Orzumizdagi tarbiya
Bola tarbiyasi qachon va qayerdan boshlanadi deganda hammamiz oiladan boshlanadi, deymiz-u, ota-ona o‘z bolasini kim qilib tarbiyalamoqchi, degan savolga ko‘pincha na ota-ona, na atrofdagilar aniq javob beroladi. Vaholanki, oiladagi tarbiyaning asosi shu savolga javob topishdan boshlanishi kerak. Shunday ekan, farzandimizni jamiyatning eng ilg‘or kishisi qilib tarbiyalash uchun nimalar yetishmaydi va nima bizga xalal beradi?
Kibor (arab tilidan olingan: kattalar, ulug‘ kishilar), aristokrat (yunon tilidan olingan: yaxshilar, aristo va kratos hukmronligi, ya’ni yaxshilar hukmronligi) so‘zlari, aslida, ijobiy xususiyatga ega bo‘lgan, ammo sovetlar tarbiyasida salbiy “ohang” olgan so‘zlardir. Bu tushunchalarni xalqimizning ongidan chiqarishga uringanlar muayyan natijalarga erishdi. Bu so‘zlarning asl ma’nolarini qaytarish va shu yo‘l bilan jamiyatimizga, ayniqsa, yosh avlod ruhiga kiborlik, aristokratlik ko‘nikma va tushunchalarini singdirish nihoyatda muhimdir.
Biz, psixologlar, ayniqsa, etnopsixologlar uchun shaxs xususiyatidagi ba’zi tarbiya belgilari orqali uning jamiyatdagi qaysi tabaqadan ekanligini aniqlash ham amaliy, ham nazariy ahamiyatga ega. Shaxsning birgina jamoat joyida, masalan, restoranda pichoq-sanchqini qanday ushlashi yoki odamlar orasida o‘zini qanday tutishiga qarab uning oilada qanday tarbiya olganligini bilsa bo‘ladi.
Aristokrat ruhidagi tarbiya bizda qadimdan bo‘lgan. Masalan, ro‘paradan kelayotgan bir guruh odamga qanday salom berishning o‘zi yoki bu guruhga o‘zini qanday tutib yaqinlashuv guruh a’zolari va yaqinlashayotgan kishining kimligini ko‘rsatib bergan. Bunday misollarni «Qobusnoma»dan ko‘plab keltirsa bo‘ladi.
Shaxs xulqidagi ilgari arzimas ko‘ringan ko‘pgina odob-axloq me’yorlari (kiborlik, aristokratlik belgilari) hozirgi kunga kelib jiddiy ahamiyat kasb etayotganini ko‘rib turibmiz. Bu bizga yangilikday tuyuladi. Aslini olganda, yaxshi tarbiya belgilari hech qachon eskirmagan. G‘arb-u Sharq, umuman, jahonning hamma taraqqiy etgan mamlakatlarida doimo yaxshi tarbiya sohiblari qadrlangan va hozir ham biror korxonaga xodim olmoqchi bo‘lganlarida uning odob-axloqiga katta e’tibor qaratiladi.
Psixologlarning so‘rovlarida kishining kiyinishi, o‘zini tutishi va shunga o‘xshash odob-axloq normalari shaxsning ijtimoiy o‘sishida, xizmat karyerasida amaliy yordam beradimi, degan savolga 80—90 foiz respondentlar ijobiy javob bergan. Shunday ekan, biz yoshlarimizni kiborlar, aristokratlar ruhida tarbiyalashimiz kerak.
G‘arb mamlakatlarida bu yo‘nalishda ko‘pchilikka ma’lum va mashhur D.Karnegining mashg‘ulotlari, olmon olimi U.Fenner va boshqa mutaxassislarning biznes faollari uchun tashkil qilgan amaliy seminarlari katta shuhrat qozongan. Aytaylik, U.Fenner seminarida faqatgina salomlashish yoki xayrlashishni o‘rgatish uchun soatlab ishlash mumkin.
