G‘aroyib mamlakatlar
Suv ustidagi shahar, “omonat” mamlakat, ulkan daraxtlar diyori haqida eshitganmisiz? Ularning kishini hayratga soluvchi g‘aroyibotlari haqida-chi? Aslida, ular ertaklardagi sehrli mamlakatlar emas, shunchaki, biz bilgan davlatlarning biz bilmagan nomlari, xolos.
Kun va tunni birga qarshi oluvchi mamlakat
Dunyoda bir-birini takrorlamaydigan g‘aroyibotlarga boy maskanlar juda ko‘p. Ulardagi yashirin sir-sinoatlar kishi aqlini shoshirib qo‘yadi. Osiyo va Yevropa qit’alari bo‘ylab yastanib yotgan, umumiy maydoni bo‘yicha dunyodagi eng yirik mamlakat — Rossiya shular jumlasidan. Uning g‘aroyibligi nimada, deysizmi? Gap shundaki, mamlakat ichidagi hududlarda kun va tun turli vaqtlarda kiradi. Hududi G‘arbdan Sharqqa tomon shu qadar cho‘zilganki, g‘arbiy Kaliningrad viloyatida odamlar kechki soat 21:00 da tunni qarshi olishga hozirlik ko‘rsa, xuddi shu paytda uning eng sharqida joylashgan — Bering bo‘g‘ozidagi Ratmanov oroli aholisi tonggi quyoshni kutib oladi. Shu bois, Rossiya — kun va tunni birga qarshi oluvchi mamlakat, deb ham ataladi.
Qizig‘i, bunday hodisani dunyoning boshqa hech bir davlatida kuzatmaysiz. Mamlakatning 10 ta vaqt zonasi bo‘lib, har birining iqlimi o‘zgacha. Qish vaqti Sochi shahrida o‘rtacha harorat +5 daraja issiq bo‘lsa, ayni paytda Novosibirskda —15 daraja sovuq kuzatiladi. “Qutb muzlatkichi” nomini olgan Yoqutistonning Oymakon hududida esa yanvar oyida o‘rtacha havo harorati — 61 darajadan tushmaydi.
Shuningdek, Rossiya dunyodagi eng uzun chegaraga ega yagona davlat hamdir. U naq 16 mamlakat bilan chegaradosh bo‘lib, chegaralarining umumiy uzunligi 60 ming kilometr. Bundan tashqari, ushbu mamlakat Yevropa davlatlari qatorida tursa-da, hududining 2/3 qismi Osiyo qit’asiga kiradi.
“Mo‘jiza mamlakat”
Xitoy hamisha o‘zining jahonga mashhur kung-fu san’ati, Shaolin ibodatxonasi va Buyuk Xitoy devori kabi ajoyibotlari bilan dunyo ahlini hayratga soladi.
Eng qadimgi madaniyat o‘choqlaridan biri bo‘lgan mazkur mamlakatda XX asr oxirlarida yuz bergan keskin iqtisodiy rivojlanish jahonda “Xitoy mo‘jizasi” degan iboraning paydo bo‘lishiga turtki berdi. Haqiqatan, bugun Xitoy o‘z nomiga monand turli sohalarda dunyoda yetakchilik qilish bilan bir qatorda, tarixiy va zamonaviy obidalari, noyob san’at asarlari, ishlab chiqarish sohasidagi yutuqlari bilan jahonni lol qoldirmoqda. Ayniqsa, bu yerda bir necha ming yillardan beri yashaydigan noyob pandalar mamlakatning faxri hisoblanadi.
Ulkan daraxtlar mamlakati
Dunyodagi eng baland daraxtlar Amerika Qo‘shma Shtatlarida o‘sishini ko‘pchilik bilmasa kerak. Ammo mutaxassislar ko‘pincha AQShning dunyoda tutgan o‘rnini uning hududida o‘sadigan balandligi 110 metr bo‘lgan ulkan daraxtlar — sekvoyyalarga qiyoslaydi. Daraxtlarning eng yirik turi — General Sherman mamlakat hududida ayniqsa ko‘p uchraydi. Ulkan daraxtlarning eng ko‘pini Kaliforniya shtatida uchratish mumkin. U yerda hatto daraxtlar sayilgohi ham bor.
Shuningdek, bir xil nom bilan ataluvchi ikki daryoni ham faqatgina AQShda uchratish mumkin. Yana ularning ikkisi ham bir shtatda joylashganiga nima deysiz?! Bu — Florida shtatining markazidagi Oflacoochee daryosi bo‘lib, xuddi shu nomdagi yana bir daryo Floridaning shimoliy markazida ham mavjud.
Dunyodagi eng mitti davlat
Xaritadan dunyodagi eng mitti davlatni topish kerak bo‘lsa, darhol Vatikanni ko‘rsatamiz. Haqiqatan, qadimdan gladiatorlar jangi, Kolizey maydoni bilan nom taratgan Rim davlatining qoq markazida dunyodagi eng mitti davlat — Vatikan joylashgan. U barcha katoliklar rahnamosi — Rim papasining qarorgohi hisoblanadi. Kichkinagina mamlakatning umumiy maydoni 0,44 kv km bo‘lib, Vashingtondagi Mall magistrali bilan taqqoslaganda, uning umumiy maydonining atigi 0,7 qismiga teng keladi. Davlat chegarasining uzunligi — 3,2 km. Doimiy aholisi 800 kishiga yaqin. Davlat xaritasida atigi 78 ta obyekt qayd etilgan. Ushbu ko‘rsatkichlarga ko‘ra, u dunyodagi eng kichik davlat hisoblanadi.
