O‘yinchoq — bolani rivojlantiruvchi vosita
Hamma bolaligida o‘yinchoq bilan ovungan. Unda tinchlantiruvchi sehr bor, bolakay kecha-kunduz uni qo‘ldan qo‘ygisi kelmaydi. Ba’zi qizaloqlarni kuzatgansiz, qo‘g‘irchog‘ini quchoqlab uyquga ketadi. O‘yinchoqlar bilan xuddi yaqin do‘stidek gaplashadigan farzandlarimizga havas qilamiz. Zamona zaylini qarang-da, bozorga tushsangiz, ming xil o‘yinchoq.
Bola hayotini o‘yinchoqsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. U qay ko‘rinishda bo‘lmasin, bolaning hissiy qobiliyatini rivojlantiradi, nutqiy faolligini yaxshilaydi, lug‘at boyligini oshiradi, tahlil qilish, umumlashtirish, taqqoslash, diqqatni jamlashga o‘rgatadi.
— Ota-onalar bog‘chaning o‘yinchoq javoni batartib turadi, u komissiya kelganda chiroyli ko‘rinishi uchun kerak, deya noto‘g‘ri o‘ylashadi. Aslida, unday emas, — deydi Guliston tumanidagi 5-MTM mudirasi Matluba Abdullayeva. — Muassasadagi har bir detal bola ongi va tasavvurini kun va oy sayin rivojlantirishga xizmat qiladi. Mashg‘ulotlarimiz esa o‘yinchoqsiz aslo tatimaydi. Tarbiyachi hattoki o‘yinchoq nomini aytsa ham bolaning so‘z boyligi oshadi, jism haqidagi tasavvuri kengayadi. Matematika mashg‘ulotida tarbiyachi «Birga birni qo‘shamiz», deb aytsa, bola bunga befarq qaraydi. Lekin bu misolni qo‘liga ikkita meva ushlagan holda bajarib bersa, bu kichkintoy diqqat-e’tiborini ko‘proq tortadi.
Har bir bola zehni, zukkoligi, o‘ziga xos nutqi bilan ajralib turadi. Jismonan, ruhan rivojlanayotgan bolaga o‘yinchoqlar turli darajada ta’sir ko‘rsatadi. Psixologlarning fikricha, bola hamma o‘yinchoqlarni ham o‘ynab ketavermaydi. Har bir kichkintoy o‘z qiziqishiga qarab o‘yinchoq tanlaydi. Og‘ir, vazmin bolalar mayda detalli, sho‘x, to‘polonchi bolalar esa yengil o‘ynaladigan o‘yinchoqlarga moyildir. Tarbiyachi bolaning har tomonlama rivojlanishini hisobga olib, barcha o‘yinchoqlarni o‘ynashi uchun muhit yaratishi kerak. O‘yinchoq xavfsiz bo‘lishi zarur. Guruhlarda tarbiyachi va enaga xloramin eritmasi bilan o‘yinchoqlarni yuvib tozalaydi.
— Bolalarning har biri o‘ziga xos fe’l-atvorga ega: o‘yinqaroq, tortinchoq, urushqoq, betgachopar. Ammo har birini bog‘cha muhitida to‘g‘ri tarbiyalashimiz kerak, — deydi Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 493-MTM tarbiyachisi Nigora Qosimova. — Qurish-yasash mashg‘ulotlarida mozaika, lego o‘yinchoqlaridan unumli foydalanamiz. O‘yinqaroq bolaning bunga toqati yetmaydi. Lekin qo‘l motorikasi rivojlanishi uchun ularni ham bu o‘yinga jalb etamiz. Nonushtaga qadar, kunduzgi sayrdan so‘ng va uyga ketishdan oldin erkin o‘yin vaqti hisoblangani uchun bolalarning o‘yinchoqdan bemalol foydalanishiga ruxsat beramiz. Har biri o‘z funksional xususiyatiga ega.