Xizmat doirasida hamkasblar bilan bo‘ladigan suhbat, ish yuzasidan olib borilgan muzokaralar, va ayniqsa, bu muzokaralardan keyin bo‘lg‘usi hamkorlik oldidan biron restoranda tashkil qilingan mehmondorchilik va tomonlarning bir-birini kuzatishlari qanchalik ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlash shart bo‘lmasa kerak. Axir, o‘zingizni tutishingizga qarab hamkoringiz muayyan xulosalar chiqaradi. Xulqingizdagi nuqsonlar namoyon bo‘lib qolsa, hamkoringiz keyinchalik shartnoma tuzish fikridan qaytishi mumkin.
Demak, faqat ushbu misollarning o‘zigina yoshlarimiz xulqiga kiborlik xususiyatlarini singdirish vaqti yetib kelganini ko‘rsatadi.
Yaxshi odat va ko‘nikmalar har bir shaxsga nafaqat ishda, balki oilada, oddiy hayotiy jarayonlarda ham o‘ta zarur. Ular sizning qadringizni, obro‘ngizni, boshqalar oldida hurmatingizni oshiradi.
Taraqqiy etgan mamlakatlarda uchraydigan psixologik muammolardan biri bu — yolg‘izlik. Ya’ni, atrofida odamlar ko‘p bo‘lishiga qaramay, kishining o‘zini yolg‘iz sezishi. Ko‘p hollarda biz jamiyatda o‘zini yolg‘iz his etuvchilarni unchalik yoqtirmaymiz, hatto ularni fe’li og‘ir, kibor, qorasi bosadi, ko‘pga qo‘shilmaydi va shunga o‘xshash so‘zlar bilan qoralaymiz. Ya’ni, aslida unga bizning qiliqlarimiz yoqmaganligi haqida o‘ylab ham ko‘rmaymiz. Chunki biz «hamma bir xil» deb tarbiya topganmiz. Bugungi kunda hali ko‘pchiligimizning ijtimoiy tarbiyamiz zamon talablariga mos kelib, ya’ni joyiga tushib ulgurmagan.
Buyuk bobomiz Abu Nasr Forobiyning fikricha, odamlar orasidagi daraja va maqom madaniy jamiyatda ham tabiiy (jismoniy va ruhiy) va irodaviy (ruhiy, ilmiy va tarbiyaviy) jihatlarga ega bo‘lishi tabiiy holdir. Forobiy fikricha, odamlar daraja bo‘yicha teng emas va ularning teng huquqqa ega emasligi nisbatan tiynatidan kelib chiqadigan va Olloh tomonidan belgilangan tabiiy hodisadir.
Bunday kishilarga nisbatan qo‘llaniladigan «qorasi bosadi» iborasiga kelsak, qora so‘zi, turkiycha bo‘lib, asl ma’nosiga ko‘ra katta tushunchasini beradi. Qora dengizni tim qoraligi uchun shunday atamasligimizni eslaylik, bu, aslida, katta dengiz ham degani. O‘zbek tilidagi yana bir frazeologik iborada «qora terga tushish» aytiladi. Bu o‘rinda ham gap juda katta, ko‘p ter to‘kish haqida boryapti. Demak, qora so‘zi ham kibor, katta ma’nosida kelyapti. Bunday odamlarning hammasi ham biz o‘ylagancha oddiy, faqat jismonan katta yoki qo‘pol kishilar emas, ma’lum ma’nodagi kiborlar, o‘zini tarbiyasida nuqsoni bor kishilardan olib qochadigan yaxshi ma’nodagi kiborlardan bo‘lishi mumkin. Ayni shular ko‘pincha o‘zlarini jamiyatda, ayniqsa, sovetlar jamiyatida o‘ta yolg‘iz sezishar edi. Bugunga kelib bunday kishilar jamiyatimizda sezilarli darajada ko‘payib boryapti. Ularning ko‘pchiligi o‘z boyliklari bilan maqtanishmaydi, o‘zlarini kamtarona tutishadi va jamiyatda madaniyat, bilim, tarbiya borasida o‘zlariga teng suhbatdoshlar topolmagan paytlari yolg‘izlikni his qiladi.
O‘zini yolg‘iz sezib yurganlar, albatta, «atrofimda do‘stlarim ko‘p», deb maqtanmaydi. Aslida, to‘g‘risi ham shu, kishining hamfikr do‘stlari ko‘p bo‘lishi juda qiyin hol. Jamiyatimizda, umuman qadim-qadimda ham hamfikr do‘st kam bo‘lgan va kam bo‘ladi. Bunday kishilar doimo odam ko‘p-u, gaplashishga kishi topolmaysan, deb yashab kelishgan. Alisher Navoiyning mana bu baytini eslang:
Meni men istagan o‘z suhbatig‘a arjumand etmas,
Meni istar kishining suhbatin ko‘nglum pisand etmas...