56 daqiqalik yo‘l
Dunyodagi birorta davlat hududini bir soatdan kam vaqtda piyoda kesib o‘tish mumkinmi? Yevropa janubidagi O‘rta dengiz bo‘yida joylashgan, maydoni bo‘yicha dunyoda Vatikandan keyin ikkinchi o‘rinda turadigan eng mitti davlat — Monakoda buning iloji bor. Quruqlikda faqat Fransiya va Italiya bilan chegaradosh bo‘lgan Monako hududini piyoda kesib o‘tish uchun atigi 56 daqiqa vaqt kerak. Vertol¬yotda sayr qilish uchun esa 20 daqiqa yetarli. Mamlakatning umumiy maydoni 1,95 kv/km.ga teng. Qizig‘i, davlat nomi uning yaqinida joylashgan “Monoikos” yunon koloniyasi nomi bilan bog‘liq. Monos — “bir”, oikos — “uy” so‘zlaridan olingan bo‘lib, “Yagona uy”, degan ma’noni anglatadi.
Poytaxtsiz davlat
Ha, shunaqasi ham bo‘lar ekan — davlatning o‘zi bor-u, poytaxti yo‘q. Tinch okeanining g‘arbidagi marjon orolida joylashgan dunyodagi mitti davlatlardan biri — Nauru Respublikasi buning yaqqol misoli. Nauru — poytaxtsiz mamlakat bo‘lish bilan birga, sayyoramizdagi eng mitti respublika va orol davlat hamdir. Bu yerda asosan naurlar yashaydi. Ushbu mitti mamlakat o‘zining g‘aroyib tarixiga ega.
Aytishlaricha, 1980-yillarda davlat hududida fosfor miqdorining ko‘pligi sabab xalq juda boy bo‘lgan. Ammo fosfor olish maqsadida o‘rmonlarning 90 foizi vayron qilingan va orol hududining 80 foizi jonsiz cho‘lga aylangan. Shundan beri mamlakat hududining 80 foizi bo‘shab qolgan. Bu yerlarda hatto odamlar ham yashamaydi.
Dunyoning qolgan qismidan ajratilgan ushbu yagona kichik orol-davlatning umumiy maydoni 21 kv km bo‘lib, aholisi soni 10 mingga yaqin. Bu yerda uzunligi 3,9 kilometrga teng yagona temiryo‘l mavjud. Mamlakatdagi avtomobil yo‘llarining umumiy uzunligi 40 kilometrni tashkil etadi. Nauru ekvatorga juda yaqin joylashgani bois, tuzilishi jihatidan boshqa davlatlarga aslo o‘xshamaydi. U okean yaqinida joylashgan bo‘lishiga qaramay, hududida birorta ham daryo yo‘q. Ko‘li ham yagona.
“Omonat” mamlakat
Yer yuzida shunday mamlakatlar borki, ularning aholisi davlat hududining erta-indin suv ostida qolib ketishidan qo‘rqib, xavotirda yashaydi. Tinch okeani Polineziyasida joylashgan Tuvalu ana shunday “omonat” mamlakatlardan. Ekvatordan janubroqda joylashgan davlat Tuvalu arxipelagidagi 4 ta oroldan iborat. Mamlakat atrofida okean sathining oxirgi 20 yil ichida o‘rtacha 22 mm, ba’zi yillari 40—50 mm. gacha ko‘tarilishi kuzatilgan. Davlatning eng baland nuqtasi dengiz sathidan bor-yo‘g‘i 5 metr balandlikda joylashgan.
Mamlakat tuprog‘i ham tobora qirg‘oq eroziyasiga uchramoqda. Shu bois, mamlakatni suv bosish xavfi tug‘ilgan taqdirda aholini Fiji orollari, Yangi Zelandiya va Avstraliyaga ko‘chirish bo‘yicha rejalar ishlab chiqilgan.
Suv ustidagi shahar
Venetsiya — Italiyaning suv ustida qurilgan go‘zal va maftunkor shaharlaridan. Uni suratlarda tomosha qilish boshqa, o‘z ko‘zing bilan ko‘rish butunlay boshqa. Bu yerdagi suv ustida qurilgan binolar, faqat qayiq bilan suzib bora olish mumkin bo‘lgan turli yemakxonalarni ko‘rib, hayratga tushmaslikning iloji yo‘q.
Venetsiyaga sayyohlar ko‘p kelgani bois, Italiyadagi eng qimmat shaharlardan sanaladi. Ammo suv bor joyda toshqinlar bo‘lishi tabiiy. Venetsiya ham bundan mustasno emas. Bu yerda, ayniqsa, noyabr va dekabr oylarida suv bosishi holatlari ko‘p uchraydi. Ammo bu ko‘plab insonlarning ushbu sehrli diyorda yashash orzusini yo‘qqa chiqarol¬maydi. Mamlakat hududida ijara va uylarning narxi nihoyatda baland bo‘lgani bois, shaharda 270 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Ammo Venetsiyaning maf¬tunkor manzarasini tomosha qilish uchun bu yerga har yili 18 million sayyoh tashrif buyuradi.
Shaharning mehmondo‘st aholisi bir kunda dunyoning turli burchagidan kelgan 50 mingdan ortiq mehmonga mezbonlik qiladi. Ayniqsa, Venetsiyadagi kanallar uzra qurilgan 400 dan ortiq ko‘prik sayyohlarda o‘zgacha taassurot qoldiradi.
Go‘zal va mo‘jizaviy mamlakatlarga sayohat qilish kishiga bir olam zavq berish bilan birga, tarix va bugungi kun uyg‘unlashuvi, millatlar va madaniyatlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni yanada chuqurroq anglashga xizmat qiladi. Tabiat in’om etgan g‘aroyib mo‘jizalar esa insonlarni go‘zallikning qadriga yetish, noyob durdonalarni asrab-avaylashga undayveradi.
Irodabonu AVVALBOYEVA tayyorladi.