Maktab o‘quvchilari «Yosh delegat» konferensiyasida ishtirok etmoqda
Xalq ta’limi vazirligi tomonidan joriy yilning 10-12 may kunlari yurtimiz umumta’lim maktablarining 8-11-sinf o‘quvchilari uchun «Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish» mavzusida anjuman o‘tkazilishi belgilangan edi.
Mazkur anjumanning ochilish marosimi poytaxtimizdagi “Paxtasanoat Ilmiy Markazi” mehmonxonasida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda «GLOZ82 Huquqiy madaniyatni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Doha Deklaratsiyasining amalga oshirilishi bo‘yicha Global dastur», Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotik moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi (UNODC ROCA) vakillari ishtirok etdi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Uch kun davomida o‘tkaziladigan anjumanda ishtirokchilar diplomatlar kabi BMTning rasmiy tillarida faoliyat olib boradi. Bu esa o‘z navbatida o‘quvchilarning xorijiy tillarni chuqur o‘zlashtirishiga o‘z hissasini qo‘shadi. Shu bilan birga o‘g‘il-qizlarning salohiyatini xalqaro darajada ko‘rsatib berish uchun zamin yaratadi.
Anjumanda asosan BMTning barqaror rivojlanish maqsadlari doirasidagi mavzular, jumladan, «Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish», «Atrof-muhitga sezilarli ta’sir ko‘rsatuvchi jinoyatlarning oldini olishning samarali usullarini shakllantirish», «Korrupsiyaga qarshi kurashda fuqarolik jamiyatining roli» mavzulari muhokama qilinadi.
Mazkur anjuman ikki qo‘mita, ya’ni BMT Bosh Assambleyasi hamda Jinoyatchilikni oldini olish va adolatli sudlov bo‘yicha BMT Kongressini simulyatsiya qiladi.
Ta’kidlash joizki, anjumanning bosh maqsadi Birlashgan Millatlar Tashkilotining rasmiy uchrashuvlari andozasida o‘tishini ta’minlashdir. Ahamiyatlisi, anjuman o‘quvchilarni diplomatik sohadagi yechimlar, qiyinchiliklar va eng yaxshi tajribalarni o‘rganish maqsadida birlashtiradi. Anjuman mamlakatimizning barcha o‘quvchi-yoshlarini BMT faoliyati va uni ish yuritish tizimi bilan tanishtirib, ularga omma oldida nutq so‘zlash, muammolarini yechish, diplomatik muzokara olib borishni o‘rgatadi. Qolaversa, xalqaro bilim va tajribalarni berish orqali ularni davlatimiz rivojiga hissa qo‘shish, kelgusida xalqaro hamjamiyat oldida yurtimiz nufuzini yanada oshiradigan kadr hamda ijtimoiy mas’uliyatli fuqarolar bo‘lib yetishish yo‘lida birlashtiradi.
E’tiborlisi, mazkur anjumanda ishtirok etish bo‘yicha tanlov elon qilingach, respublikamiz bo‘yicha 3000 ga yaqin o‘quvchi unda ishtirok etish istagini bildirib, hujjat topshirgan. Hududiy hamda respublika tanlovi komissiyasi orqali eng bilimli va qobiliyatli 70 nafar o‘quvchilar anjuman Nizomi asosida saralab olindi.