Daho bolalar
Buyuk donishmand Suqrotga “Qanday odamni baxtli sanamoq mumkin?”, deb savol berilganda, u: “O‘tkir aql va teran, toza fikrlar egasi baxtiyordir”, deya javob bergan. Aslida, tabiat barcha insonlarni ong va fikrlash qobiliyati bilan siylaydi. Ammo yuksak aql-zakovat, chuqur idrok va tafakkur sanoqli kishilargagina nasib etadi.
Tarixda ko‘plab olimlar, faylasuflar, dunyo gardishini boshqa yo‘nalishga burib yuborgan daholar o‘tgan. Hozir ham aql-zakovati, noyob iqtidori bilan dunyoni lol qoldirayotgan kishilar oz emas. Ayniqsa, teran tafakkuri bilan kattalarnida qoyil qilayotgan vunderkind bolalarning aql bovar qilmas qobiliyatlaridan hayratlanmay iloj yo‘q.
Shu o‘rinda “Kimlar eng aqlli bola bo‘lib tug‘iladi?”, degan savol barchani qiziqtiradi. Bolaning nihoyatda aqlli bo‘lib tug‘ilishi qisman naslga bog‘liqligini ta’kidlaydigan mutaxassislar boshqa omillarni ham tekshirib ko‘rdi. Endilikda, ular bu narsa bolaning qachon tug‘ilishiga ham bog‘liqligini aytmoqda. Bu boradagi tajribani birinchilardan bo‘lib boshlab bergan amerikalik olimlar 6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan milliondan ortiq bolalar o‘rtasida test o‘tkazdi. Tadqiqot natijalari sentabr oyida tug‘ilgan bolalar boshqalarga nisbatan aqlliroq bo‘lishini ko‘rsatdi. Boshqa bir tadqiqotda olimlar tarixiy asoslar hamda zamonaviy kuzatuvlarni o‘rgangach, bola boshqalardan ajralib turuvchi intellektga ega bo‘lishi uchun aynan fevral oyida, chorshanba yoki shanba kuni, boz ustiga, kunning birinchi yarmida tug‘ilishi kerak, degan xulosaga keldi. Buyuk britaniyaliklar o‘tkazgan tadqiqot natijalari esa 30—39 yoshdagi ayoldan tug‘ilgan bola oqil bo‘lishini ko‘rsatdi. Amerikalik yana bir guruh olimlar aqlli bolalar homiladorlikning 41-haftasida tug‘ilishi, biroq ularning salomatligi bilan bog‘liq muammolar kuzatilishini aniqladi.
Atrofimizda aqlli bolalar ko‘p, ammo ularning hammasi ham vunderkind emas. Go‘dakning tili erta chiqishi, zamonaviy texnologiyalardan foydalana olishi uning o‘ta aqlli ekanini anglatmaydi. Chinakam daho bolalarni osongina farqlash mumkin. Masalan, 1898-yili AQShda tug‘ilgan Uilyam Saydes ismli bolakay bir yoshdan o‘tar-o‘tmas bemalol gazeta o‘qiy boshlagan. 8 yoshida uchta kitob yozdi: ulardan biri inson anatomiyasi haqida. 11 yoshida esa eng nufuzli oliy ta’lim muassasilaridan birining talabasi bo‘ldi.
XVIII asrning boshlarida tug‘ilgan germaniyalik Kristian Genrix Xeyneken ham noyob iqtidor sohiblaridan biri bo‘lgan. Bir yoshidayoq o‘qigan asarlarini boshqalarga gapirib bera olgan bu bola 2 yoshida lotin va fransuz tilini, 4 yoshida 4 ta chet tilini bilgan. 3 yoshidan fizika, matematika, tarix va tibbiyot bo‘yicha ilmiy kitoblarni o‘qiy boshlagan. Eng hayratlanarlisi, Kristian o‘zining tarix va tibbiyot bo‘yicha oliy o‘quv yurtidagi ilk ma’ruzasini atigi 3 yoshida o‘qigan.
Rossiyada tug‘ilib, 4 yoshida she’rlar to‘qiy boshlagan shoira qiz Nika Turbina ham vunderkind bolalardan biri. Uning 9 yoshida chop etilgan “Qoralama” nomli birinchi she’riy to‘plami dunyoning 12 tiliga tarjima qilingan.
Yana bir daho — Andrey Xlopin 10 yoshida o‘zining kumushsimon bulutlarning paydo bo‘lishi haqidagi farazi bilan olimlarni hayratga solib, Ginnesning “Rekordlar” kitobiga kirgan.
3 yoshida murakkab matematik masalalarni osongina yechib, 5 yoshida pianino chalishni mustaqil o‘rgangan, 15 yoshida universitet, 18 yoshida aspiranturaga qabul qilingan Pavel Konoplev ham noyob aql sohibi sifatida e’tirof etiladi.
