Tabiatning qon bosimi oshmoqda
Ko‘p yillardan buyon dunyo olimlarini tashvishga solayotgan masala — sayyoramizdagi global isish va uning salbiy oqibatlari borasidagi xavotirlar shunchaki vahima emas. Chindan ham to‘plangan statistik ma’lumotlar so‘nggi 130 yilda yer yuzidagi havo harorati taxminan 0,85 daraja oshganini ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, oxirgi o‘n yillikda global isish sur’ati jadallashib, harorat 0,18 gradusga ko‘tarilgani muammoning jiddiy ekanini tasdiqlaydi.
Inson faoliyati va tabiatga bevosita ta’siri natijasida yil sayin atmosfera qatlami zaharli karbonat angidrid va boshqa parnik gazlar bilan to‘lib bormoqda. Elektrostansiyalar, zavodlar, avtomobillardan tarqaladigan gazlar havoni ifloslantiruvchi asosiy omillar sanaladi. Ko‘mir va o‘tindan chiqadigan tutun ham havoda uzoq vaqt saqlanib, inson salomatligiga jiddiy xavf soladi. Olimlarning ma’lum qilishicha, 2000—2010-yillarda atmosferada parnik gazlarning so‘nggi 30 yildagi eng kuchli to‘planishi kuzatilgan. 2014-yili esa ularning havodagi zichligi rekord darajaga yetgan. Afsuski, bu miqdor yer yuzida ortiqcha issiqlik va global iqlim o‘zgarishini hosil qilish uchun yetarli.
Atmosferada parnik gazlarning ortishi natijasida sayyoramiz iqlimida yuzaga kelayotgan salbiy o‘zgarishlar 1992-yili Rio-de-Janeyroda o‘tgan “yer sammiti”da birinchi bor xalqaro darajada muhokama qilindi. 1997-yili Birlashgan Millatlar Tashkiloti atmosferadagi zaharli gazlar miqdorini barqarorlashtirish hamda ularning iqlimga ko‘rsatayotgan global ta’sirini kamaytirishni ko‘zda tutgan, iqlim o‘zgarishlariga oid konvensiyani qabul qildi. Shu yilning dekabr oyida 190 mamlakat vakillari ishtirokida o‘tgan xalqaro konferensiyaning uchinchi sessiyasida har bir davlat zimmasiga o‘z hududida parnik gazlar miqdorini yiliga 5 foizgacha kamaytirish majburiyatini yuklaydigan hujjat imzolandi.
Iqlim o‘zgarishi va havoning ifloslanishi natijasida yuzaga keladigan salbiy oqibatlarning oldini olishga qaratilgan sa’y-harakatlar jahonda har yili keng nishonlanadigan 15-may — Xalqaro iqlim kunida yanada faol tus oladi. Ushbu norasmiy bayram sanasida meteorologlar va iqlim muammolari bilan shug‘ullanadigan barcha soha vakillari insoniyatni global isishning oldini olish va kelajak avlod uchun musaffo havoni saqlab qolishga chorlaydi.
Darhaqiqat, iqlimni musaffo saqlash bugun insoniyat oldida turgan dolzarb muammolardan sanaladi. Boisi, atmosferadagi ozon qatlamining zaharli gazlar bilan to‘lishi va global isish natijasida iqlimning yomonlashishi insonlarning hayot tarziga ta’sir etmay qolmaydi. Modomiki, salomatlik bevosita atrof-muhit – toza havo, zararsiz ichimlik suvi, foydali moddalarga boy va ishonchli oziq-ovqat mahsulotlariga bog‘liq ekan, demak, iqlim o‘zgarishining umumiy oqibatlari insoniyatga ko‘p hollarda salbiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz.
Global isish haqida gapirilganida, ko‘pchilik uni shunchaki havo haroratining ko‘tarilishi deb baholaydi. Ammo bu hodisa ekstremal iqlim muammolari – qurg‘oqchilik, ocharchilik, turli yuqumli kasalliklar, suv toshqinlari va boshqa ofatlarni keltirib chiqarishi bilan dolzarbdir.
