XXI asr epidemiyasi
Mashhur fransuz sarkardasi Napoleon Bonapart va uning so‘nggi — Vaterloo jangi haqida tarixiy manbalar orqali ko‘pchilik yaxshi biladi. Sarkardaning o‘sha muhorabadagi mag‘lubiyati sababini tarixchilar turlicha tusmollaydi. Ular orasida aksariyat insonlarga ma’lum bo‘lmagan sabab — Napoleonni tez-tez bezovta qilgan allergiya kasalligi ham bor. Manbalarda lashkarboshi ko‘pincha boshoqli o‘simliklar gullagan vaqtda juda og‘ir ahvolga tushib qolgani, Vaterloodagi hal qiluvchi jangda ham “yozgi tumov” xuruj qilgani qayd etilgan.
Allergiya sabab jang chog‘i Napoleonning birdan ko‘zi yoshlanib, tomog‘i shishib, burni oqa boshlaydi. Arzimas ko‘ringan bu alomatlar bilan imperator qo‘shinni boshqarish tugul bemalol o‘ylashga ham majol topolmagan. Alaloqibat, sarkarda 1815-yilning iyunida jangda mag‘lubiyatga uchradi.
Tarixda Napoleon singari allergiyadan aziyat chekkan ko‘plab mashhurlar nomini keltirish mumkin. Ular orasida Lyudvig van Betxoven, Antonio Vivaldi, Charlz Dikkens, Marsel Prust, Jon Kennedi, Teodor Ruzvelt, Layza Minelli, Elizabet Teylor ham bor.
Aksariyat kishilar allergiyani zamonaviy kasallik deb hisoblaydi. Biroq tarixchilarning ma’lum qilishicha, bu xastalik nomi ilk bor eramizgacha bo‘lgan 2540-yillardayoq tilga olingan. O‘shanda Misr fir’avni Menesning shu kasallikdan vafot etgani qayd etilgan. Manbalarda yozilishicha, hukmdorni ari chaqib oladi va u bunga arzimagan hol sifatida qaraydi. Oqibatda allergiyadan vafot etadi. Bu tarixiy ma’lumot allergiyaning u qadar zamonaviy kasallik emasligini tasdiqlaydi. To‘g‘ri, uning keng tarqalishi yaqin asrlarda ro‘y bergan, ammo organizmning turli moddalarga o‘ziga xos ta’sirchanlikni namoyon etishi tibbiyot xodimlariga allaqachon ma’lum edi.
Ayrim kishilarda apelsin yoki pishloq yeganda paydo bo‘ladigan g‘alati ta’sirlanishni ilk bor Gippokrat aniqlagan. Kasallikning birinchi klinik qaydlari esa 1819-yili angliyalik Jon Bostok tomonidan yozilgan. U xastalik haqida Londondagi Qirollik jamiyatining shifokor hamda jarrohlari oldida Ko‘z va ko‘krak qafasida vaqti-vaqti bilan kuzatiladigan buzilishlar mavzusidagi ma’ruzasida batafsil ma’lumot beradi. Qizig‘i, doktorning o‘zi ham allergiyadan aziyat chekkani bois, xastalikning tumov, to‘xtovsiz aksirish, ko‘zning yoshlanishi, bosh og‘rig‘i kabi belgilarini o‘z holatidan kelib chiqib, osongina izohlaydi. Bostok avvaliga kasallikka bezgak deb nom beradi. Oradan 9 yil o‘tgach, uni yozgi shamollash, deb ataydi. Biroz vaqtdan so‘ng shunga o‘xshash holatlarni aniqlagan nemis shifokorlari uni risolalarida Bostok kasalligi deb qayd etadi.
1906-yili fransiyalik olim Klemon fon Pairk bu kasallikka nisbatan tibbiyotda ilk bor yunon tilidan olingan allergiya atamasini qo‘llaydi va xastalik keyinchalik shu nom bilan ommalashdi. Mutaxassislar o‘shandayoq immunitet va gipersezuvchanlik reaksiyasi asosida bir xil immun mexanizmlari yotishini taxmin qildi va 1911-yili Nun hamda Frimen ismli shifokorlar allergik kasalliklarni davolash uchun klinik amaliyotda birinchi marta allergen-spetsifik immunoterapiya muolajasini qo‘lladi.