Vunderkind bolalar bizning asrimizda ham ko‘plab topiladi. Ularning nomi ko‘pchilikka tanish bo‘lmasa-da, noyob iqtidori haqida eshitgan kishi hayratda qolishi shubhasiz.
Dunyodagi eng yosh shifokor
1993-yili Hindistonning Nurpur shahrida tug‘ilgan Akrit Yasval mamlakatdagi eng aqlli bola (IQ146) hamda jahondagi eng yosh shifokor hisoblanadi. Bolaligidan tibbiy adabiyotlarni mustaqil o‘qishga qiziqqan Akrit 5 yoshidayoq anatomiyadan yetarli bilimga ega edi. Kunlarning birida uning qo‘shnisi — 8 yoshli qizaloq qo‘lini qattiq kuydirib oladi. Qizcha hilvirab qolgan barmoqlarini sira harakatlantirolmaydi. Shunda Akrit qo‘shni qizning barmoqlarini ajratib, yana joyiga solib qo‘yadi. Shunda barmoqlar yana harakatlana boshlaydi. Shu tariqa bo‘lajak shifokor 7 yoshida ilk jarrohlik amaliyotini o‘tkazdi.
Akrit 12 yoshida tibbiyot universitetiga qabul qilinib, 17 yoshida amaliy kimyo sohasida magistrlik darajasini oldi. Hozir u saratonga qarshi dori vositasini yaratish ustida ish olib boryapti. Uning o‘zi bu haqida shunday deydi: “8 yoshimdayoq saratonga qarshi dori vositasini topish haqda o‘ylay boshlaganman. Internet orqali bu mavzudagi ko‘plab adabiyotlar va maqolalarni o‘qib chiqdim. Mening uslubim saraton hujayralarini paydo qiluvchi noto‘g‘ri genlarni davolab, ularni fermentlarni faollashtirish hisobiga qayta tiklashdan iborat”.
G‘aroyib ixtirochi
Teylor Uilson (1994-yili tug‘ilgan) – yadro sintezi reaksiyasi uchun mo‘ljallangan fuzor qurilmasini yaratgan dunyodagi eng yosh ixtirochi. 7 yoshida yorug‘likni o‘tkazuvchi detektor ixtirosi uchun “Intel” kompaniyasining xalqaro ilmiy-texnika yarmarkasida mukofot bilan taqdirlanadi. Teylor 2013-yilning fevral oyida “TED- 2013” konferensiyasida yerosti yadro reaktorlarining parchalanishi haqidagi g‘oyalari haqida so‘zlab, barchani hayratga soldi. U ma’ruzasida o‘zi ishlab chiqqan ixcham yadro reaktori 50 MVt elektr energiyasi ishlab chiqarish xususiyatiga ega bo‘lib, uni 30 yilda bir marta to‘ldirish yetarli ekanini aytadi. Bolakay 10 yoshida yadro bombasi loyihasini, 14 yoshida fuzor qurilmasini yaratdi.
Matematika bilimdoni
1997-yili Buyuk Britaniyaning Shimoliy Uels hududida Kameron ismli bola dunyoga keldi. 4 yoshida manfiy sonlarni unutib qoldirgani uchun o‘qituvchisiga tanbeh berib, uning “Nol – eng kichik son” degan gapiga e’tiroz bildirgan bolakay bugun zamonamizning matematika bilimdonlaridan biri hisoblanadi.
Kameron 11 yoshida Buyuk Britaniyadagi universitetda matematika bo‘yicha ilmiy daraja olib, matematika maktabida bir yo‘la ikkita bitiruv imtihonini topshirishga ulgurgan. Undagi tug‘ma Asperger (ruhiy rivojlanish bilan bog‘liq buzilishlar) kasalligi to‘liq bilim olishiga biroz xalal bersa-da, Kameron noyob matematik qobiliyati bilan jahonni hayratga solishdan charchamayapti.
Eng tezkor hisobchi
Hindistonda matematik sonlarni hammadan tez hisoblaydigan qiz yashaydi. Uning ismi — Priyanshi Somani. 1998-yili tug‘ilgan Somani sakkiz xonali sonlar ustida bajariladigan murakkab amallarni ham miyasida bir necha soniyalarda hisoblaydi. Qizcha og‘zaki hisoblashni 6 yoshidayoq boshlagan. 11 yoshida esa “Mental Calculation World Cup” tanlovida ishtirok etib, 16 mamlakatdan kelgan 36 raqobatchi orasida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. U o‘ndan olti xonaligacha bo‘lgan sonlarning kvadrat ildizini 6 daqiqa-yu, 51 soniyada chiqarib, qatnashchilar orasida rekord o‘rnatdi. Shu bilan birga, tanlov tarixida kvadrat ildizlarni qo‘shish, ko‘paytirish va bo‘lishda birorta ham xatoga yo‘l qo‘ymagan yagona ishtirokchi bo‘ldi.