Havo harorati ko‘tarilganda qutblardagi muzliklarning erishi tezlashib, dunyo okeani va dengizlardagi suv sathi ortadi. Natijada tabiiy ofatlar, meteorologik hodisalarning yuzaga kelishi yanada jadallashadi. Ayniqsa, global isish tufayli sayyoramizda toshqinlar soni yil sayin ortib bormoqda. Keyingi yuz yillikda ularning soni yanada ko‘payishi mumkinligi olimlarni xavotirga solmoqda. Chunki toshqinlar insonlarning joni va mol-mulkiga ziyon yetkazish bilan bir qatorda, chuchuk suv zaxirasini ifloslantirib, suv orqali yuqadigan kasalliklar xavfini oshiradi. Statistik ma’lumotlarda qayd etilishicha, 1960-yillardan keyin yer yuzida ob-havo bilan bog‘liq tabiiy ofatlar soni uch barobarga ortgan. Ayniqsa, rivojlangan mamlakatlarda tabiiy ofatlar natijasida har yili 60 mingdan ortiq odam halok bo‘ladi.
Havo haroratining ko‘tarilishi keksalar uchun ham xavfli. Kuchli issiq paytida yoshi katta insonlarning yurak-qon tomir va nafas yo‘llari kasalliklaridan vafot etish ko‘rsatkichi ortadi. Birgina misol, 2003-yili yevropada qayd etilgan qo‘shimcha 70 mingdan ortiq o‘lim holatiga ham shu yili kuzatilgan jazirama issiq sabab bo‘lgan.
Global isish ta’sirida atmosfera cho‘kindilarining taqsimlanishida o‘zgarishlar paydo bo‘ladi. Bu esa chuchuk suv zaxirasi, xususan, toza ichimlik suvi tanqisligini yuzaga keltiradi. Natijada aholi orasida gigiyenaning buzilishi va diareya kasalliklari xavfi ortadi. Shundoq ham har yili dunyo miqyosida 5 yoshgacha bo‘lgan 760 ming bola diareya kasalliklaridan ko‘z yumayotgan bir paytda global isish muammoni yanada og‘irlashtiradi. Yana, suv tanqisligi ocharchilik va qurg‘oqchilikka zamin yaratadi. Asrimizning oxirlariga borib, iqlim o‘zgarishlari regional va global qurg‘oqchiliklar sonini yanada oshirishi mumkin.
Shuningdek, kuchli issiq vaqtida o‘simlik va boshqa aeroallergenlarning changlanish darajasi ortadi va ular yer yuzida 300 milliondan ortiq insonni azoblayotgan astma kasalligini qo‘zg‘atadi.
Haroratning ko‘tarilishi yana ko‘plab qashshoq mamlakatlar, xususan, Afrikadagi ayrim davlatlarda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilishini 50 foizgacha kamaytirishi mumkin. yegulik yetishmasligi esa noto‘g‘ri ovqatlanish yoki ocharchilikka olib keladi. Zero, dunyoda har yili 3,1 million kishi ana shu sababdan halok bo‘lmoqda.
Yuqoridagi muammolarni jiddiy o‘rgangan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti iqlim o‘zgarishlari tufayli 2030—2050-yillar davomida har yili qo‘shimcha tarzda 250 mingta o‘lim holati kuzatilishini ma’lum qildi. Shulardan keksa yoshdagi 38 ming kishi haddan tashqari issiqdan, 48 ming inson diareya kasalliklaridan, 60 mingi bezgakdan va 95 mingi to‘yib ovqatlanmaslikdan vafot etadi.
Aslida, iqlim o‘zgarishlari aholining barcha qatlamiga birdek salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ammo ayrim hududlar aholisi bu muammodan boshqalardan ko‘ra ko‘proq aziyat chekadi. Xususan, kichik orol-davlatlar, qirg‘oqbo‘yi rayonlar, megapolislar va tog‘li hududlar aholisiga nisbatan qiyinroq bo‘ladi. Qashshoq mamlakatlar bolalari, shuningdek, keksalar va bemorlar salomatligi xavf ostida qoladi.