Qadim-qadimdan bobolarimizning ziyoliligi, kiborligini ko‘rsatuvchi bir misol keltirib o‘tmoqchiman. Bu ham bo‘lsa qadimiy turk bitiklaridagi Idanfirsning sarhadlarimizga bostirib kelgan dushmanlarga ham o‘ta sipolik bilan, qolaversa, kiborona ohangda, ular bizning ajdodlarimizni qo‘rqoqlikda ayblaganlarida, «bizning kimligimizni bilmoqchi bo‘lsang, bobolarimizning qabrlarini toptab ko‘r-chi, agar shunday qilsang bizning javobimiz mana bunday bo‘ladi», deb bir qush, bir sichqon, bir baqa va besh o‘q jo‘natganini eslaylik. Mana bu bizning qonimizdagi qadimiy asl kiborlik namunalaridan biri.
Endi biz faqatgina farzandlarimizning oliy o‘quv yurtlarida bilim olishiga emas, ularning yuqori tarbiya namunalaridan ham xabardor bo‘lishiga e’tibor qaratyapmiz. Ikki institutga kirib o‘qish mumkin bo‘lib turgan bir paytda o‘sha institutlarning qay biri obro‘liroq va berayotgan diplomining qadr-qimmatini surishtiradigan bo‘ldik.
Jamiyatda o‘z o‘rnini topib borar ekan yoshlarning bir qismi o‘rtamiyonalikdan ham tubanlab borayotgan bo‘lsa (bu, albatta, yaxshi emas!), boshqalari, asosan, ko‘pchilik sekin-asta o‘z tiliga e’tibor berib, shaxsiy xususiyatlariga yaxshi ma’noda kiborlik namunalarini singdirib boryapti.
Masalaning asosiy tomonlaridan biri, qanday qilib yoshlarimizning ko‘pchiligini mana shu kiborlik, aristokratlik ruhida tarbiyalash. Biz sovet tarbiyaviy falsafasidan, uning nazariy va amaliy namunalaridan butkul voz kechishimiz kerak. Bulardan biri — qadimdan insoniyat inobatga olib kelayotgan va bugun ilmiy yutuqlar bilan tasdiqlanayotgan irsiy belgi — odamlarning baravar qilib yaratilmaganligini tan olish. Shundagina biz tarbiyaga bag‘ishlangan buyuk kitoblar «Avesto»dan boshlab, «Qobusnoma»gacha, Muhammad Solihning «Adab us-solihin» asaridan Abdulla Avloniyning «Turkiy guliston yoxud axloq» kitobigacha, Abushiyning «Turkiy qavmlar tarixi» yoki turk xoqonliklariga bag‘ishlangan kitoblaridan tortib «Javohir ul-hikoyat»gacha va boshqa minglab tarix, tarbiyaga bag‘ishlangan kitoblarimizni to‘g‘ri tushuna boshlaymiz.
Kechagina jamiyatda eng yomon ko‘rilgan tabaqa bu ziyolilar edi. Ko‘chada shlyapa kiygan kishini ko‘rganda ba’zilar undan qo‘rqsa, boshqasi mazax qilardi.
Bu tushuncha va iboralar zamiridagi odat va ko‘nikmalarda, psixologlarning tili bilan aytganda, o‘zganing shaxsini hurmat qilmaslik, pedagogik til bilan aytganda, tarbiyaning yetishmasligi yotar edi. Bugungi kunda bu kamchiliklar yoshlarimiz orasida, jamiyatimizda tabiiy holda kun tartibiga chiqib, o‘z yechimini kutyapti. Demak, bizning psixolog va tarbiyachilarimiz bu talabni qondirmas ekan, ular jamiyatning o‘zi tomonidan boshqa yo‘llar bilan, albatta, katta qiyinchilik va uzoq vaqt, katta mehnat evaziga qondiriladi. Ya’ni, yoshlarimiz ertangi kunda dunyoning nufuzli oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olib, jamiyatimizga kiborlar bo‘lib, ammo o‘zimizning mingyillik urf-odatlarimizni emas, o‘zlari ijtimoiylashib ulgurgan jamiyatning kiborlik unsurlarini o‘zlariga singdirib qaytishni boshlashadi.
