Oddiy bo‘lmagan kunlar hikmati
Kasbini sevgan muallimga uning mashaqqatlari ham huzur baxsh etadi. Aslida maktabdagi har bir kunimizning o‘zi hikmat. Ba’zan o‘quvchilarni kuzatib ham ulardan ibrat olsa bo‘ladi.
“Mening dadam odobsiz”
Odobnoma darsining 1-sinfdagi tahlili yakunida bolalarga biroz pand-nasihat qilib qo‘ymoqchi bo‘ldim: “Bolalar, har doim uyga kirganda salom berish kerak. Odobli bola maktabdan qaytganda barchaga salom berishni kanda qilmaydi. Sizlar ham…
Shu payt oldingi partada o‘tirgan Nasiba “Ustoz, mening dadam odobsiz ekan-da, har doim uyimizga kirib kelganda hech kimga salom bermaydi”, desa bo‘ladimi? Vaziyatdan chiqish uchun og‘iz juftlagan edim hamki, uchinchi partada o‘tirgan Ilyos gapga qo‘shildi. “Mening ayam esa “ikki”chi, — dedi u hammani lol qoldirib. — Har kuni menga dars qildiring, desam, kitobing inglizcha, men bilmayman, deb o‘qitmaydi”.
Pedagog bunday vaziyatga ko‘p duch keladi. Lekin muallimlik mahorati shunday paytda ish berishi va o‘quvchining salbiy xulosalarini o‘zgartirishga xizmat qilishi kerak. O‘quvchi har qadamda kattalarni kuzatadi, ularni ko‘rib fikrlashni o‘rganadi. Shu zaylda ularda atrof-muhitga munosabat shakllanadi. Shunday ekan, hurmatli kattalar, dilbandlarimizga har qadamda namuna bo‘laylik. Bu bizdan ozgina intilish, mehnat talab etadi, xolos.
Saxiylik bobida Muhammadamin birinchi
6-sinf darsidaman. O‘quvchilarning xayolot olamini rivojlantirish, beg‘ubor orzu-istaklarini tinglab, zavqlanish maqsadida darsning mustahkamlash qismida muammoli vaziyat yaratib turaman: “Zolushkaning uchta yong‘og‘i qo‘lingizga tushib qoldi. Birinchi yong‘oqdan chiroyli kiyim, ikkinchi yong‘oqdan ajoyib shirinliklar, kompyuter, mashina va hokazolarni so‘rab bo‘ldingiz. Lekin insonning istaklari ko‘p, orzulari cheksiz. Sizda oxirgi yong‘oq, ya’ni oxirgi tilak qoldi. Yaxshilab o‘ylang, siz bu yong‘oqdan nima so‘rar edingiz?”.
Sinfda g‘ala-g‘ovur boshlandi. Barcha o‘z javobini eng tog‘ri deb hisoblardi:
— Maktabimizdagi hamma xonaga eng zo‘r kompyuter qo‘ydirardim!
— Ota-onamni haj safariga olib borardim, sizni ham birga olib ketardim, ustoz!
— Sinfimizdagi har bir bolaga bittadan futbol to‘pi sovg‘a qilardim!
— Ertangi tadbirda bizning sinf g‘olib bo‘lishini so‘rardim!
— Sinfdoshim Gulbahorga 100 ta kitob sovg‘a qilardim. U kitob o‘qishni juda yaxshi ko‘radi!
Bolalarning javobi qanday ajoyib. Har birida ezgu istak barq urib turibdi. Ularni tinglaganim sari bolalardek quvonar edim.
Shu payt tabiatan kamsuqum, tortinchoq Muhammadaminning har doimgidek gurungdan o‘zini chetga tortayotganini sezib qoldim. Daf’atan xayolimga keldi: u-chi, u so‘nggi sehrli yong‘oqdan nima so‘ragan bo‘lardi? “Muhammadaminni ham eshitaylik-chi”, dedim uni dadillikka chorlab. Hamma sergak tortdi. Nigohlar unga qaratildi. Hayajondan qizarib ketgan Muhammadamin do‘stlariga bir-bir qarab oldi-da, shunday dedi: “Men oxirgi yong‘oqdan o‘ziga o‘xshagan sehrli yong‘oqlar ko‘-o‘p, mana shu xonamiz to‘la bo‘lishini so‘rar edim!”. Birdan bolalar kulib yubordi va Muhammadaminga dakki bera boshladi:
— Boshqa tilaging yo‘qmi? Shuncha yong‘oqni nima qilasan?
