuri uchun eng asosiy davr deb izohlayotgan bir paytda, esdan chiqarmasligimiz lozimki, ajdodlarimiz bunday tajribani hayot tarzi sifatida necha asrlardan buyon sinovdan o‘tkazib kelgan. Zero, ular farzandlari tafakkurining eng shaffof damlaridan unumli foydalanib, ularning ongini zarur bilimlar xazinasi bilan boyitishgan. Bola to‘g‘ri yo‘naltirilgan ta’lim va tarbiya bilan parvarishlansa, aslo salbiy ta’sir kuzatilmaydi. Chunki sog‘lom inson miyasining eng SEVIMLI mashg‘uloti mutolaa va o‘rganish, yoqtirmaydigan holati esa asabiylashishdir. Va aytish joizki, inson miyasi ikki holatda – tartibsiz faoliyat va asabiylashgandagina charchaydi.
Bugun mukkasidan ketib PABJI o‘ynayotgan farzandlarimizni ko‘rib yuraklaringiz og‘rimayaptimi? Tokaygacha goh Yevropaga, goh Amerikaga mantiqsizlarcha taqlid qilamiz, bolalarimizni ham ergashtiramiz?! Nega o‘z qadriyatlarimizni oyoqosti qilamiz? Axir inson o‘zligidan kechib hech kim bo‘la olmaydi-ku?! Bunga tarix guvoh, shunday qismatdagi ajdodlarimiz hayoti yorqin misol!!!
Qaysi o‘simlik o‘z ildizi qolib, boshqa tomirdan oziqlanadi-yu, hayot kechira oladi?! Ildizi baquvvat daraxtni kallaklasangiz ham, kun kelib, undan yangi nihollar bo‘y cho‘zadi. Shu sabab bugun barcha sohada o‘z e’tiqodimizga, xalqimiz yaratgan ma’naviy xazinaga, ota-bobolarimiz merosiga tayanaylik. Bedil hazratlari:
Ildiz uzsang, urug‘ xayoli – vatan,
Ildiz paydo bo‘lar yana urug‘dan.
Yangilanish eski osoridandir,
Yangi ravnaqiga eskisi payvand,
– deganlarida qanchalar haq ekanlar.
Millatimiz ziyolilari, fidoyilari! Keling, bugun birlashib, millat kelajagi hisoblangan avlodimizni yangilash, taraqqiyotimizni belgilab berish uchun ajdodlarimiz tajribalariga suyanib mustaqil o‘zbekona maktabgacha ta’lim dasturini ishlab chiqaylik!
Zero, biz ezgu umidlar bilan kutayotgan uyg‘onish davri o‘z-o‘zidan ro‘yobga chiqmaydi. Uni iste’dodlar, olimlar va ularning ixtirolari, kashfiyotlari yetishtiradi. Bo‘lmasa, bularning barchasi qog‘ozlardagina “amalga oshadigan” maqsadligicha qolaveradi. Hali qonimizda MEHNATSEVARLIK, ILMGA, SAN’ATGA OSHUFTALIK, MEHR-OQIBAT, ORIYAT kabi noyob hayot tanachalari siz-u bizdan E’TIBOR, MADAD kutib, umid bilan yashamoqda.
Nilufar AHMEDOVA, o‘qituvchi