Allergiya kasalligi yillar o‘tib rivojlana bordi. Uning turlari, sabablari ortgandan ortdi. Asrimizga kelib, kasallik shu qadar avj olib, hatto XXI asr epidemiyasi darajasiga yetdi. 2001–2010-yillarda dunyoda allergiklar soni 20 foiz ortgani to‘g‘risida bong urgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 2025-yilga borib dunyo aholisining teng yarmi ushbu kasallikdan aziyat chekishi mumkinligidan xavotirda. Statistik ma’lumotlar esa hozir birgina yevropaning o‘zida 150 million kishi surunkali allergiyadan aziyat chekishini ko‘rsatmoqda.
Manbalarda yozilishicha, allergiya — bu organizmning allergenlar deb ataluvchi tashqi vositalar ta’siriga sezuvchanligining ortishi hamda kasallikning turli belgilari ko‘rinishidagi immun tizimiga javob reaksiyasi hisoblanadi. Allergik kasalliklar kishilarning yoshi va jinsiga bog‘liq bo‘lmagan holda ham rivojlanishi mumkin. Ba’zan kasallikda vaqtinchalik belgilar paydo bo‘lib, allergenlar yo‘qolgach, o‘tib ketadi yoki surunkali tus oladi.
Allergiyani paydo qiluvchi asosiy omillar allergenlar bo‘lib, ular ikki turga bo‘linadi. Birinchisi, ekzoallergenlar — allergik reaksiyaning rivojlanishiga turtki beradigan tashqi muhit omillari bo‘lsa, ikkinchisi, endoallergenlar — allergik reaksiyani rivojlantirishga hamrohlik qiladigan ichki muhit omillaridir. Kasallikning birinchi turi odatda bolalarda — tashqi omillarga hali moslashib ulgurmagan hamda har qanday noodatiy ta’sirlarga o‘ta sezuvchan organizmlarda paydo bo‘ladi. Ikkinchi tur esa ko‘proq kattalarda kuzatiladi.
Aslini olganda, barchada allergik reaksiyalarga moyillik bor, biroq ba’zilarda u nisbatan yuqori darajada bo‘ladi. Bu holat nafaqat organizmning allergenlarga javob reaksiyasi ishlab chiqarilish darajasi, balki nasliy moyillik bilan ham bog‘liq.
Odamlar allergiyani gigiyenaga yetarlicha e’tibor qaratmaslikdan, deb biladi. Ammo so‘nggi vaqtlarda shifokorlar allergik reaksiyalar gigiyena qoidalariga haddan ortiq e’tibor qaratilayotgani natijasida paydo bo‘layotganini qayd etmoqda. Bu jarayonda immun tizimi o‘ziga kerakli og‘irlikni olmayotgani tufayli organizmning chidamlilik xususiyati kamayishi hamda turli noodatiy allergenlarga ta’sirchanlikning ortishi kuzatilayotgan ekan. Bundan tashqari, do‘konlarda kimyoviy sanoat mahsulotlarining ortishi va ularni tez-tez iste’mol qilishga to‘g‘ri kelayotgani ham allergik reaksiyalarni rivojlantirayotgani sir emas.
Aytish joizki, allergiya belgilari allergenlarning ilk ta’siridayoq yoki organizmga sekin-asta tushishi natijasida paydo bo‘lishi mumkin. Bunda immun tizimi qanchalik barqaror ishlasa, organizmning allergenlar ta’siriga javobi shuncha uzoq davom etadi.
Istalgan kasallik singari allergiya belgilari ham bir necha turga bo‘linadi. Odatiy allergiya eshak yemi, yo‘tal, aksirish, shishlar, ko‘zlarning sanchib og‘rishi, burun bitib qolishi bilan kechsa, kasallikning og‘ir holatida anafilaktik shok, hushdan ketish holatlari kuzatiladi. Biroq shuni unutmaslik kerakki, odatiy — chalg‘ituvchi belgilar boshqa kasallikdan darak berayotgan bo‘lishi ham mumkin. Bunday vaqtda tinchlantiruvchi dori vositalari nafaqat kasallikni davolash, balki belgilarni yo‘qotishga ham yordam bermaydi. Bunda yagona chora — shifokorga murojaat etib, to‘g‘ri tashxis qo‘yish hisoblanadi.
