“A’lo ta’til” loyihasi yakunlandi
Mamlakatimizning faol, tirishqoq va a’lochi o‘quvchilarini Surxondaryodagi “Xalqaro yoshlar oromgohi”da birlashtirgan “A’lo ta’til” loyihasiga bugun yakun yasaldi. Xalq ta’limi vazirligi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamkorligida tashkil etilgan loyihada respublikada saralangan 192 a’lochi o‘quvchi ishtirok etib, maroqli ta’til o‘tkazdi.
Taqdirlash marosimi doirasida o‘quvchi yoshlar va o‘z kasbining bilimdon mutaxassislari ishtirokida “A’lo kasbim” loyihasi bo‘lib o‘tdi. Unda yoshlar uchuvchi, tankchi va razvedkachilar hamda mohir jurnalistlar bilan uchrashdi.
— Bunday kasb uchrashuvida birinchi bor ishtirok etishim, — deydi “Dreamliner” kapitani Ulug‘bek Ishmahmedov. — Bu uchrashuvda kasbga yo‘naltiruvchi yangi platforma ishga tushdi, deb aytishimiz mumkin. Yoshlar ittifoqi tomonidan tashkil etilgan mazkur platforma yoshlarga turli kasblar, ularning yutuqli va mas’uliyatli tomonlari haqida ma’lumot beradi. Men ham bolalikdan “orzular kemasi”ni boshqarishni orzu qilganman. Hamma uchuvchilar orzusi bo‘lgan vazifa — Prezidentimiz safarga uchgan samolyotni boshqarish baxtiga muyassar bo‘lganman. Bugungi uchrashuv ishtirokchilari orasida uchuvchi bo‘lishni orzu qilayotgan yoshlar borligidan quvondim.
Uchrashuvda o‘quvchilar mohir kasb egalariga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar.
Loyihaning taqdirlash marosimi o‘quvchi-yoshlar uchun do‘stlik va birdamlik festivaliga aylandi. Har bir ishtirokchi tashkilotchilar tomonidan rag‘batlantirildi.
— Bu yilgi qishki ta’til xotiramda abadiy saqlanib qoladi, — deydi sirdaryolik Yorqinjon Hayitboyev. — “A’lo ta’til” loyihasi doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlar, mahorat darslari, madaniy hordiq va turli sayohatlar bizni bir kuch bo‘lishga, birgalikda katta marralarni egallashga ruhlantirdi. “Mening ijod mahsulim” media-festivali esa ko‘plab ijodkor va yangi g‘oyalarga boy tengdoshlarimni kashf qilish va hududlarda maktab o‘quvchilari hayoti bilan tanishishga imkon yaratdi. Yurtimizning barcha o‘quvchilarini, tengdoshlarimni bu chorakda ham a’lo baholarga o‘qib, Yoshlar ittifoqi hayotida faol ishtirok etib, bahorgi ta’tilda “A’lo ta’til” loyihasida ishtirok etishga chorlab qolaman.
2019-yilning qishki ta’tiliga mo‘ljallangan “A’lo ta’til” loyihasi o‘quvchi-yoshlarni barcha fanlardan a’lo baholarga o‘qishga, faol va tashabbuskor bo‘lishga undadi.