Bugun xohlaymizmi-yo‘qmi, jamiyatda yuqori tabaqa tushunchasi bor, bu tabiiy hol va kundan kunga katta kuchga ega bo‘lib boraveradi. Bu tabaqa vakili bo‘lish uchun ko‘pchilik o‘ylaganday faqat katta mol-mulk egasi bo‘lish kifoya qilmaydi. Katta mol-mulk egasi bo‘lsa-yu, ilmi, farosati bo‘lmasa, u haqida bechoraning puldan boshqa hech narsasi yo‘q, deyishadi. Ba’zilar o‘sha katta boylik egasi bo‘lgani holda vaqtini maishatxonalarda o‘tkazishga kirishadi va bir kuni ularning ayrimlari: «Gaplashay desang, odam topolmaysan kishi», deyishadi. Chunki shu holga yetib kelgani uchun aybni o‘zidan izlamaydi. Chunki ularning orasidan ham ovqat yeyishning o‘zi birgina fiziologik ehtiyojni qondirish bo‘libgina qolmasdan, fransuz mutafakkiri aytganiday, alohida san’at ekanligini tushunib yetadiganlar chiqadi. U ishxonada kiyiladigan kiyimning oshxona kiyimidan farq qilishini tushunadi. Atrofdagilar esa oshxonaga ishxonadagi libosida kelganidan, ular o‘z vatandoshi ekanidan vijdonan qiynaladi. Chunki u kechagi ziyolilik bosqichidan allaqachon kiborlik bosqichiga o‘tgan va o‘tyapti.
Ziyolilikning o‘zi qanchalik qiyin yuk, og‘ir mehnat va bilim talab qiladi. Shunday ekan, kibor, aristokrat deganda salbiy bo‘yoqlarda emas, aksincha yengil, oddiy, fikri tiniq, teran, suhbatlashsang huzur qiladigan kishilar tushunilishi kerak.
Baxtli hodisa: o‘tgan asrning yetmishinchi yillari men miriqib suhbat qiladigan kishilardan biri ham aynan shunday insonlardan edi. U kishi hech qanday sovet institutlarini tamomlamagan bo‘lsa ham bir necha fan nomzodiga maslahatchilik qilgan, bilimdon inson Mullo Mamarizo edi.
Kiborlik, aristokratlikning asosiy qismini muloqot madaniyati tashkil qiladi. Kiborlik «hamma» bilan suhbatlasha olish san’atidan, mahoratidan boshlanadi.
Ammo psixolog sifatida aytishim mumkin, kamtarlik ham — ma’lum ma’nodagi kasallik.
Oliy darajali majlislarda, hatto oddiy suhbatlarda ham tilga olinmaydigan mavzular haqida bobolarimiz «Qobusnoma», «Qutadg‘u bilig» va boshqa shunga o‘xshash kitoblarda aytib o‘tishgan. Bunday majlislarda tilga olinmaydigan mavzular jumlasiga pul, boylik, kishining siyosiy qarashlari, diniy e’tiqodi va eng muhimi, majlis qatnashchilarining dardlari, kasalliklari kiradi.
Kiborlikning aniq belgilaridan biri majlis ahli boshlagan mavzuni o‘zingiz bilgan doirada davom ettirib turish va hech qachon «Falon kitobni o‘qiganmisiz?», mabodo suhbatdoshingiz o‘qimagan bo‘lsa, «Shuni ham o‘qimaganmisiz?!», deb uni noqulay ahvolga solmaslik. Ya’ni, boshqalar obro‘siga putur yetkazmaslik, ularni xijolatga qo‘ymaslik.
Men farzandining nihoyatda tarbiyali, bilimdon, bir so‘z bilan aytganda, kibor, aristokrat bo‘lishini xohlamagan ota-onani bilmayman. Ammo hamma gap farzandimiz shunday kishi bo‘lib yetishishiga qanday qilib erishishimizda. Buning uchun oilada bugundan boshlab yaxshi odatlarni ular ruhi va shaxsiyatiga singdirib borishimiz kerak.