Bu hali hammasi emas. Agar barcha davlatlar bir yoqadan bosh chiqarib, atrof-muhit musaffoligini saqlashga harakat qilmasa, 2100-yilga borib sayyoramizdagi havo harorati 3,7—4,8 gradusgacha ko‘tarilishi mumkin. Oqibatda fasllar almashinuvi izdan chiqib, harorat yanada keskin o‘zgara boshlaydi. Tabiiy ofatlar soni ortadi. Kuchli isishlar natijasida o‘rmonlarda yong‘in kelib chiqadi. Afrika va Yaqin Sharqda qurg‘oqchilik, Nepalda qor bo‘ronlari, Kanada va Yangi Zelandiyada esa toshqinlarga sabab bo‘luvchi kuchli jala yog‘ishi mumkin.
Global isish tufayli yuzaga keladigan ocharchilik va suv tanqisligi shimoliy hududlarda bezgak singari tropik kasalliklarning tarqalishiga sabab bo‘ladi. Bu holat nafaqat inson salomatligi, balki davlatlar o‘rtasidagi suv va tabiiy resurslar bilan bog‘liq siyosiy muammolarni keltirib chiqaradi.
Iqlimshunoslarning hisob-kitoblariga ko‘ra, atmosferada parnik gazlarning ko‘payishi natijasida 2070-yilga borib Fors ko‘rfazi davlatlarida o‘rtacha havo harorati 74—77 gradusga yetadi. Oqibatda bu hududlar yashash uchun yaroqsiz holga keladi. Sun’iy iqlim hosil qilish tizimi rivojlangan yirik megapolislar bundan mustasno bo‘lishi mumkin, biroq ularda ham odamlar faqat kechasi uydan chiqa oladi.
Chindan ham yil sayin iqlim o‘zgarishi tufayli avj olayotgan muammolar geografiyasi tobora kengaymoqda. 15-may — Xalqaro iqlim kunida aksariyat mamlakatlar asosiy e’tiborni iqlim muammolariga qaratar ekan, ularning muqobil yechimlarini topish bo‘yicha o‘zaro fikr almashadi.
Aytish kerakki, so‘nggi yillarda atmosferada to‘planadigan karbonat angidrid gazini kamaytirish borasida Fransiya, AQSh, Buyuk Britaniya va boshqa rivojlangan davlatlarda sezilarli yutuqlarga erishildi. Xususan, oxirgi 15 yilda atmosferaning ozon qatlamida parnik gazlarning to‘planishi yiliga 1,3 foizga kamaydi. Ammo bu hali yetarli ko‘rsatkich emas. Olimlarning ta’kidlashicha, iqlim o‘zgarishlarining oldini olish uchun 2100-yilga qadar atmosferaga karbonat angidrid chiqishini yiliga kamida 6,3 foizga kamaytirish zarur. Bunga bir tomondan, energiya sarflash texnologiyalari, boshqa tomondan, muqobil energiya manbalarini ishga tushirish hisobiga erishish mumkin. Shuningdek, odamlarga taklif etilayotgan xavfsiz transport vositalaridan foydalanish, shaxsiy avtomobilni faol harakat — velosiped haydash va piyoda yurishga almashtirish ham atmosferada uglerod to‘planishi va havoning ifloslanishini kamaytiradi.
Insonning yashashi va nafas olishi uchun, shubhasiz, toza havo kerak. Garchi zamonaviy dunyoda allaqachon hayotimizga kirib kelgan avtomobillar, yonuvchi qazilmalardan birdan voz kecha olmasak-da, sayyoramizdagi har bir kishi atrof-muhit tozaligi, tabiat musaffoligi, tabiiy boyliklarning tejalishi tarafdori. Shu bois, Xalqaro iqlim kuni nafaqat ekologik xavfsizlik mutaxassislari, iqlimshunoslar, tabiatni saqlash tuzilmalari va ilmiy xodimlar, balki butun insoniyatning bayramidir.
Iroda TOShMATOVA tayyorladi.