Aka, opa, kelinoyi — ota-onalar majlisida?
Maktabda o‘quv jarayoni uzluksiz va tanaffussiz kechadi. Ota-onalar majlisini o‘tkazadigan yoki o‘tkazmoqchi bo‘lib yurgan sinf rahbarlarini ko‘rsam, achinaman. Chunki majlisga sanoqli odam keladi. Bir dunyo dardi bo‘lgan sinf rahbarining tarvuzi qo‘ltig‘idan tushadi.
Aytilgan vaqtdan 1-1,5 soat kechikib keladigan, bu ham yetmagandek, “Menga tegishli gapingiz bormi?”, deya tezroq juftakni rostlab qoladiganlar bor. Aksariyati yaxshi o‘qiydigan o‘quvchilarning ota-onalari. Yillab maktab ostonasini ko‘rmaydigan ota-onalar qanchadan qancha? Maktabga umuman qadam bosmaydigan otalar-chi?
Bundan bir necha yil oldin Xalq ta’limi vazirligi tashabbusi bilan barcha umumta’lim maktablarida “Otalar majlisi” o‘tkazilgan edi. Ammo majburiylik elementi singdirilsa-da, o‘z samarasini bergan bu tadbirga ko‘p o‘tmay nuqta qo‘yildi. Shunday holatlar ham bo‘ladiki, majlisga ba’zan buvi, katta aka, opa va hattoki kelinoyilar ham kelishadi. Qanday qilib bu toifadagi “ota-onalar” bilan o‘smir tarbiyasi haqida gaplashish mumkin? Balog‘at davriga qadam qo‘yayotgan o‘smir o‘g‘il-qizlarning o‘zaro munosabatlari, reproduktiv salomatligi, shaxsiy gigiyenasi, jinsiy tarbiyasi, odob-axloqi, o‘zbekona an’ana va urf-odatlar xususida aka-opalar bilan suhbatlashish samara beradimi?
Farzandining sinf rahbari kim ekanligi tugul, qaysi sinfda o‘qishini bilmaydiganlar ham uchrab turadi. Mashhur pedagog P.Karamzin “Yaxshi otalarsiz yaxshi tarbiya yo‘q. Hech qaysi maktab yaxshi ota o‘rnini bosa olmaydi”, deya bejiz aytmagan. Otaning oiladagi roli o‘zbek xalqida “Otaga itoat qilish — Tangriga itoat qilish!” degan naql bilan ifodalanishini, afsuski, hamma ham anglayvermaydi.
Bola — ota-onaning andozasi. O‘z farzandi kelajagini o‘ylaydigan kishilar maktabga tez-tez kelib turishlari tarafdorimiz. O‘g‘li yoki qizining sinf majlisiga borishni istamaydigan ota-onalar katta xatolikka yo‘l qo‘yishadi. Aksincha, hech bo‘lmasa, har chorakda bir marta maktabga borib, bolasining yurish-turishi, o‘zlashtirishi, xulq-u odobi haqida surishtirib, shunga yarasha ish tutadigan ota-onalarni porloq istiqbol kutadi.
Temur RO‘ZIYEV, Nurota tuman XTB metodisti