2012-yilning yanvar oyida 14 yoshli Priyanshi kvadrat ildizlarni ovoz chiqarmay, miyasida hisoblash bo‘yicha jahon rekordini yangiladi. Bu safar u matematik amallarni 2 daqiqa 43 soniyada bajardi. Hozir Somani AQShdagi Stenford tadqiqotlar universitetining faol a’zolaridan biri.
Yosh skripkachi
2000-yili Berlinda tug‘ilgan Akim Kamara ismli bolani ko‘pchilik yaxshi taniydi. Uning nihoyatda g‘aroyib musiqiy xotirasi bor — eshitgan barcha ohanglari, hatto go‘dakligida qulog‘iga kirgan kuylarni ham sira unutmaydi.
Akim 2 yoshidan skripka chala boshlagan. Bolakayning musiqani ilg‘ab, o‘zlashtirib olish qobiliyatini payqagan ustozi u bilan haftada ikki marta shug‘ullanardi. Akim skripka chalishni shu qadar tez o‘rganib oldiki, atigi olti oydan so‘ng — 3 yoshida yangi yil konsertida birinchi marta katta sahnaga chiqdi. U o‘shanda jahonga mashhur skripkachi Andre Re bilan birga kuy ijro etgan.
Akim noyob iste’dodi tufayli 5 yoshida Ganse Eysler nomidagi musiqa kollejiga qabul qilindi. Hozir u 19 yoshda va hali ham tug‘ilganidan buyon eshitgan barcha kuylarini juda yaxshi eslaydi!
Serqirra mahorat egasi
2000-yili Floridada yashovchi rus muhojirlari oilasida tug‘ilgan Itan Bortnik chinakam tug‘ma san’atkor. U ham musiqachi, ham xonanda, ham aktyorlik mahoratiga ega.
Bortnik 3 yoshida mustaqil tarzda bolalar pianinosini chala boshladi. 5 yoshida esa kuy yaratdi. Birinchi konsertiga 7 ming tomoshabin to‘planganida, Itan bor-yo‘g‘i 6 yoshda edi. O‘shanda u yakkaxon konsert dasturini namoyish etgan eng yosh musiqachi sifatida Ginnesning “Rekordlar” kitobiga kirgan.
Itan chiroyli nutqi, hazil va raqslari bilan tomoshabinlarni sehrlab qo‘yadi. Uning ovozi zalni larzaga solib, yuraklarni titratib yuboradi. Qo‘li klavishga tegishi bilan tomoshabinlar qarshisida o‘smir turganini unutadi. Chunki u pianino, gitara va zarbli musiqa asboblarini mahorat bilan chaladi.
Dunyodagi eng aqlli bola
2009-yili Buyuk Britaniyaning Solixall shahridagi “Iste’dodli bolalar markazi” mutaxassislari AQShda tug‘ilgan 2 yoshli Oskar Rigli ismli bolakayni dunyodagi eng aqlli bola deb topdi. Bolakayning noyob qobiliyati shundaki, uning miyasida katta lug‘at zaxirasi bo‘lib, 3 oyligidayoq murakkab so‘zlarni bemalol talaffuz qila boshlagan. 9 oyligida esa boshqalarning yordamisiz qisqa so‘z birikmalarini aytgan. Kunlarning birida bolakay onasiga pingvinlarning ko‘payish jarayoni haqida so‘zlab beradi. 2 yoshga to‘lgach, Oskar kattalar bilan istalgan mavzuda suhbatlasha olishi bilan nafaqat ota-onasi, balki olimlarni ham hayratga soldi. Bir qator tekshiruvlardan so‘ng mutaxassislar bolaning “IQ” koeffitsiyenti 160 balga teng ekanini aniqladi. Tasavvur qiling-a, bolakayning aqliy darajasi mashhur olim Albert Eynshteynniki bilan teng bo‘lib chiqdi! Shundan so‘ng 2 yoshli Oskar dunyodagi eng aqlli bola sifatida Ginnesning “Rekordlar” kitobiga kirdi.
Hozir Oskar boshqa bolalar qatori maktab o‘quvchisi. U ham tengdoshlari kabi sho‘x va o‘yinqaroq. Ammo boshqa bolalardan farqli ravishda, o‘zidan ancha katta taniqli professor, olimlar bilan teng muloqotga kirisha oladi. Yuqori intellekt sohiblari to‘planadigan dunyodagi mashhur tashkilot “Mensa” Oksford klubiga ham qabul qilingan.
Iroda TOShMATOVA tayyorladi.