Respublika bolalar kutubxonasi tomonidan 40 nomdagi asarlarning audio-kitob shakli yaratildi
“Mening sevimli kitobim” loyihasi asosida Respublika bolalar kutubxonasi tomonidan 40 nomdagi asarlarning audio-kitob shakli yaratildi va keng kitobxonlar ommasiga taqdim etildi. Taqdimotda Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyev, ovozlashtirish jarayonida qatnashgan suxandonlar Rahimboy Jumaniyozov, Muqaddam Jo‘rayeva va Abbos Jumayev qatnashib, kitoblarni audio shaklga keltirish jarayonlari haqida fikr bildirdilar.
— Bugungi kunda kitobxonlik madaniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xalqimiz, avvalo, yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy, badiiy estetik talablariga javob beradigan kitoblarni yuksak sifat bilan chop etish, joylarga, ta’lim muassasalariga vaqtida va maqbul narxlarda yetkazish, milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini tarjima qilish, farzandlarimizda bolalikdan boshlab kitob, jumladan, elektron kitob o‘qish ko‘nikmasini shakllantirish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish bilan bog‘liq muhim masalalarni hal etish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini takomillashtirish, o‘zbek va dunyo adabiyotining eng yaxshi namunalarini internet tarmoqlariga joylashtirish va ularni targ‘ib qilish hamda keng kitobxonlar ommasiga yetkazish ishlarini samarali tashkil etish maqsadida Respublika bolalar kutubxonasi tomonidan xalqimiz uchun sevimli bo‘lgan asarlar — “Ikki eshik orasi”, “Sariq devni minib”, “Otamdan qolgan dalalar”, “Oq kema”, “Shamol ortidan yugurib”, “O‘zbek xalq ertaklari” kabi jami 40 nomdagi o‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyoti hamda jahon adabiyoti namunalarining audio-kitob shaklidagi variantlari yaratildi, — deydi kutubxona direktori Doniyor O‘rolov.
Taqdimotda qatnashgan yosh kitobxonlarning badiiy chiqishlari yig‘ilganlarga bahoriy kayfiyat ulashgan bo‘lsa, O‘zbekiston xalq artisti Shermat Yormatov rahbarligidagi “Bulbulcha” bolalar ashula va raqs ansambli, “Diydor” bolalar teatr guruhining chiqishlari ham katta taassurot qoldirdi.
Asolat AHMADQULOVA