Suyunchi bering, degim kelyapti
Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 10-maktab direktori Shohida Doniyorova, mening nazdimda, o‘quvchilarning ta’lim-tarbiyasi uchun sobitqadamlik bilan mehnat qilayotgan chinakam o‘zbek ayoli. Maktabda mo‘jazgina muzey tashkil etgan rahbar tadbirkorlik ko‘nikmalarini puxta egallagan. O‘quvchilari turli bellashuv va tanlovlarda yetakchilar safida.
Yaqinda shu maktabning 6-sinf o‘quvchisi Mironshoh Salohiddinov “Eng yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichida birinchilikni qo‘lga kiritib, viloyatga yo‘llanma oldi. Kattaqo‘rg‘on shahridagi 2-bolalar musiqa va san’at maktabida yozuvchi-shoirlar ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda Mironshohning “Onamni Makkaga olib boraman” degan she’ri meni maftun etdi. O‘zbekiston Yozuvchilar hamda Jurnalistlar ijodiy uyushmalari a’zolari Amir Xudoyberdi, Nafas Do‘sanov, Hasan Almatov, Meli Farmonov singari ustozlardan shu yigitga oq yo‘l so‘radim. Tumandagi 41-maktabda shu maktabning sobiq o‘quvchisi, ko‘ngil ko‘zi uyg‘oq shoira, umidli ijodkor Sadoqat Hamroyevaning “Ko‘ngil ko‘zgusi” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ustoz ijodkorlar Sadoqatning she’rlari haqida to‘lqinlanib gapirdi, o‘quvchilar samimiy satrlaridan parchalarni ifodali o‘qidi. She’r o‘qishga chiqqan Mironshoh tashbehlarga boy misralarni juda chiroyli, ravon aytgani uchun ko‘pchilikning ko‘nglidan joy oldi, ikkinchi marta she’r so‘rashdi. Menga so‘z berilganidan foydalanib, ustozlarga qarata: “Bugun sizdan suyunchi so‘ragim keldi. O‘n uch yil oldin iqtidorli shoirlar, adabiyotshunos Aziz Said va Temurbek Toirovga duo bergan edingiz. O‘shanda ham hayajonlanib, “Shu yigitlarga duo bering”, degan edim. Duolar ijobati o‘laroq, avval ular havas uchun yozgan bo‘lsa, bugungi kunda o‘z uslubiga ega. Respublika miqyosida chop etilgan “Ko‘klam bayozi”ga o‘n nafar kattaqo‘rg‘onlik ijodkorning she’ri kiritilgan. Ushbu maktabning iqtidorli o‘quvchisi Mironshoh va Humoyunga ham bir duo berishingizni so‘rayman”, dedim.
Ko‘pning ichida duoga qo‘l ochgan ustozlarning niyati ijobat bo‘lsin. Kattaqo‘rg‘ondan katta shoir yetishib chiqib, nazm bo‘stonidan munosib o‘rin olsin!
Aziza BOYMURODOVA, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 28-maktab direktori