Nutq o‘stiruvchi, didaktik, qurish-yasash, mozaika, aqliy rivojlantirishga mo‘ljallangan o‘yinchoqlarsiz mashg‘ulot o‘tkaza olmaymiz. Har bir guruhda o‘yinchoqlarni asrab-avaylash, ularni sindirmaslik, bukmaslik, ustiga o‘tirmaslik kerakligini bolaga uqtiramiz. O‘yinchoq — bog‘chaning umumiy mulki, undan barcha bolajonlar foydalanishi mumkinligini bola tushunib yetsa, u kelajakda o‘z buyumini qadrlashga o‘rganadi.
Vaqti-vaqti bilan o‘yinchoqlarning yaroqlilik darajasini tekshiruvdan o‘tkazib, foydalanib bo‘lmaydiganini yo‘qotamiz va ota-onalar homiyligi asosida har bir guruhga yangi o‘yinchoq keltiramiz. Milliy ko‘rinishdagi qo‘g‘irchoqlarni bolalar bilan birgalikda yasaymiz.
O‘yinchoq faqat ishlab chiqarish korxonasida yaratilmaydi. “Qo‘lbola” ovunchoq nafaqat bolaga, balki kattalarga ham zavq bag‘ishlaydi. Maktabgacha yoshdagi bolalar bilan o‘yinchoq yasashga tarbiyachilar mas’ul bo‘lib, ular sa’y-harakati bilan bola tasavvuri kengaytiriladi. Kesib, tayyor holatga keltirilgan o‘yinchoq qismlarini tikish yoki yopishtirish bola gardanida, xolos. Ana shu kichkina ish ham bolaga olam-olam zavq bag‘ishlaydi. Aynan shunga o‘xshash jarayon maktabdan tashqari ta’lim muassasalarida ham olib boriladiki, buning natijasida o‘smir ijodkorlikka o‘rganadi. O‘z yaqinlariga o‘zi yasagan buyumni sovg‘a qilishning gashti boshqacha.
— To‘garagimizda asosan yumshoq o‘yinchoqlar yasashni o‘rganamiz, — deydi Toshkent shahar «Barkamol avlod» bolalar badiiy ijodiyot markazi «Yumshoq o‘yinchoqlar» to‘garagi rahbari Alla Malaxova. — Reja asosida yasaydigan o‘yinchoqlarimizdan tashqari, bola xohish-irodasiga qarab turli narsa-buyumlar yasaymiz. O‘smirlar ko‘pincha bolaligidagi o‘yinchoqlarini qo‘msashadi va uni hafsala bilan yasaydilar. O‘yinchoqlar xonaga sig‘may ketsa, bog‘cha bolalariga, mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga sovg‘a qilamiz. Bola o‘z mehrini qo‘shib tabiiy materiallardan yasagan antiqa o‘yin¬choqlar foydali va xavfsizdir.
«Maktabgacha ta’lim muassasalari moddiy-texnik bazasini tubdan yangilash» deyilganda bola ongi, tasavvurini rivojlantirishga qodir o‘yinchoqlar ham nazarda tutiladi. Maktab¬gacha ta’lim, Sog‘liqni saqlash, Moliya vazirliklari, Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligining qo‘shma qaroriga ko‘ra, maktabgacha ta’lim muassasalarini didaktik o‘yin vositalari, o‘yinchoqlar, mebel, texnik jihozlar bilan ta’minlash me’yorlari tasdiqlandi. Bunga ko‘ra, ilk yosh (2-3 yosh), kichik (3-4 yosh), o‘rta (4-5 yosh), katta (5-6 yosh), tayyorlov guruhlari (6-7 yosh) uchun o‘yin va o‘yinchoqlar umumiy soni, xili ko‘rsatilgan. Yaqin kunlardan boshlab barcha maktabgacha ta’lim muassasalarida ana shu me’yorga to‘liq o‘tilishi va rioya qilinishi farzandlarimizning o‘yinchoqlar olamida emin-erkin, mustaqil fikrli, sog‘lom rivojlanishiga zamin yaratadi.
Feruza XOLMURODOVA