Bolangiz ko‘chada janjallashsa...
Necha kundirki Usmonning kayfiyati yo‘q. Darslarda ishtiroki ham yaxshimas. Buning sababi bugun ertalab — birinchi soat darsim boshlanishida ayon bo‘ldi. Usmon dadasi hamrohligida sinfxonaga kirib keldi. 4-5 o‘quvchining bir-biriga sarosima bilan qarab qo‘yganini ko‘rdim. Usmonning dadasi Ozod, Alisher, Murod — uchovlashib o‘g‘lini urganini, kalaka qilganini aytib shikoyat qildi. Shundan so‘ng u bolalarga sergaklik bilan bir qaradi-yu, xonadan chiqib ketdi.
Bunday holatlar maktabda ko‘p yuz beradi. Bolalar-ku o‘zi urishib, o‘zi yarashib ketadi. Ammo masalaga kattalarning aralashuvi vaziyatni battar chigallashtiradi. Bolalar ayrim vaziyatlarda ota-ona, ustozlaridan himoya kutishlarini ham kuzatganman. Usmonning dadasi bolalarga po‘pisa qilmagani to‘g‘ri bo‘ldi. Shunday ota-onalar borki, farzandining tarafini olib, aybdor bolalarni o‘zi jazolashga kirishadi. Bunday yo‘l tutish bolalar o‘rtasidagi muammoning yaxshilanishiga emas, avj olishiga olib keladi. Natijada, keyinchalik otasining noto‘g‘ri ishi uchun bolani tengdoshlari yoqtirmay qoladilar.
Bunday vaziyatda jabr ko‘rgan bolaning ota-onasidan shunday harakatlarning o‘zi kifoya:
• Farzandi bilan yaqindan gaplashish, muammo nimadan kelib chiqqanini aniqlash;
• Uni koyish ham, haddan ortiq mehribonlik ko‘rsatish ham joiz emas. Chunki hali ikkinchi tomonning so‘zini eshitmadingiz;
• “Nega sen indamading, yaxshilab urmadingmi?!”, deya dashnom bermang;
• Vaziyatdan o‘qituvchini xabardor qilish va janjalda qatnashgan barcha o‘quvchilar ota-onasi ishtirokida yig‘ilish o‘tkazishni talab qilish.
Demak, eng katta mas’uliyat sinf rahbarining zimmasida:
• O‘quvchilarni bir joyga to‘plab, muammo nimada ekanligini surishtiring. Iloji bo‘lsa, kelishmovchilikka guvoh bo‘lgan o‘quvchilarning so‘ziga ko‘proq quloq tuting;
• Hech qachon muammoni bir o‘zingiz hal qilmang. Chunki istaysizmi-yo‘qmi, ba’zi o‘qituvchilar o‘zi bilmagan holda noxolislikka yo‘l qo‘yadi;
• Janjalda ishtirok etgan barcha o‘quvchilar ota-onalari ishtirokida yig‘ilish chaqiring;
• Yig‘ilishda direktorning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari va maktab psixologi ishtirokini tashkillashtiring.
• Ota-onalarga vaziyatni bosiqlik bilan, to‘liqligicha tushuntirib bering.
Bu holatda yana uchinchi tomondan ham talab etiladigan mas’uliyat borki, bu zo‘ravonlik qilgan o‘quvchilarning ota-onalariga qaratiladi:
• Farzandingizning zo‘ravonligini eshitib, darrov o‘zingizni yo‘qotib qo‘ymang;
• Vaziyatni bilmay turib farzandingiz himoyasiga kirishmang;
• Uning qo‘li baland kelganidan sevinmang;
• Farzandingiz bilan bafurja gaplashib, muammo nimadaligini aniqlang. Bunda sizdan bosiqlik talab etiladi;
• Darrov uni jazolashga oshiqmang;
• O‘qituvchining, boshqa ota-onalar va bolalarning so‘zlariga quloq tutib, tahlil qiling;
• Majlisga albatta boring!
Bunday qaltis vaziyatlar nafaqat bolalarning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, balki ota-onalar ma’naviyati, xulqi qay darajada ekanligini ham namoyon qiladi. Zero, men o‘z tajribamda farzandida ayb bo‘lsa-da, uning tarafini olib, himoya qiladigan, hech kimga so‘z bermaydiganlarni ham, hamma narsaga bosiqlik bilan qarab, holatni yumshatishga intiladiganlarni ham ko‘rganman. Eng samarali yo‘l — vaziyatni yumshatish. Chunki bu o‘quvchilar ertagayoq yana inoqlashib ketishadi. Ammo majlis chaqirilishi, vaziyat muhokama e’tilishiga befarq qarash ham to‘g‘ri emas. Sababi, zo‘ravonlik qilgan o‘quvchilar o‘z xatosini tushunib yetishi lozim.
Ba’zi ota-onalar farzandi ko‘chadan urishib kelsa, parvo qilishmaydi. O‘g‘il bola-da, deyishadi. Ammo bilingki, kunora ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan ko‘p sonli yigitlarning bir yigitni kaltaklab, og‘ir tan jarohati yetkazishi yoki o‘sha jabrdiyda bolaning hayotdan ko‘z yumishi kabi videotasvirlar ana shu kichik janjallarga befarqligimiz oqibatida vujudga kelyapti.
Shahnoza A’ZAMOVA, Yunusobod tumanidagi 272-maktab o‘qituvchisi