— Chaqib yesa kerakda-a?” degan xitoblar yog‘ildi.
— Shuncha yong‘oqni nima qilishini o‘zidan eshitaylik-chi!”, deyman yana Muhammadaminga yuzlanib.
— Men bu yong‘oqlarni barcha do‘stlarimga tarqatib berardim. Ular o‘z tilaklariga erishishardi.
— Xona birdan suv quygandek jimjit bo‘lib qoldi. Bu javob oldida “dono”, “o‘zbilarmon” o‘quvchilar bilan birga men ham hayratda qolgan edim. Barakalla, Muhammadamin! Men uning shunday kutilmagan va har kimnikidan ko‘ra antiqa javobini kutgandim. Chunki tortinchoq bolalarning aksariyatida boshqalardan farqlanib turadigan ziyraklik bo‘ladi.
Azizlarim, biz ba’zan saxiylikni rivoyatlardan, boy-badavlat odamlarning ehsonidan qidiramiz. Ammo bolajonlarimiz qalbidagi cheksiz samimiyat va mehrdan ortiq saxiylikni hali uchratmadim.
Haydovchimi, oshpaz? Balki shifokordir!
Inson ishdan uyga, uydan ishga qatnayverib, kunlari oddiy va zerikarli o‘tayotganidan nolib qoladi. Biroq o‘qituvchining kunlari oddiy bo‘lmaydi. Chunki bu kunlar ne-ne bo‘lajak buyuklar, daholarning kashf etilishiga zamin bo‘ladi. Axir, butun dunyoga dovrug‘ solgan Hazrat Navoiy qalamni ixtiyor etgani yoki buyuk sarkarda Zahiriddin Muhammad Boburning nabirasi Akbarshohning bolalarcha g‘alabasiga nohaq baho berilganda, mag‘lubiyat alamidan tuproqqa dumalab yig‘lagani ham oddiy ko‘ringan, ammo oddiy bo‘lmagan kunlarda ro‘y bergan emasmi…
Xullas, ana shunday oddiy bo‘lmagan kunda sevimli o‘quvchilarimga uyga vazifa qilib insho yozib kelishni topshirdim. Mavzu: “Shirinso‘zlik, eng avvalo, qaysi kasb egasiga kerak?”.
Ertasiga insholar yozib kelindi. Yana ajoyib, bir-biridan qiziq fikrlar. Doimgidek, sodda a’lochi bo‘lmagan O‘tkirning inshosi (garchi imlo xatolari bo‘lsa-da) e’tiborimni tortdi. “...Mashinaga chiqsam, haydovchi qo‘pollik qilsa ham manzilimga yetib boraman, juda bo‘lmasa, yarim yo‘lda tushib qolaman. Oshxonaga kirsam, oshpaz qattiq gapirsa, chidab ovqatlanib olaman. Chunki qornim och, majburman. Lekin shifokor badjahl bo‘lsa-yu, bemor odamga qattiq gapirsa, darding yana ham kuchayib ketsa kerak. Demak, shirinso‘zlik, avvalo, shifokorlarga kerak”.
O‘tkirning ma’noli mushohadasidan o‘yga cho‘mib, unga savol beraman: “Nahotki o‘qituvchilarga shirinso‘zlik shartmas, deb o‘ylaysan?”. Javob yana bolalarcha beg‘ubor bo‘ldi: “O‘qituvchilar ustoz-ku! Ularga bu savolni qo‘yish umuman kerakmas. Ular har qanday holatda — haq”.
Bola o‘z javobini berdi, ketdi. Men esa yana chuqur o‘yga tolaman: “O‘qituvchini har kimdan ustun qo‘ygan bolajonning ishonchini oxirigacha oqlash uchun biz, muallimlar xato qilmasligimiz kerak. Agar nogahon bir o‘qituvchi unga qo‘pollik qilsa, bolaning qalbidagi ustoz haqidagi yuksak ehtiromga putur yetadi”.
Mavludaxon MUQIMOVA, Asaka tumanidagi 6-maktab o‘qituvchisi