So‘nggi yillarda allergiyaning aqlbovar qilmas turlari yuzaga kelmoqda.
Jumladan, britaniyalik Ivonn Saymon ismli ayol bir necha yildirki, pulga allergiyadan aziyat chekadi. U kasallik tufayli naqd pul haqida butkul unutib, faqat bank kartalaridan foydalanishga majbur. Bemorning aytishicha, o‘zi va farzandlari do‘konlardan hatto qo‘lqop bilan ham qaytimlarni ololmas ekan. Yaxshiyamki, u kassir bo‘lib ishlamaydi.
Sovuqqa allergiyasi bor odamlar ham Ivonndan kam aziyat chekmaydi. Statistik ma’lumotlarda keltirilishicha, yer yuzidagi har yuzinchi kishi sovuqda paydo bo‘ladigan allergiya qurboniga aylanadi. Ushbu yoqimsiz kasallikning sababchisi tananing himoya vazifasi bilan bog‘liq. Salgina sovqotib, tishlari takillab, eti junjikkani hamon bunday kishilarning tanasini qizil dog‘ qoplaydi. Allergiyaning bu turida eshak yemi toshishi ancha xavfli. Og‘ir holatda bemor hushidan ketishi, hatto anafilaktik shok holatiga tushishi mumkin. Kasallik o‘z vaqtida aniqlanib, zarur davo choralari ko‘rilmasa, bolalarda tepki, qizamiq, kattalarda qalqonsimon bez bilan bog‘liq muammolar, disbakterioz, hatto qon saratoni kelib chiqishi mumkin. Shunday ekan, surunkali davom etadigan tumov, ko‘z yoshlanishi, tomoq qichishiga e’tiborsiz bo‘lish yaramaydi.
Hammasi ham mayli-ya, biroq odamlarga allergiyasi bor kishilarga nima deysiz? Shifokorlarning aytishicha, bunday bemorlar boshqalarning oldida to‘xtovsiz yo‘talib, aksa uradi. Britaniyalik Daren Yang ismli yigit bunga yaqqol misol. Bir necha yildirki, u xotiniga allergiyasi borligidan aziyat chekadi. Ayol bechora kosmetika vositalaridan foydalanganda yoki oddiy tish cho‘tkasini qo‘liga olganda ham erining nafasi bo‘g‘ila boshlaydi. Aniqlanishicha, Darenga yomon ta’sir etuvchi allergen — bu maishiy kimyo tarkibida uchraydigan polietilenglikol moddasi ekan. Biroq mutaxassislar odamlarga allergiya kasalligi ruhiyatning qattiq buzilishidan ham kelib chiqishi mumkinligini ta’kidlaydi.
Dunyoda hayot manbayi bo‘lgan suvga allergiyasi bor insonlar ham aniqlangan. Allergiyaning bu noodatiy turi sovuq eshak yemi deb ham ataladi. Tibbiyotda kam uchraydigan bu kasallikning kelib chiqishi sabablari olimlar uchun hamon jumboqligicha qolmoqda. Suvga allergiyasi bor bemorlarning badaniga suv tegishi bilan terisida qizil qichituvchi yallig‘lanish paydo bo‘ladi. Tibbiy adabiyotlarda shunga o‘xshash kasallikning yuzga yaqini qayd etilgan bo‘lib, ulardan birida 19 yoshli o‘spirin va 4 yoshli bolakay bir xil shikoyat — takrorlanuvchi toshmalar sababli murojaat qilgani yozilgan. Qizig‘i, toshmalar faqat badanga suv tekkanda paydo bo‘lgan, bemorlar suv ichgan vaqtda esa hech qanday asorat kuzatilmagan.
Bugun allergiyaga qarshi ko‘plab dori vositalari ishlab chiqarilayotganiga qaramay, eng samarali usul allergiya qo‘zg‘atuvchi mahsulotlar yoki holatlardan uzoq yurish bo‘lib qolmoqda.
Iroda TOShMATOVA tayyorladi.