Hayotiy muhim qaror ijrosiga bag‘ishlandi
Mehribonlik uyi. Bu so‘zni eshitiboq, ko‘z oldimizga ota-ona mehriga mushtoq, ularning yo‘liga termulgan bolajonlar siymosi keladi. Bugun mehribonlik uylarida bolalarning ta’lim-tarbiya olishi, bekam-u ko‘st yashashi uchun davlatimiz tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilgan. Ko‘rib, havasingiz keladi. Biroq bola uchun eng yaxshi joy — bu oiladir.
Poytaxtimizdagi 22-Mehribonlik uyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11-fevraldagi “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyatini o‘rganishga bag‘ishlangan respublika seminari bo‘lib o‘tdi. Unda soha vakillari, vasiylik va homiylik organlari xodimlari hamda mehribonlik uylari rahbarlari ishtirok etdi.
Dastlab Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev qarorda belgilangan vazifalar yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi. Shundan so‘ng, O‘zbekistonda mehmon bo‘lib turgan UNISEFning xalqaro konsultanti Svetlana Rijikova “Oila institutini mustahkamlash, ijtimoiy yetimlikning oldini olish” mavzusida ma’ruza qildi. Xorij, xususan, ushbu sohada eng yaxshi tajribaga ega Moldova davlati tajribasi haqida yig‘ilganlarga keng tushuncha berdi.
— Xalqimiz — bolajon. Mehribonlik uylarida tarbiyalanayotgan bolalarning 26,5 foizi kam ta’minlangan oilalar farzandlari ekanligi, 20 foizining esa ota-onasi borligi, demakki, ularni oila muhitiga qaytarish yo‘llari mavjudligini ko‘rsatadi. Shu bois ushbu qaror o‘z vaqtida qabul qilingan hayotiy muhim hujjat ekanligini alohida ta’kidlash lozim, — deydi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari D.Kenjayev.
Shuningdek, Mehribonlik uylari rahbarlari, tarbiyachilar, vasiylik va homiylik organlari xodimlariga beriladigan imtiyozlar, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning ijtimoiy himoyasi, vasiylik va homiylik organlari xodimlarining vazifalari, qarorga asosan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan olib boriladigan ishlar to‘g‘risida ma’ruzalar tinglandi.
Nazokat XOLMETOVA