“Xalq kutubxonasi” xalq xizmatida
Prezidentimiz 28-fevral — 1-mart kunlari Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida “Namanganni eng kitobxon viloyatga aylantiramiz!” deya viloyat ahlini kitobxonlikka chorlagan edi. Ushbu chorlovdan so‘ng viloyatga poytaxtdan 1 million dona kitob keltirildi. Hokimlar, turli tashkilotlarning katta-kichik rahbarlari, deputatlar, ziyolilar o‘zlari o‘qigan maktablarga kitoblar sovg‘a qilishdi. Davlatimiz rahbari ilgari surgan 5 tashabbus bo‘yicha ham viloyatda muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Namangan tumani Sho‘rqo‘rg‘on qishlog‘ida ilk marotaba “Xalq kutubxonasi” foydalanishga topshirildi. Ahamiyatlisi, mazkur ezgu tashabbus ziyolilar, tadbirkorlar tomonidan xayriya asosida yo‘lga qo‘yildi. Uni qo‘llab-quvvatlagan qishloq ahli yangi kutubxonani kitoblar bilan to‘ldirishga hissa qo‘shdi. Hozir kutubxona fondida 60 million so‘mlik 3 mingdan ziyod turli adabiyotlar mavjud.
“Xalq kutubxonasi”ning ochilish marosimida qatnashgan ijodkorlar, jurnalistlar, tuman hokimi o‘rinbosarlari, sektor rahbarlari “Obod qishloq” dasturi asosida Sho‘rqo‘rg‘onda bajarilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlariga, chiroy ochayotgan manzillarga guvoh bo‘lishdi.
Ziyo ulashuvchi mo‘jazgina kutubxonadagi mazmunli, qiziqarli badiiy, ilmiy, huquqiy, ommabop adabiyotlar ko‘zlarni quvontirdi.
― Ushbu sana qishlog‘imiz tarixida unutilmas kun sifatida muhrlanadi. Chunki odamlarda mutolaaga ishtiyoq, kitobga mehr baland ekaniga yana bir karra ishonch hosil qildik. Sho‘rqo‘rg‘onimizda ilk bor kutubxona ochilgani ayni muddao bo‘ldi. Bunda bizga yaqindan yordam berganlarga minnatdorlik bildiramiz, ― deydi sho‘rqo‘rg‘onlik Zayniddin Burhonov. ― Hozir 2 nafar singlimiz ishli bo‘ldi. Ular kutubxonadan foydalanish qoidalarini aholiga tushuntirmoqda. Hamqishloqlarimiz kutubxonadan bepul va erkin foydalanadi. O‘quvchilar qulay elektron dastur asosida a’zolar ro‘yxatiga kiritiladi va belgilangan muddatlarda kitoblarni o‘qib qaytaradi. Elektron variantda o‘qish istagidagilar uchun “Telegram”dagi kanalimizga yangi nashrlar haqida ma’lumotlar, badiiy asarlarning elektron shaklini joylab boramiz.
Orifjon JO‘RAYEV