Oilami, maktab, ko‘cha-ko‘y yoki institut — qaysi tarbiya o‘chog‘i bo‘lmasin, olingan yaxshi odat va bilimlarni shaxs amalda oilada qo‘llay boshlashi zarur. Shundagina u oliy darajadagi majlisdagina emas, oddiy yig‘ilishda, hatto oilasida ham o‘zini qanday tutishni biladi. Misol uchun, biror narsani to‘kib yuborganni yoki o‘sha narsaning to‘kilganini ham «sezmaydi» va sezib qolgan taqdirda ham noqulay ahvolga tushib turgan kishini boshqa biron harakat yoki so‘zi bilan mulzam qilmaydi.
Asl kibor bo‘lib o‘smagan, ammo o‘zini aristokratlardan sanab yurgan odam ham vaqti kelib biron noqulay va nojo‘yaroq harakat va so‘zi bilan boshqa birovni ranjitib qo‘yishi mumkin. Asli shunday bo‘lar ekan, deb holatni o‘z yo‘nalishiga tashlab qo‘yishimiz kerak emas. Yashash tarzimizni, bolalarimiz tarbiyasini kundan kunga yaxshilash, kelajak avlodimizni asl kiborlar qilib tarbiyalashga kirishishimiz, tarixiy «menimiz»ni tiklashimiz lozim.
Oldimizda ikkita yo‘l turibdi. Birinchisi, hozirgi holatdan qoniqqan holda barchasiga qo‘l siltab, shunchaki yashash. Ikkinchisi va qiyini — jahon sivilizatsiyasi yutuqlarini o‘zlashtirgan xalqlar ma’naviy boyligini va o‘z tariximizdagi boyliklarni ruhimizga singdirgan holda ilgarilab ketgan xalqlarni tezlikda quvib yetish va kerak bo‘lsa, o‘zib ham ketish. Buning uchun bizda tarixiy ma’naviy boylik, ruhiy, irsiy, milliy va boshqa imkoniyatlar yetarli.
Anjumanlarda qo‘l telefonda gaplashganlarni «Qobusnoma»dagi «majlisda yoningda o‘tirganlar bilan shivirlashib gaplashma», degan maslahat bilan tartibga chaqirish mumkin. Biz muloqot alohida san’at ekanligini tan olamiz va uning bugungi zamonaviy ko‘rinishlaridan biri bo‘lmish telefonda gaplashish shaxsning tarbiyasi va kiborligiga borib taqalishini unutamiz.
Telefonda gaplashish keyinroq tarqalgan muloqot san’atlaridan biri. Ammo u umumiy muloqot san’atidan uzilib chiqqan yoki osmondan tushgan emas. Kibor odam bilan bevosita gaplashish va telefonda gaplashish aslini olganda, unchalik farq qilmaydi. Bu muloqot me’yorlarini bolalarimizga, yoshlarimiz ongiga singdirish bugunning dolzarb masalalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Muloqotning madaniy, kiborlik normalarini yoshlarimiz anglab yetsa, dars payti yoki auditoriyada ma’ruzaga xalal berib telefonda gaplashmaydi. Bolalarga telefon olib berish yoki olib bermaslik, uni ta’lim muassasasiga olib kelmaslik masalasi ham ko‘tarilmaydi. Axir, telefon faqatgina aloqa va kommunikatsiya vositasi, xolos.
Xalq madaniyati, tarbiya va uning bir qismi bo‘lmish inson xulqini shakllantirish, yoshlarimizda kiborlik ruhini tarbiyalash masalasi kimlargadir yoqmasligi mumkin. Ammo shu xalqning, shu millatning bir vakili sifatida ko‘nglimdagi bu gaplarni aytmasdan turolmadim. Jahonning eng qadimiy xalqlaridan biri bo‘lmish turkiylar va ularning asosiy bo‘g‘inlaridan biri biz, o‘zbeklar bugungi kundagi jahon tamaddunining yuqori pog‘onalaridan o‘rin olishimiz, aslini olganda, o‘zimizning o‘rnimizni qaytadan egallashimiz zarurligi va buning vaqti kelganligi ushbu fikrlarni qog‘ozga tushirishga undadi.
Mahmud YO‘LDOSHEV, psixologiya fanlari nomzodi