O‘quvchini kitobxonlikka kim qiziqtiradi?
O‘quvchini kitobxonlikka o‘rgatishda, mutolaaga qiziqtirishda maktab kutubxonasi va axborot-resurs markazining o‘rni alohida. Kutubxonadan bir marta kitob olib o‘qigan bola yana va yana shu maskanga intiladi, tengdoshlarini ham boshlab keladi.
Kutubxona ishini samarali tashkil etish kutubxonachiga bog‘liq. ARM xodimi yoki kutubxonachi kitobxonga kitobni topib beruvchi emas, bolalar bilan dildan suhbatlashadigan, ularni mutolaaga chorlaydigan, kitobxonlikni targ‘ib etadigan pedagog ham bo‘lishi kerak. Afsuski, bugun ayrim maktab kutubxonachilarida bunday xislatlar yetishmaydi.
Olmazor tumanidagi 243-maktabda tuman ARM bilan hamkorlikda o‘tkazilgan “Maktab kutubxonalari faoliyatini yaxshilash va o‘quvchilarda kitobxonlik madaniyatini oshirish” mavzusidagi o‘quv-amaliy seminarda Toshkent shahar XTBB metodika markazi metodisti Dilorom Yusupova shu kabi fikrlarni o‘rtaga tashladi.
Muhokamalarda so‘zga chiqqan tuman ARM rahbari M.Ro‘ziyeva, 243-maktab kutubxonachisi D.A’zamova, 326-maktab kutubxonachisi S.Yo‘ldosheva ARM tomonidan maktab kutubxonalariga ko‘rsatilayotgan metodik yordam, kitobxonlik bo‘yicha o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning ahamiyati va saviyasi, yoshlarni mutolaaga qiziqtirishda kutubxonachilarning o‘rni xususida fikr bildirdilar.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tuman ARM faoliyati bilan tanishdilar.
MUXBIRIMIZ